9 Iyul 2025 yil 49

Qarshi tumani IIB boshlig‘i Safarov Nurbek Abdivaliyevichning tuman aholisiga murojaati

Hurmatli tumandoshlar!

Qarshi tumanida kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilib kelayotganligi hammamizga ma’lum.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek “Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak” degan shior asosida ichki ishlar organlari xodimlari bilan tunu-kun hamkorlikda xizmat olib borishingiz lozim.

Ichki ishlar organlari xodimlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, halq bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish eng muhim vazifalardan biri sanaladi.

Ma’lumki, zamonaviy dunyoni turli xil texnologiyalardan foydalanmasdan tasavvur qilib bo‘lmaydi, axborot makonidan foydalanuvchilar soni kundan-kunga ortib bormoqda natijada butun insoniyat singari jinoyat olami xam rivojlanib, axborot texnologiyalari soxasini mukammal o‘rgangan bazi bir shaxs yoki guruhlar tomonidan jinoyatlarning yangi turi – kiber jinoyat dunyoga keldi.   

“Kiber jinoyatlar ko‘cha jinoyatlarini ortda qoldirdi” va ayni vaqtda eng asosiy muammoga aylandi.

Kiber xujumlar va kiber firibgarlar “yanada yaqindan, professional va barkamol harakat qila boshladi”, huquq-tartibot idoralari xodimlari uchun kiber jinoyatlarga qarshi kurash birinchi o‘rinda turadi.

 Bugungi kunga kelib kiberfiribgarlar ijtimoiy tarmoq orqali fuqarolarni ishontirishning turli hil usullarini o‘ylab topmoqdalar. Kiberjinoyatlardan jabrlanib qolmaslik uchun esa doimiy ravishda kibersavodxonligingizni oshirib boring.

- pul evaziga nomingizga bank plastik kartasi ochib ularga sotishni taklif qilayotgan firibgarlar kelgusida ushbu plastik kartalar orqali o‘zgalarning pul mablag‘larini o‘zlashtirib olayotganliklarini unutmang

- yaqin tanishlaringizning akkauntidan “Sening rasmlaring.apk”, “Seni televizorda ko‘rsatishyapti.apk”, “To‘yga taklifnoma.apk” kabi nomlar ostida kelayotgan zararli .apk ilovalar va shubhali havolalarni ustiga bosmang va mobil qurilmangizga o‘rnatmang

- ijtimoiy tarmoqdagi kanal va guruhlarda qisqa muddatda pulingizni bir necha barobarga ko‘paytirib berishni va’da qilayotgan o‘zini soxta treyder, biznesmen, bukmeker va boshqa soha vakili sifatida tanishtirayotgan firibgarlarga ishonib pullaringizni “ko‘k”ka sovurmang

- onlayn savdo platformalarida bahosi o‘z narxidan ancha arzon qilib ko‘rsatilgan buyumlarga xarid qilishga shoshilmang

- “omadli o‘yin ishtirokchisi” “aksiya g‘olibi” bo‘ldingiz kabi yolg‘onlarga ishonib sovg‘ani qo‘lga kiritish uchun aslida firibgarlarga pul berayotgan bo‘lishingiz mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring

- ijtimoiy tarmoqlardagi akkaunt va profillaringizga o‘zingiz va oila a’zolaringiz hamda boshqa shaxsingizga oid bo‘lgan ma’lumotlarni joylamang. Kelgusida aynan ushbu ehtiyotsizlik tufayli siz kibertovlamachilik qurboni bo‘lishingiz mumkin

- yaqin tanishlaringizdan kimdir sizga ijtimoiy tarmoq orqali qarz so‘rab murojaat qilsa xabarning haqiqiyligini tekshirmasdan oldin berilgan plastik kartaga pul o‘tkazmang

-  sizga sovg‘a yuborayotgan chet elda yashovchi uzoq qarindoshingiz borligi, o‘lishidan oldin barcha boyligini sizga vasiyat qilib qoldirmoqchi bo‘layotgan qo‘shtirnoq ichidagi millionerlarga ishonib bor-budingizdan ayrilib qolmang

- ijtimoy tarmoqlarda katta miqdordagi oylik maosh evaziga onlayn ish taklif qilayotgan shaxslar aldoviga uchib shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatlarni begona shaxslarga yubormang.

 

Nomingizdagi bank plastik kartasi va uni mobil ilova orqali boshqarishda talab etiladigan xavfsizlik qoidalariga, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatiga doimo amal qiling. Oson boylik orttirishni va’da qilayotgan istalgan turdagi faoliyat bilan bog‘liq e’lonlarga shubha bilan qarang. Zero boylik doimo mehnat ortidan keladi. Peshona teringiz bilan topayotgan pullaringiz faqat yaxshi kuningizga xizmat qilsin! Salomat bo‘ling!

Text to speech