27 Noyabr 2021 yil 536

  Qashqadaryo viloyat IIB da “Korrupsiyaga qarshi kurashishda ichki nazorat tuzilmalarining ahamiyati” mavzusi ostida tadbir boʼlib oʼtdi

 

Tadbirda soʼzga chiqqan Qarshi davlat universiteti dotsenti Shaymanova Adiba Ergashevna Korrupsiya – jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan jirkanch illatdir. U demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib kelishini taʼkidladi. Jumladan, O‘z vakolatini suiiste’mol qilish turlicha bo‘lgani kabi, korrupsiya ham turli ko‘ri¬nishda yuzaga keladi. Unga faqat pora olish yoki berish emas, balki xizmat vaqtida tovlamachilik, firibgarlik, mulkni o‘zlashtirish, sovg‘a olish va berish, qarindoshchilik, mahalliychilik, lobbizm faoliyatlari ham kiradi.

 

Bunday holatlarning oldini olish uchun ichki nazorat – boshqaruv apparatining o‘zida nazoratni kuchaytiruvchi tu¬zilmalar yaratishni taqozo etadi. Xususan, Prezidentimizning 2020-yil 29-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga asosan 2020–2021-yillarda barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (komplayens-nazorat)ni bosqichma-bosqich joriy etish belgilab qo‘yildi. Shuningdek, korrupsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus mobil dasturiy ta’minotni yaratish qayd etildi.

 

Xorijiy amaliyot tahlili shuni ko‘rsatdiki, davlat va xususiy sektor ishtirokchilarining xalqaro standartlar, qonun hujjatlari va boshqa zamonaviy usullarga muvofiq samarali faoliyat yuritishini ta’minlovchi muhim vositalardan biri o‘z tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens-nazorat tizimini tashkil etish hisoblanadi.

 

2019-yilgi ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda 150 dan ortiq mamlakatda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi joriy etilgan.

 

Korrupsiyaga qarshi komplayens- nazorat – davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa me’yoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korrupsiya xavf-xatarlari, manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash va chek qo‘yish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni o‘zida mujassam etgan profilaktik tizimdir. Bu tuzilmaning asosiy vazifasi xodimlarning ichki etiket qoidalariga rioya qilishini nazorat qilishdir.

 

Xorijiy davlatlar tajribasiga nazar tashlasak, Singapur, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH kabi rivojlangan mamlakatlarda «Davlat xizmati to‘g‘risida»gi, «Davlat xizmatida jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunlar hamda davlat xizmatchilari, man¬sabdor shaxs¬lar, shuningdek, sudyalarning xatti-harakat me’yorlarini tartibga soluvchi Axloq kodekslari mavjud ekanligini ko‘rishimiz mumkin.

 

Ilg‘or xorijiy davlatlarning korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish jarayonida qo‘llayotgan usullaridan yana biri – davlat xizmatchilarining mol-mulki, daromadlari hamda katta hajmdagi xarajatlarini deklaratsiya qilishning majburiy etib belgilanganligidir. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mansabdor shaxslarning noqonuniy daromad olishiga yo‘l qo‘ymaslik va manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etishdan iborat.

 

Masalan, Daniya hukumati vakillarini har yili o‘z mol-mulki va shaxsiy daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni nashr etishga, xorijiy kompaniyalarda aksiyalarga ega bo‘lishni taqiqlashga majbur qiladi. Bu boshqaruv faoliyatining oshkoraligi va shaffofligini, korrupsion holatlar¬ning oldini olishga yordam beradi.

 

Mamlakatimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashish hamda mazkur turdagi jinoyatlarning oldini olish maq¬sadida ichki nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish ishlari boshlab yuborildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining «Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi buyrug‘i 2021-yil 8-sentabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Nizom bilan Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari o‘z faoliyatida bevosita tashkilotning birinchi rahbariga (kuzatuv kengashiga) bo‘ysunishi belgilandi.Korrupsiyaning oldini olishda rivojlangan mamlakatlarda davlat xizmatchilari yuqori darajadagi ijtimoiy muhofazaga egaligi ham muhim omil hi¬soblanadi. Davlat xizmatchilari bepul tibbiy xizmat va ta’lim olish huquqiga ega bo‘lib, ijtimoiy kafolatlarga tayanishlari mumkin. Bu esa korrupsion harakatlar ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradi.

 

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi rahbarlari tegishli tashkilot tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda o‘tkaziladigan ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi. Mazkur tuzilmalar rahbarlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining roziligisiz lavozimdan ozod etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi va tuzilmalar mustaqilligi ta’minlanadi.

 

Tuzilma xodimlari tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ish olib boradi. Tashkilotda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish hamda mazkur illatga qarshi kurashish tizimi samarali ishlashini ta’minlash va nazorat qilishni yo‘lga qo‘yadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi.

 

 Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun nizomda Korrupsiyaga qarshi nazorat tuzilmasiga qator huquqlar berish bilan birga, majburiyatlar ham yuklangan. Xususan, nazorat tuzilmasi xodimlari tekshiruv¬lar o‘tkazishi, hujjatlarni talab qilishi, xodimlardan yozma tushuntirishlar olishi mumkin. Tashkilot tizimida jinoyat alomatlari, xususan, korrupsiya holatlari aniqlangan hollarda, zudlik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri yuqori turuvchi organ, Agentlik va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beradi.

 

Bu esa, o‘z navbatida, korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash hamda ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, bu turdagi xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hujjatlar ijrosini so‘zsiz ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Xulosa qilib aytganda, dunyo afkor ommasi, bu illatga bee’tibor bo‘lmagan qatlam tomonidan korrupsiyani yengishning turli yechimlari taklif qilinadi. Ba’zilar, avvalo, tizimni raqamlashtirish zarurligini aytsa, boshqalar ishchilar maoshini ko‘tarish, jazoni kuchaytirish va korrupsiya holatlarini aniqlash bo‘yicha alohida tekshiruvlarni amalga oshirish kerakligini ta’kidlaydi. Lekin bir haqiqatni yoddan chiqarmasligimiz lozim. Odamlar dunyoqarashini o‘zgartirmay, fuqarolarda korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirmay va davlat xizmati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatmay turib, bu borada ijobiy natijaga erishish juda qiyin.

Text to speech