Hamkorlikda o‘quv mashg‘uloti
IIV huzuridagi Tergov departamentining
tegishli ko‘rsatmasiga asosan, Kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filialida
Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov
boshqarmasi tashabbusi bilan tergov sifatini oshirish, jinoyat ishlarini
har tomonlama, to‘la va xolisona tergov qilish, tergov faoliyatida yo‘l
qo‘yilayotgan kamchiliklarning oldini olish maqsadida hamkorlikda
o‘quv-seminari tashkil etildi.
Tadbirda Shahrisabz shahar, Kitob, Chiroqchi,
Yakkabog‘, Qamashi, G‘uzor va Shahrisabz tuman ichki ishlar bo‘limi huzuridagi
tergov bo‘linmalari tergovchilari, ekspert-kriminalistlar, prokuratura, jinoyat
ishlari bo‘yicha sudlar hamda advokatlar ishtirok etishdi.
O‘quv seminarida Tergov boshqarmasining
malakali tergovchilari tomonidan “Yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq
jinoyatlar bo‘yicha hodisa joyini ko‘zdan kechirish hamda hodisa joyi
chizmasini rasmiylashtirish tartibi, bu turdagi jinoyatlarni tergov qilishning
o‘ziga xos xususiyatlari, tayinlanadigan ekspertizalar turlari, amaliyotda
yuzaga kelayotgan muammolar” mavzusida o‘quv darsi o‘tildi.
Shuningdek, muqaddam tergov qilingan ishlar
bo‘yicha chiqarilgan oqlov hukmi, sudlardan JPKning 416,417-moddalari tartibida
kelib tushgan ajrimlar, prokuratura va suddan jinoyat ishlarni qo‘shimcha
tergovga qaytarilishi, xususiy ajrimlar, prokuratura organlaridan taqdimnomalar
kiritilishi va intizomiy ish qo‘zg‘atish kabi salbiy holatlar muhokama qilinib,
kelgusida bu kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tushuntirishlar berildi.