3 Iyun 2023 yil 325

Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Shuhratjon Satvoldiyev rahbarligida viloyat sudi, viloyat prokuraturasi rahbarlari ishtirokida joriy yilning toʻrt oyida Qarshi shahrida kriminogen vaziyat sektorlar kesimida xalq deputatlari shahar kengashi deputatlari ishtirokida muhokama qilindi.



Kengaytirilgan yigʻilishda Qashqadaryo viloyati IIB, viloyat sudi, prokuraturasi, Xalq deputatlari Qarshi shahar kengashi, shaharning toʻrtta sektor rahbarlari, Adliya bo’limi, oila va mahallani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi, xotin-qizlar qoʻmitasi, “Nuroniy”lar kengashi, mahallalar beshligi va boshqa mutasaddi idoralari rahbarlari ishtirok etishdi.
Tadbirni Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Shuhratjon Satvoldiyev ochib, Qarshi shahar hududida joriy yilning 4 oyi davomida jamoat xavfsizligini taʼminlash, kriminogen vaziyat — jinoyatchilikni oldini olish va roʻy berganlarini fosh etish, qidiruvdagi shaxslarni topib, jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va bu borada yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni atroflicha tahlil etdi.
Tahlillarga koʻra, Qarshi shaharida joriy yilning 4 oyida umumiy jinoyatlar fuqarolar oʻrtasida va oila turmush doirasidagi oʻzaro janjallar natijasida yuz bergan. Aynan shu turdagi jinoyatlarning sodir etilganligiga qarab, Qarshi shahridagi 64 ta mahallalardan 34,4 foizi “qizil” va 42,2 foizi “sariq” toifadagi mahallalar roʻyxatida turgani achinarli holat. “Qizil” toifadagi mahallalar 1-sektorda 6ta,
2-sektorda 4ta, 3-sektorda 7 ta, 4-sektorda 5tani tashkil etadi.
Mazkur holatlar, oila-turmush munosabatlari doirasidagi jinoyatlarning oldini olish boʻyicha mahallalardagi “Beshlik” tizimi hamda boshqa tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari tomonidan yetarli darajada profilaktik ishlar amalga oshirilmaganligini koʻrsatmoqda.
Buning uchun jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, unga qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini taʼminlash maqsadida har payshanba kuni viloyatda barcha tashkilot, muassasa va idoralarda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” tadbirlari oʻtkazib borilishi belgilab berilgan. Shu sababli, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” tadbirini samarali olib borish, amalga oshirilgan ishlarni tahlil etib, oʻtkazilayotgan “Xavfsiz hudud”, “Turmush”, “Oʻsmir” va boshqa profilaktik tadbirlarda barcha mutasaddi tashkilotlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamjihatlikda ish tashkil etib, oʻzaro hamkorlikni taʼminlashi zarurligi ishtirokchilarga uqtirildi.
Shahar hududida sodir etilgan ogʻir turdagi qotillik, tan jarohati yetkazish va bezorilik bilan bogʻliq, ishga va oʻqishga kiritib qoʻyish hamda uy-joy olib berish bilan bogʻliq holatlar firibgarlik, kiber makonda sodir etilayotgan jinoyatlarini oldini olish maqsadida mahallalarda, tashkilotlarda profilaktik ishlarni kuchaytirish OAVlarida “Bir jinoyat izidan” koʻrsatuvi orqali jinoyatlarning salbiy oqibatlarini targʻib etish lozim.
Jinoyatlarning barchasi oʻzaro oilaviy kelishmovchiliklar va nizolar orqali kelib chiqqan. Kelgusida, oila-turmush doirasidagi jinoyatlarning oldini olish maqsadida nizoli oilalar, huquqbuzarlik sodir etib maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxslarning roʻyxatlarini shakllantirib, ular bilan keng jamoatchilik vakillari ishtirokida profilaktik tadbirlarni kuchaytirib, ushbu oilalardagi ayollarga “Himoya orderi”ni berish, muntazam ravishda spirtli ichimlik oqibatida huquqbuzarlik sodir etilayotgan oilalarda ijtimoiy–maʼnaviy, tarbiyaviy muhitni va sogʻlom turmush tarzini yaratishda ularga huquqiy maslahatlar, ijtimoiy yordamlar koʻrsatish va ish bilan band boʻlmaganlarini ish bilan taʼminlash choralarini koʻrish bugungi kun talabi.
Xulosa qilib aytganda, jinoyatlarni barvaqt aniqlab oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida ishlarni tizimli tashkil etish borasida sektor rahbarlari oldiga aniq vazifalar qoʻyildi. Bu borada Yoʻl xaritasi tuzib, amalga oshirish majburiyati yuklandi.

Text to speech