2 Sentyabr 2021 yil 435

Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasi yod etilib, haykali poyiga gulchambarlar qoʼyildi.

Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik shukuhi kezib yurgan bir paytda yurtimizning barcha hududlarida Birinchi Prezidentimiz, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Аbdugʼanievich Karimovni xotirlash tadbirlari boʼlib oʼtmoqda.
Bugun ertalabdan Qarshi shahrida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov haykali poyida davlat va jamoat arboblari, hokimliklar va ichki ishlar boshqarmasi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va keng jamoatchilik ommaviy axborot vositalari vakillari, jam boʼlib, gulchambarlar qoʼyishdi.
Xotira tadbirlarida vatandoshlarimiz, keng jamoatchilik vakillari Islom Karimovning mustaqil Oʼzbekiston davlatini barpo etish borasidagi buyuk xizmatlarini yana bir bor esga oldilar. Islom Karimov nafaqat Oʼzbekiston, balki jahon miqyosida ham katta hurmat va obroʼ-eʼtiborga sazovor boʼlgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanilgan edi.
Islom Karimo oʼz faoliyati, butun ongli hayotining maʼno-mazmuni boʼlgan "Bizdan ozod va obod Vatan qolsin!" degan ezgu gʼoyani ilgari surdi va bu shior barchamizning, butun xalqimizning qalbidan chuqur joy oldi. Ulugʼ Yoʼlboshchimiz ana shu buyuk vazifani hamma vaqt, har qanday vaziyatda ham sharaf bilan ado etdi, bu yoʼlda beqiyos kuch-gʼayrati va aql-zakovatini, kerak boʼlganda, hatto aziz jonini ham ayamadi. U butun umr "Elim deb, yurtim deb yonib yashash kerak" degan daʼvatga amal qilib, kelajak avlodlar uchun buyuk ibrat maktabini yaratib ketdi.
Oʼzining noyob isteʼdodi, doimo uzoqni koʼzlab ish yuritishi, donishmandlik va olijanoblik fazilatlari bilan barchamiz uchun el-yurtga cheksiz mehr va sadoqat timsoli boʼlib qoldi.
Islom Karimovning yorqin xotirasi xalqimiz qalbida mangu yashaydi.

Text to speech