22 Oktyabr 2022 yil 300

“Beqiyossan, iftixorimsan - ona tilim”

21 oktyabr – O‘zbek tili kuni bayrami munosabati bilan Qarshi shahridagi 18-sonli “Nurli maskan” maktab-internatida “Beqiyossan, iftixorimsan - ona tilim” mavzusida tadbir o‘tkazildi.Tadbirda so‘z olganlar o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 33 yil to‘lishi munosabati bilan mamlakatimizda qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilayotgani, unda til – davlat timsoli, mulki, ruhi, millatning madaniy va ma’naviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixi ekanligini qayd etishdi. Shu bois tilimizni e’zozlash, uning davlat tili sifatidagi maqomi, jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, yosh avlodni ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalash hamisha dolzarb ma’naviy burch ekanligi ta’kidlandi. Yoshlarga til bilish barcha muvaffaqiyatlarning garovi ekanligini, har bir inson avvalo o‘z ona tilini, qolaversa boshqa tillarni sevib o‘rganishlari zarurligi tushuntirildi.O‘quvchilar tilning qudratini aks ettiruvchi, uning ahamiyati kishilar taqdirida muhim rol o‘ynashini kichik sahna ko‘rinishi orqali aks ettirib berdilar. Ayniqsa, o‘quvchilarning  she’riy usulda yozilgan tinish belgilarning xususiyatlarini aks ettiruvchi chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi. Yakunda o‘quvchilar tomonidan o‘qilgan she’rlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Text to speech