10 Sentyabr 2021 yil 467

Qarshi tumanida ichkilik oqibatida yuz bergan jinoyatlar muhokama qilindi


Qarshi tumani hokimligida “Xavfsiz hudud” tadbiri doirasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlarni erta aniqlab oldini olish, roʼy berganlarini fosh etish, hududlarda “mahallabay”, “fuqarobay” ishlash tizimini takomillashtirish borasidagi ishlarning muhokamasiga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda IIV ishchi guruhi, viloyat IIB, tumandagi toʼrtta sektor rahbarlari, oila va mahallani qoʼllab-quvvatlash boʼlimi, mahalla fuqarolar yigʼinlari raislari, sogʼliqni saqlash tizimidagi narkolog-shifokorlar, probatsiya nazoratida turgan, muqaddam sudlanganlar, yengil tabiatli va muntazam spirtli ichimlik isteʼmol qiluvchi shaxslar hamda yaqinda jinoyat sodir etgan shaxslarning oila aʼzolari ishtirok etishdi.
Tadbirni viloyat IIB boshligʼining 1-oʼrinbosari polkovnik J.Аtaev ochib, keyingi paytlarda fuqarolar oʼrtasida oʼzaro mehr-oqibat, qarindoshlik, insoniylik kabi xislatlarga darz ketayotganini bildirdi. Negaki, keyingi vaqtlarda sodir etilayotgan aksar jinoyatlar oila turmush doirsida yoki muntazam spirtli ichimliklar isteʼmol qilish taʼsirida yuzaga kelayotganini taʼkidladi. Jumladan, tumanning “Paxtakor” MFYda yashovchi Аsab-ruhiy kasalliklar dispanserida hisobda turuvchi Sh.P va “Paxtazor” mahallasida yashovchi А.T.lar uzluksiz ravishda oila aʼzolari bilan janjallashib kelgan. Har ikkala shaxs ham oilaboshi boʼlishiga qaramay, arzimagan holatlarda ham janjalga bahona qidirib, oila aʼzolari bilan tortishuvni yuzaga keltirgan.
Sh.P Аsab-ruhiy kasalliklar dispanserida hisobda tursada, muntazam oʼzini idora qilomay qolish darajasigacha spirtli ichimlik isteʼmol qilishni kanda qilmagan. Natijada koʼza kunda emas, kunida sinadi deganlaridek, muttasil davom etib kelgan dahanaki tortishuvlar, asabiylashish va sarxushlik oʼz kuchini koʼrsatib, Sh.P ogʼir tan jarohati yetkazish jinoyatini sodir etgan.
А.T sodir etgan jinoyat ham aynan yuqoridagi holatga oʼxshash. Faqat bunda jabrlanuvchi spirtli ichimlikka roʼju qoʼygan. Oʼrtadagi nizo qarindoshlarning oʼzaro mol-mulk talashishi tufayli yuzaga kelgan. Muttasil ravishda jabrlanuvchi spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda qarindoshining oldiga kelib mol-mulkini nomiga oʼtkazib berishini talab qilib kelgan. Natijada oʼrnini jahl egallab mazkur jinoyat yuzaga kelgan.
Mazkur jinoyatlarning oldini olish mumkin edi. Oila-turmush doirasida sodir etilayotgan janjallarni qoʼni-qoʼshni, qarindosh-urugʼ biladi-ku. Nega bu haqda vaqtida mahalla mutasaddilariga, profilaktika inspektoriga xabar bermagani ajablanarli. Bundan koʼrinadiki, ayrim mahallalarda sen menga tegma, men senga qabilida ish tutilayotganidan darak beradi. Bu borada mahallaning masʼul mutasaddilaridan holat boʼyicha izoh soʼraldi. Qolaversa, Аsab-ruhiy dispanserida hisobda turgan ruhiy bemorning holidan nega patronaj hamshiralari vaqtida xabar olmaganini qanday izohlashga hayronsan, kishi.
Ichkilik har qanday illatni vujudga keltiruvchi omillardan biri. Shu bois mahallada yashovchi fuqarolarning odati, turmush tarzi, oilaviy muammolarini mahalla faollari yaxshi bilishi lozim. Kezi kelganda spirtli ichimlikka mukkasidan ketgan, ruhiyatida oʼzgarish boʼlgan shaxslarni majburiy tibbiy-profilaktik koʼrikdan oʼtkazish, davolash ishlarini tashkil etish har qanday huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olishi shubhasiz.
Muhokama yigʼilishida IIV ishchi guruhi masʼul xodimi, podpolkovnik D.Аzizov ishtirok etdi.

Text to speech