27 Yanvar 2024 yil 689

Shaxs huquq va erkinliklarini ta’minlashning ustuvor masalalari muhokamasi

Qashqadaryo viloyati IIBda “Jinoyat protsessida o‘z manfaatlarini himoya qiladigan shaxslar, himoyachilar va vakillar vakolatlari” mavzusida ukuv mashguloti bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudi, viloyat Advokatlar palatasi, viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi vakillari ishtirok etishdi.

Boshqarma shahar-tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi va bo‘linmalari tergovchilari videoselektor tarzida ishtirok etgan yig‘ilishda tergovga jalb etilgan gumon kilinuvchi  yoki ayblanuvchining jinoyat protsessida ishtiroki, himoyachi olishi vakolatlari, rad etishi va davlat tomonidan himoyachi bilan ta’minlanishi borasidagi holatlar atroflicha tahlil etildi.

Tadbirda so‘z olganlar jinoyat protsessida ishtirok etuvchi shaxslar to‘rt guruhga, ya’ni, jinoyat protsessual kodeksining 3-bobi jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslar (sud, prokuratura, tergovchi, surishtiruvchi, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar), 4-bobi jinoyat ishini yuritishda ishtirok etuvchi jamoat birlashmalari, jamoalar va ularning vakillari (jamoat ayblovchisi, jamoat himoyachisi), 5-bobi jinoyat protsessida o‘z manfaatlarini himoya qiladigan shaxslar, himoyachilar va vakillar (gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining, jabrlanuvchining qonuniy vakillari, jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning va fuqaroviy javobgarning vakillari),  6-bobi esa jinoyat protsessida ishtirok etuvchi boshqa shaxslar (guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolislar)ga bo‘linishini ta’kidlashdi. 

Viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudi sudyasi Xomid Boboqulov dastlabki tergov davomida tergovchi jinoyatning har bir dalil, hatto mayda holatlargacha hisobga olib, protsessual harakatlarga amal qilgan holda puxta va mukammal tarzda ish olib borish sud jarayonlarini yanada xolis va keyingi bosqichlarda sifatli bo‘lishini ta’minlashini bildirdi.

Viloyat Advokatlar palatasi advokati Murod Tursunov gumonlanuvich va ayblanuvchining o‘zi talab etishi yoki davlat tomonidan himoyachi bilan ta’minlanish tartib va taomillari, himoya orderining amal qilish muddati, qonuniy vakillarning huquq va majburiyatlari xususida so‘z yuritdi.

Bahs-munozara va savol-javoblarga boy tarzda kechgan yig‘ilishda ishtirokchilarning jinoyatlarni qonunlarga malakalash borasidagi bilim va malakasi yanada boyidi.

Text to speech