Qarshi shahrida ogʼir va oʼta ogʼir jinoyatlarni oldini olish borasida keng qamrovli kuchaytirilgan profilaktik tadbirlar oʼtkazilmoqda
Qarshi shahar madaniyat va maʼrifat markazida viloyat IIB, Qarshi shahar IIO FMB, prokuratura va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda oʼzini-oʼzi boshqarish organlari, keng jamoatchilik vakillari, Yoshlar ittifoqi, sport va umumiy ovqatlanish sohasida tadbirkorlik bilan shugʼullanuvchi tadbirkorlar, sportchilar, jinoyatga qoʼl urgan yoshlarning ota-onalari ishtirokida yigʼilish boʼlib oʼtdi.
Yigʼilishda viloyat IIB boshligʼining 1-oʼrinbosari polkovnik Jasur Аtaev ishtirok etib, Qarshi shaharida kriminogen vaziyat - huquqbuzarliklar va jinoyatlarni erta aniqlab oldini olish, roʼy berganlari fosh etish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay ogʼir, oʼta ogʼir hamda bezorilik jinoyatlarining kelib chiqishiga sabab boʼlgan omillarni atroflicha tahlil etdi.
Shu yil 23 avgust kuni soat 20.50lar atrofida Kasbi tuman Novqat qishlogʼida yashagan muqaddam sudlangan R.Sh. Qarshi shahar А.Temur MFY hududida joylashgan “Rubay” kafesida shaharning Magʼzon MFYda yashovchi K. А. bilan oʼzaro janjallashib qolgan. Natijada K.А. Sh.R.ni chap koʼkrak qismiga, kafe oshxonasidan olgan pichoq bilan ogʼir tan jarohati yetkazgan. Natijada R.Sh. shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan 24.08.2021 yilda K.А. ga nisbatan Oʼz.R JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, jinoyat sodir etgan shaxs qamoqqa olingan.
Kasalni davolashdan koʼra, oldini olgan afzal deganlaridek, yuqorida keltirilgan jinoyatlar asosan sport toʼgaraklarida va mustaqil shugʼullanib kelayotgan yoshlarning toʼqlikka shoʼxlik, oʼzaro kuch sinashish natijasida oʼrtada kelib chiqqan kelishmovchiliklar sabab boʼlayotganini taʼkidladi. Bu toifadagi yoshlar oʼrtasida sodir etilayotgan jinoyatlarni erta aniqlab oldini olish, yoshlar oʼrtasida sport bilan shugʼullanishni toʼgʼri targʼib qilish bugungi kunning dolzarb vazifasi.
Muhokamada jamoat joyida, koʼpchilikning koʼz oʼngida sodir etilayotgan jinoyatlarni asosan biror joyda ishlamaydigan, ota-ona va mahalla-kuy nazoratidan chetda qolgan yoshlar tomonidan sodir etayotgani aytib oʼtildi. Qolaversa, mahalla faollari, yoshlar ittifoqi boshlangʼich tashkiloti vakillari ishsiz yoshlarni roʼyxatga olib, bandligini taʼminlashda sustkashlikka yoʼl qoʼyayotgani tanqid ostiga olindi.
Kelgusida bu kabi jinoyatlarning oldini olish maqsadida barcha bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi borasida tegishli mutasaddi idoralar vakillariga tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi. Bir bolaga yetti mahalla ota-ona shiori qogʼozda emas amalda namoyon boʼlishi uchun barcha birdek masʼulligi ishtirokchilarga tushuntirildi.
Tadbir doirasida Qashqadaryo viloyati IIB boshligʼining 1-oʼrinbosari polkovnik Jasur Аtaev boshchiligidagi ishchi guruh Qarshi shahridagi bir nechta sport toʼgaraklari – ogʼir atletika, fitnes va shu kabi bir qator sport toʼgaraklariga tashrif buyurib, murabbiy va sportchilar bilan suhbatlashdi. Ularga sport yovuzlikka emas, ezgulikka xizmat qilishi gʼoyasi atroflicha tushuntirildi.
Bu yoʼnalishdagi yigʼilishlar joylarda davom etmoqda.