“Nurli maskan” o‘quvchilari chempionat g‘olibi
Toshkent shahridagi Ichki ishlar vazirligiga qarashli “Jar” sport-sog‘lomlashtirish markazida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2022 yil 4 may kunidagi farmoyishiga asosan, ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilari o‘rtasida “Matonat” sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvlarining respublika chempionati bo‘lib o‘tdi.
“Inson qadri uchun” tamoyili asosida nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan musobaqada respublikaning barcha viloyatlaridagi “Nurli maskan” maktab-internatlari o‘quvchilari “Matonat” sport musobaqalari va kitobxonlik bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.
Sportning paradzyudo, shaxmat, shashka, yengil atletika va yugurish turlari va kitobxonlik, tez aytish hamda bahrubayt yo‘nalishlarida bahslashgan “Nurli maskan” o‘quvchilari bor mahorat va bilimlarini ishga solib bellashdilar.
Qizg‘in va murosasiz o‘tgan sport musobaqalarida Qashqadaryo viloyati IIBga biriktirilgan Qarshi shahridagi 18-sonli ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 12-sinf o‘quvchisi Diyorbek Maydonov paradzyudo yo‘nalishida 60 kilogramm vaznda 1-o‘rinni, 10-sinf o‘quvchilari Elyor Ikromov shashka bahslarida 2-o‘rinni, Omad Eshtemirov esa yugurish bo‘yicha 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Chempionatning kitobxonlik yo‘nalishida tez aytish bo‘yicha maktab-internatning 6-sinf o‘quvchisi Shaxzoda Jumaquvvatova 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra umumjamoa hisobida 1-o‘rinni Qashqadaryo viloyati IIBga biriktirilgan Qarshi shahridagi 18-sonli ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati jamoasi qo‘lga kiritdi. G‘oliblar IIVning kubogi, diplomlari va qimatbaho sovg‘alarbilan taqdirlandi.
Qashqadaryo viloyati IIB rahbariyati, shaxsiy tarkibi va faxriylar kengashi Qarshi shahridagi 18-sonli ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati jamoasi va o‘quvchilarini qo‘lga kiritgan g‘alabalri bilan muborakbod etib, bundan keyingi o‘qish va sport musobaqalarida bundanda yuksak marralarni egallab, xalqaro musobalarda yutuqlarni qo‘lga kiritib, jahon arenalarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarishiga ishonch bildiradi.