11 Iyul 2025 yil 277

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etishi, xizmat vazifalariga sidqidildan yondoshish, korrupsion jinoyatlarga barham berish va bu boradagi ishlarni jadallashtirishga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig`ilishda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar va shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlarining barcha shaxsiy tarkibi videoselektor orqali ishtirok etdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda viloyat ichki ishlar boshqarmasi  boshlig‘i,  polkovnik Abduvoxid Ismoilov barcha shaxsiy tarkibning kriminogen vaziyatni jilovlash, jinoyatlarni oldini olish, xodimlar bilan sodir bo‘layotgan ko‘ngilsiz  holatlarni barvaqt aniqlash, tamagirlik, korrupsiya va boshqa shu kabi salbiy illatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik qo‘shimcha chora-tadbirlarni kuchaytirish lozimligini ta’kidladi.

Rahbarlar “xodimbay” ishlarni yanada jonlantirish, faoliyat davomida xizmat vaqtida va xizmat kiyimida noo‘rin xatti-harakatlar sodir etmaslik, har bir xodim o‘z ustida mukammal ishlab, amaldagi buyruqlar va qonunlarni puxta o‘rganib, salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymasliklari, fuqarolar bilan xizmat davomida xushmuomalada bo‘lish, ko‘p yillardan buyon ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlar yoshlarga xizmat sirlarini o‘rgatishi, nojo‘ya holatlarni sezganda darhol uni ogohlantirishi lozimligini tushuntirdi.

Ichki ishlar organlari xodimlari fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda xizmat vazifasini vijdonan bajarishi, murojaatlar bilan ishlashda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan holatlar bo‘yicha yo‘riqnomalar berildi.

Yig‘ilishda vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish, buning uchun xodimlar o‘z ustida ishlab, bilim va malakasini boyitishi, kasbiy mahoratini oshirishi bugungi kun talabi ekanligi sohaviy xizmatlar rahbarlari oldiga vazifa etib qo‘yildi.

Shundan so‘ng, IIV shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i T.Bayjanov ham so‘zga chiqib xodimlar o‘rtasida korrupsion holatlarni oldini olish borasida tushuntirib o‘tdi.

Tadbir so‘ngida mast holatdagi haydovchi tomonidan pora sifatida taklif etilgan besh million so‘m miqdoridagi pullarni olmasdan, holat yuzasidan o‘z vaqtida rahbariyatga axborot berib qonun ustuvorligini ta’minlagan, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi  inspektori katta serjant Aziz Xasanov  boshqarmasi boshlig‘i tomonidan  besh million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

Text to speech