9 Aprel 2022 yil 1729

Аmir Temur davrida ilm-fan va madaniyat


Qashqadaryo viloyati IIBda buyuk sarkarda, davlat arbobi, maʼnaviyat va maʼrifat homiysi Amir Temur tavlludining 686 yilligiga bagʼishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʼlib oʼtdi. Unda viloyat IIB sohaviy xizmatlari xodimlari, ichki ishlar organlari faxriylari va Oʼzbekiston Respublikasi Milliy universiteti vakili ishtirok etdi.
Tadbirni viloyat IIB MMI va KBTX boshligʼi oʼrinbosari podpolkovnik X.Roʼziboev ochdi.
Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Milliy universiteti ilmiy tadqiqotchisi Asror Rahimov Amir Temur - buyuk sarkarda, davlat arbobi, maʼnaviyat va maʼrifat homiysi, shuningdek, xalqini jahonga mashhur qilgan buyuk va betakror shaxsdir, - dedi. Ayniqsa, uning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqiyos. Amir Temur va uning avlodlari saʼy-harakatlari bilan qurilgan madrasalar, masjidlar, xonaqohlar, saroylar, bozorlar, qalʼalar, kanallar va boshqa inshootlarning son-sanogʼi yoʼq. Amir Temurning bevosita rahnamoligida bunyod etilgan Bibixonim jome masjidi, Goʼri Amir, Ahmad Yassaviy, Zangi Ota maqbaralari, Oqsaroy va Shohi Zinda meʼmoriy moʼjizalari, Bogʼi Chinor, Bogʼi Dilkusho, Bogʼi Behisht, Bogʼi Baland singari oʼnlab goʼzal saroy-bogʼlar va shu kabi boshqa inshootlar shular jumlasiga kiradi.
Buyuk davlat arbobi, maʼrifat homiysi, yuksak maʼnaviyat egasi Amir Temurning abadiylikka daxldor merosi bugungi kunda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning ruhiy-maʼnaviy poklanishi va milliy oʼzligini anglashida bitmas-tuganmas chashmadir.
Amir Temurning maʼnaviy va maʼrifiy qarashlari, qoldirgan oʼgitlari «Temur tuzuklari»da mujassamlashgan. Bu bebaho tarixiy asarda, hokimlar va vazirlarning vazifalari, oʼz ishiga munosabati, aholi turli qatlami – raiyatning haq-huquqini himoya qilish, sipohlarga munosabat kabi hayotiy maʼnaviy-axloqiy qonun-qoidalar oʼz ifodasini topgan.

Text to speech