Avtomashinasidan giyohvandlik moddasi chiqgan shaxs Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar organlari xodimiga pora bermoqchi bo‘ldi
2021 yilning 24 noyabr kuni soat 10:50 larda Qashqadaryo viloyati IIB PPX va JTSB PPX bataloni va YHXB xodimlari oʼzaro hamkorlikda Qarshi shahar hududida oʼtkazilayotgan “Tigʼ” tadbiri davomida shaharning “Mustaqillik” koʼchasi boʼylab harakatlanib kelayotgan “Neksiya-3” rusumli avtomashina amaldagi “Yoʼl harakati qoidalari”ning 3.27 yoʼl belgisi (toʼxtab turish taqiqlanadi)ga rioya qilmaganligi sababli toʼxtatilib, haydovchi Qarshi shahar “Bogʼishamol” MFYda yashovchi S.I.ga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Tadbir rejasiga koʼra, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan “Neksiya-3” rusumli avtomashinaning yukxonasi koʼzdan kechirilganida, zahira gʼildiragi¬ning yonida matoga oʼralgan holda turgan shubhali buyum aniqlab olinadi. “PALL MALL” nomli sigaret qutisiga joylangan yashil rangli, oʼtkir hidli oʼsimlik giyohvandlik moddasi boʼlib, 1,84 gramm tosh bosdi.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, fuqaro S.I. oʼziga nisbatan toʼplangan hujjatlarni tergov organlariga oʼtkazmaslik va chora koʼrmaslik evaziga, Qashqadaryo viloyat IIB PPX va JTSB PPX bataloni komandiri kapitan Oybek Аmonov bilan muloqotga kirishib, 3.000.000 soʼm pul berishni taklif qilgan.
Mazkur holat boʼyicha kapitan O.Аmonov fuqaroga bu xatti-harakati qonunga zid ekanligini tushuntirsada S.I. unamaydi. Holat yuzasidan kapitan O.Аmonov IIV ShXBB Qashqadaryo viloyati boʼyicha boshqarmasi rahbariyati nomiga bildirgi bilan murojaat qildi.
Kapitanning bildirgisiga asosan, IIV ShXBB Qashqadaryo viloyati boʼyicha boshqarmasi va viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorlikda 2021 yil 24 noyabrь kuni soat 19:35 da oʼtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro S.I. Qarshi shahar IIO FMB maʼmuriy binosida O.Аmanovga bir million yetti yuz ming soʼm pullarni pora tariqasida bergan vaqtda ashyoviy-dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan fuqaro S.I. ga nisbatan jinoyat ishi qoʼzgʼatildi.