11 Fevral 2023 yil 557

“Bobur – mohir sarkarda va xalqparvar podshoh”

Qashqadaryo viloyati IIBda “Bobur – mohir sarkarda va xalqparvar podshoh”mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati, tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari, Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi ishtirok etdi. Uni boshqarma MMI va KBTX boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Shermuxammad Muslimov ochdi.

Yig‘ilishda so‘z olgan Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Sherzod Akramov so‘zga chiqib, otasi fojiali ravishda hayotdan ko‘z yumgan Zahiriddin Muhammad Bobur 12 yoshda mamlakat taxtiga o‘tirganda Umarshayx Mirzo saltanatidagi bir qancha beklar va hokimlar yosh hukmdorga bo‘ysunmaydi, hatto o‘z amakisi va tog‘asi ham unga qarshi chiqqani uning hukmdorligining dastlabki 2–3 yilini o‘zaro nizo va kelishmovchiliklarni bartaraf etishga, o‘z mavqeini mustahkamlashga sarflaganini ta’kidladi.

Bobosi Amir Temur saltanatini qayta tiklash maqsadida 1495–1496 yillarda va 1497 yilda 7 oylik qamaldan so‘ng Samarqandni qo‘lga kiritadi. Ammo turli iqtisodiy, harbiy va boshqa qiyinchiliklarga duch kelavergach, yuz kundan keyin shahardan chiqib ketadi.

Bobur ikkinchi marta Samarqandni 1500 yilning kuzida egallaydi. Kelasi yil bahorida Shayboniyxon katta qo‘shin bilan bostirib keladi. 1501 yil aprelida bo‘lgan jangda Bobur Mirzo mag‘lubiyat alamini tortadi.

1501–1504 yillarda Bobur Mirzo Afg‘onistonga yo‘l oladi. G‘azni va Kobul shaharlarini egallaydi. 1507 yilda esa Hindistonga yurish qiladi. Dastlabki urinishi ko‘zlagan natijani bermaydi. 1519 yildan bu o‘lkani egallashga jiddiy kirishadi. Bir necha harbiy yurishlari muvaffaqiyatli kechadi. Nihoyat 1526 yilda Panipatda Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning 100 ming kishilik lashkarini 12 ming kishilik qo‘shini bilan yengib, bu shaharni qo‘lga kiritadi. So‘ng Rano Sangoni mag‘lubiyatga uchratib, Shimoliy Hindistonning juda katta qismini egallaydi. Ushbu muhorabada to‘plarni ishlatadi. Shundan so‘ng Bobur Hindiston zaminida ulug‘ saltanat barpo qiladi.

Boburiylar bu o‘lkada 300 yildan ortiq, ya’ni inglizlar istilosigacha hukmdorlik qilishadi.

Bobur davlat boshqaruvi bilan birga nazmiy va nasriy yo‘nalishlarda ijod ham qiladi. Uning “Boburnoma” asari jahon adabiyoti va manbashunosligidagi muhim va noyob, o‘zbek adabiyotida dastlabki nasriy memuar va tarixiy ilmiy asar. Bundan tashqari, Bobur adabiyotdagi she’riy vaznlar va usullar haqida ilmiy asar, bir qator radifli g‘azallar va ruboiylar ham bitgan noyob va dilbar shaxsdir.   

Hindistonning taraqqiyotiga Bobur va uning avlodlari beqiyos hissa qo‘shishadi. Avvalambor, mamlakatni birlashtirib, markaziy hokimiyatni kuchaytiradi. Natijada o‘zaro urushlar barham topib, yurtda tinchlik-osoyishtalik hukm suradi. Bu esa madaniyatning, savdo-sotiqning rivoj topishiga qulay shart-sharoit yaratadi.

Bobur xalqparvarlik bilan ilm-u fanni taraqqiy ettirish, mahalliy aholining dini, urf-odatlarini hurmat qiladi. Shuning uchun ham buyuk hind xalqining mehr-u muhabbatini, hurmatini qozonadi.

Text to speech