18 Mart 2021 yil 857

“Аbdulla Oripov – millat shoiri”


Oʼzbek sheʼriyatining buyuk dargʼalaridan biri – millatimizning ardoqli va sevimli shoiri Аbdulla Oripovning betakror ijodi, dilbar sheʼriyati ruhiyatimizga ajib iliqlik, musaffolik baxsh etadi, insoniylik va ezgulik tuygʼularini singdiradi. Shoirning millat va ona yurtga muhabbat, bahor tarovati, pok insoniy his – tuygʼular tarannum etilgan tengsiz ijodi har birimizni maʼnaviy yuksalishga chorlaydi, soʼz sanʼatining bor jozibasidan, latofatidan bahramand etadi. Oʼzbekiston xalq shoiri, Oʼzbekiston Qahramoni, Oʼzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining muallifi Аbdulla Oripov hayot boʼlganlarida bu yil 80 yoshni qarshilagan boʼlar edilar. Shu munosabat bilan butun mamlakatimiz boʼylab oʼzbek xalqining ardoqli shoiri Аbdulla Oripovning tavallud sanasi keng nishonlanmoqda. 17 mart kuni Ichki ishlar vazirligi Qashqadaryo akademik litseyida “Аbdulla Oripov – millat shoiri” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʼtkazildi. Ushbu tadbirda Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Kadrlar boshqarmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʼlimi, shoirlar, IIV akademiyasi kursantlari, viloyat IIB Faxriylari kengashi aʼzolari, Respublika Yozuvchilar uyushmasining viloyat boʼlimi, Аbdulla Oripov nomidagi ijod maktabining oʼquvchilari hamda IIV Qashqadaryo akademik litseyi oʼqituvchilari va oʼquvchilari ishtirok etishdi. Tadbirda soʼzga chiqqanlar Oʼzbekiston xalq shoiri Аbdulla Oripov ijodining inson kamolotidagi, yoshlar tarbiyasidagi ahamiyatiga alohida toʼxtalib, shoir haqidagi iliq xotiralari bilan oʼrtoqlashdilar. Tadbir hech bir mubolagʼasiz haqiqiy adabiyot bayramiga, sheʼriy mushoiraga aylanib ketdi. Shoir qalamiga mansub sheʼrlar oʼqildi, akademik litseyning oʼqituvchi va oʼquvchilari ijrosida shoir sheʼrlari bilan aytiladigan dilbar taronalar yangradi. Shuningdek, Аbdulla Oripovning “Sohibqiron” dramasi asosida tayyorlangan sahna koʼrinishi ham barchada yaxshi taassurot qoldirdi.Shu kuni tadbir doirasida viloyat IIB xodimlari, akademik litseyning oʼquvchilari va faxriylar kengashi aʼzolari Аbdulla Oripov nomli ijod maktabiga tashrif buyurib, shoir haykali poyiga gulchambarlar qoʼyishdi. Shundan soʼng Qarshi shahrida faoliyat koʼrsatayotgan shoirning hayoti va faoliyatiga oid muzey va undagi nodir eksponatlar bilan tanishdilar. Qashqadaryo viloyati IIB Аxborot xizmati

Text to speech