1 Mart 2021 yil 740

Bahorga hamohang umr va ijod

Ona diyorimizga oʼzining bor jozibasi, latofati-yu fusunkor tarovati bilan goʼzal bahor fasli kirib keldi. Bayramlar-u dilbar lahzalarga boy bu faslning ilk kunida xalqimizning sevimli va ardoqli shoirasi Zulfiyaxonim tavalludini keng nishonlaymiz. Zero, Zulfiya Isroilovaning ibratli hayoti, betakror ijodi ham bahor bilan uygʼunlashib ketgandek goʼyo. Shoiraning harorat bilan bitilgan ehtirosli satrlarida bahor nafasi, hayotsevarlik ruhi ufurib turadi. Uning sheʼrlarida vatanga muhabbat, insonlardagi mehr-oqibat, bunyodkorlik qudrati tarannum etiladi, oʼzbek xotin-qizlariga xos boʼlgan vafo, pok sevgi va sadoqat tuygʼulari ulugʼlanadi. Zulfiyaxonim suyukli va sadoqatli yor, farzandlariga mehribon ona, yurtiga va xalqiga muhabbati cheksiz shoira edi. Uning dilbar sheʼrlarini mutolaa qilish, sermazmun faoliyatini, ibratli hayotini oʼrganish har birimizni ezgulikka, nafosatga chorlaydi, komillikka daʼvat etadi.
Bugun-bahorning ilk kunida Oʼzbekiston Respublikasi IIV Qashqadaryo akademik litseyida oʼzbek xalqining eʼzozli shoirasi Zulfiyaxonim tavalludining 106 yillik sanasi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbir oʼzgacha ruhda, bayramona kayfiyatda oʼtdi. Аkademik litseyning ona tili va adabiyot fani oʼqituvchilari Moʼʼtabar Ravshanova hamda Marhabo Yeralovalar barchaga Zulfiya Isroilovaning hayoti va ijodi haqida maʼlumotlar aytib, qiziqarli mushoirani boshlab berishdi. Oʼquvchilar tomonidan Zulfiya va Hamid Olimjon qalamiga mansub sheʼrlar oʼqildi, ularning ibratli umridan hikoya qiluvchi sahna koʼrinishlari namoyish etildi. Bahorni madh etuvchi qoʼshiq va raqslar esa tadbirga koʼtarinki ruh va fayz bagʼishladi.

 

Oʼzbekiston Respublikasi IIV Qashqadaryo akademik litseyi oʼqituvchisi Eralova Marxabo

Text to speech