4 Mart 2023 yil 344

“Ayol – hayot charog‘boni”

Qashqadaryo viloyati IIBda “Ayol – hayot charog‘boni” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati, tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari, Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi ishtirok etdi. Uni boshqarma MMI va KBTX boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Shermuxammad Muslimov ochdi.

Yig‘ilishda so‘z olgan Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nilufar Umarova so‘zga chiqib, yurtimizda 17 milliondan ortiq xotin-qizlar istiqomat qilishini, bugungi kunda xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlarni har bir sohada, jabhada ko‘rish mumkinligini ta’kidladi. Xususan, Respublika Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tomonidan «Xotin-qizlar.o‘z» milliy platformasi yaratilib, unda mahalla xotin-qizlar faollarining sa’y-harakati bilan xotin-qizlarning anketa so‘rovnomalari to‘ldirilib, ma’lumotlar bazasiga joylashtirildi. Bu degani, har bir xotin-qizning holati, u nimaga muhtoj-u qanday yutuqlarga ega ekanligigacha aniq ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Misol uchun, 14 mingga yaqin xotin-qizlarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash choralari ko‘rildi.

Prezidentimizning 2022-yil 7-martdagi «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra xotin-qizlar ta’limiga alohida e’tibor berilayotganligi tufayli ayni paytda talabalarning 46 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

Bugungi kunda o‘nlab akademik va professorlar, fan doktorlari va fan nomzodlari, yuzlab iste’dodli tadqiqotchi xotin-qizlar bor.

Joriy yilning 19-yanvarida «Ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzuridagi «To‘maris izdoshlari» jamoaviy guruhlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilinganini ham aytish lozim. Mazkur guruhlarning asosiy vazifalaridan biri o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan qizlarning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan hamda ularning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni aniqlashda ko‘maklashish hisoblanadi.

Bundan tashqari, sohada rahbar ayollarning soni oshayotgani ham tizimda yanada samarali ishlar amalga oshirilishiga zamin bo‘lmoqda.

Tadbirda xizmatda ijobiy natijalarni qo‘lga kiritgan bir guruh xodimlarga navbatdagi maxsus unvon va pul mukofotlari tantanali topshirildi.

Text to speech