24 Yanvar 2024 yil 425

Qarshi shahar hududida sodir etilgan og‘ir turdagi jinoyat bo‘yicha muhokama yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Bugun mamalakatimizda jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash, aholining kunlik ijtimoiy-maishiy muammolarini “oilabay” va “fuqarobay” hal etish bo‘yicha yangicha ishlash tizimi yaratildi. Natijada sektor rahbarlari tomonidan fuqarolarning kundalik va maishiy muammolari joyida hal etilib,  ortiqcha ovvoragarchiliklarning oldi olinmoqda.

Biroq, fuqarolarga davlatimiz tomonidan yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlarga qaramay ular tomonidan turli huquqbuzarliklar va  jinoyatlar sodir etish holatlari yuz bermoqda. Yaqinda Qarshi shahridagi Temir yo‘lchilar madaniyat saroyida sodir etilgan jinoyat muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimligi, ichki ishlar boshqarmasi Qarshi shahar sektorlar rahbarlari, Qarshi shahridagi mahallalar yettiligi hamda “Geolog” mahallasi faollari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda so‘z olganlar “Geolog” mahallasida sodir etilgan mudhish jinoyatni yuzaga keltirgan shart-sharoit va omillarni atroflicha muhokama etishdi. 

Ma’lum bo‘lishicha, “Qarshi-Samarqand” yo‘nalishida kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi fuqaro shoxbekatdan bir yo‘lovchidan katta miqdorda pul va xorijiy valyutani egasiga yetkazish maqsadida oladi. Lekin yo‘nalishga mijoz chiqmagani uchun uyiga qaytadi. Yo‘lda qo‘l ko‘targan bir yo‘lovchini avtomashinasiga mindiradi. Yo‘lovchi uni Qarshi shahrining ko‘p qavatli uylari orasiga oborib qo‘yishni aytadi. Avtomashina  ko‘p qavatli uylar oralab ketayotganda orqada o‘tirgan yo‘lovchi haydovchiga qo‘lidagi pichoq bilan jarohat yetkazadi.

Muhokama yig‘ilishida jinoyatni sodir etgan shaxsning turmush tarzi o‘rganilgani va u bekorchi bo‘lib, mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanishi, ko‘cha kuyda sayoq yurishni odatga aylantirgani aytib o‘tildi. 

Bu fuqarolar bundan oldin ham bir-biri bilan nizolashib yurganini mahalla beshligi “xonadonbay”, “fuqarobay” ishlarni amalga oshirishda ularning hayoti va turmush tarzi bilan qiziqmay o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani mudhish jinoyatni yuzaga kelishiga sabab bo‘lgani tanqid ostiga olindi. Fuqarolarning kundalik tashvishi va maishiy muammolari bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lgan mahalla beshligi ogoh va hushyor ish olib borib, nazoratsiz shaxslar turmush tarzi bilan shug‘ullanib, uni bandligini ta’minlaganida bu jinoyatning oldi olinardi.

Holat bo‘yicha mutasaddilardan izoh so‘ralib, har bir mahalla faollari o‘z ishini jonlantirishi, zimmasidagi mas’uliyatni his etgan holda faoliyat olib borishi, “Geolog” mahalla fuqarolar yig‘ini beshligi zimmasiga kelgusida bu kabi jinoyatlarning oldini olish borasida aniq manzilli vazifalar yuklandi.

Text to speech