Аyoldan boshlanar kelajak asli
Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida 8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosaьati bilan “Аyoldan boshlanar kelajak asli” mavzusida “Maʼrifat darsi” boʼlib oʼtdi. Unda viloyat IIB rahbariyati, sohaviy xizmatlar xodimlari, viloyat Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari ishtirok etishdi.
Tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʼining birinchi oʼrinbosari polkovnik Jasurbek Аtaev ochdi.
Mavzu doirasida viloyat Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi shoir Turdi Haydar mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, qobiliyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoit yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʼnalishlaridan biriga aylanganini taʼkidladi. Ayniqsa, soʼnggi yillarda ularga eʼtibor yanada kuchaymoqda.
Hozirgi paytda jamiyat hayotining hech bir sohasini xotin-qizlarsiz tasavvur qilish qiyin. Ular davlat va jamoat tashkilotlarida, siyosiy partiyalarda faoliyat koʼrsatishyapti. Ayollar orasida “Oʼzbekiston Qahramoni” degan yuksak unvonga sazovor boʼlganlar soni ham ortib bormoqda. Ular yangi Oʼzbekistonni bunyod etish yoʼlida erkaklar bilan bab-baravar fidoyilik bilan mehnat qilishmoqda.
Bir qarashda noziknihol koʼringan ayollarimiz oʼz yelkalariga Vatan himoyasi, huquq-tartibot muhofazasidek mashaqqatli masʼuliyatni olishmoqda. Masalan, ichki ishlar organlarining deyarli barcha sohaviy xizmatlarida ularni uchratish mumkin. Tizimda faoliyati davomida erishgan yutuqlari uchun davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor boʼlgan xotin-qizlar talaygina.
Lekin ularning jamiyat oldidagi eng buyuk xizmati, eng ulugʼ martabasi onaligidir. Ayollar farzandni dunyoga keltirish uchun ikki yoʼl: hayot va oʼlim orasida turishadi. Qolaversa, bir parcha etni voyaga yetkazguncha qancha mashaqqat chekishadi.
Uyimizning farishtasi boʼlgan duogoʼy buvijonlarimiz, biz uchun jonini ham ayamaydigan mehribon onalarimiz, xonadonimizning sarishta bekasi boʼlgan suyukli yorlarimiz, atrofimizda parvona boʼladigan munis-u mushfiq opa-singillarimiz baxtimizga omon boʼlishsin. Ularning baxti, xotirjamligi uchun masʼul ekanimizni biz – erkaklar hech qachon unutmaylik.
Tadbirda xizmat burchiga sodiq qolib, taklif etilgan porani olmagani uchun Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi Tergov boʼlimi katta tergovchisi mayor Telman Rajabov pul mukofoti bilan taqdirlandi.