Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi
“Yangi Oʼzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida mamlakatimizda mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami Qashqadaryoda ham yuqori saviyada nishonlandi. Shu munosabat bilan viloyat IIBda tantanali yigʼilish boʼlib oʼtdi. Uni boshqarma boshligʼining 1-oʼrinbosari, polkovnik Jasurbek Аtaev ochib, Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar Vazirining barcha shaxsiy tarkibga yoʼllagan bayram tabrigini oʼqib eshittirdi.
Bayram tadbirida viloyat IIB boshligʼining 1-oʼrinbosari ichki ishlar idoralari xodimlarini mustaqillikka erishganimizning 30 yilligi bayrami bilan samimiy qutlab, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida yurtimizda oʼtgan besh yilda mustahkam, zamonaviy va tezkor ichki ishlar organlari barpo etishning huquqiy asoslari yaratildi, - dedi. - Jumladan, sohada amalga oshirib kelinayotgan islohotlar zamirida ham bosh mezon inson manfaati va el osoyishtaligini taʼminlash sifatida amalda oʼz ifodasini topgan. Mustaqilligimizni mustahkamlash, qonun ustuvorligini taʼminlash, el osoyishtaligini koʼz qorachigʼidek asrash, huquqbuzarliklar, jinoyatlarning oldini olish va pinhona sodir etilganlarini izlar bosilmay fosh etish, jamoat tartibini saqlash yoʼlida yurt posbonlari va ichki ishlar idoralari xodimlari koʼrsatayotgan mardlik, jasorat iftixorga molik. Аlbatta, tinchlik va osuda turmushga zamin hozirlashda mardlik, jasorat va matonat namunalarini koʼrsatib, kezi kelganda jonini fido etayotgan yurt posbonlarining xizmatlari alohida eʼtirofga loyiq. Osoyishtalik posbonlarining tinchlikni koʼz qorachigʼidek asrashdek mashaqqatli xizmati, zahmatli mehnatlari hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlanib kelayotir.
Tantanali yigʼilishda el osoyishtaligini taʼminlash yoʼlida jonbozlik koʼrsatib kelayotgan bir guruh xodimlarga Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 avgust kunidagi Farmoniga binoan toʼrt nafar ichki ishlar organlari xodimlari “Sodiq xizmatlari uchun”, “Shuhrat” medallari, bir guruhi esa “Oʼzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” koʼkrak nishoni bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirining buyrugʼiga binoan ikki nafar farxiy IIVning “Faxriy xodimi” koʼkrak nishoni, bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari II- va III-darajali “Benuqson xizmatlari uchun” koʼkrak nishonlari, esdalik qoʼl soati va maxsus unvonlar, faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovgʼalar bilan taqdirlandi.