24 Oktyabr 2024 yil 1155

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Abduvoxid Salomovich Ismoilovning 25 oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bayrami munosabati bilan tabrigi

Hurmatli hamkasblar!

 

O‘z hayotini Vatan himoyasi, el osoyishtaligi, yurt tinchligini ta’minlashdek ulug‘ ishga bag‘ishlagan Siz, azmu shijoatli ichki ishlar organlari xodimlarini, ta’lim muassasasi o‘qituvchilarini, faxriylar hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarimizning oila a’zolarini “25 oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.

Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan ichki ishlar organlarida amalga oshirilgan tizimli islohotlar natijasida xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, eng asosiysi, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikning kafolati bo‘la oladigan yangi tizim yaratilib,  amalda o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.

Bunday yutuqlarning bosh omili sifatida xalqimizning tinch-xotirjam va osoyishta hayot kechirishi uchun mashaqqatli va mas’uliyatli ishini sharaf bilan ado etayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining xizmatini e’tirof etmasdan bo‘lmaydi.

Bugungi kunda yurtimizda “Inson qadri uchun” shiori asosida amalga oshirilayotgan ishlar jahon hamjamiyati e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. O‘z o‘rnida bu shior Ichki ishlar organlari tizimida ham asosiy maqsadga aylangan.

Xodimlarimiz kunlarni tunlarga ulab, kriminogen vaziyatni jilovlash, jinoyatlarni oldini olish, fosh etish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashdek vazifalarni sadoqat bilan bajarib kelmoqda.

Muhtaram Prezidentimizning ichki ishlar organlari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida “Ishonchim komil, o‘z vazifasini halol va vijdonan ado etadigan ichki ishlar organi xodimi el-yurt o‘rtasida albatta munosib obro‘-e’tibor topadi” deya bejizga ta’kidlamadilar.

Xalqimizda, mehnat qilgan elda aziz deganlaridek, Vatan tinchligi, el osoyishtaligini ta’minlash, huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida samarali xizmat qilib kelayotgan ichki ishlar organlari bir guruh xodimlari Davlat mukofotlari bilan mukofotlanganligi voha osoyishtalik posbonlari xizmatiga berilgan yuksak bahodir.


Vatan, uning taraqqiyoti, tinchligi, obodligi va barqarorligi hamda xalqimiz farovonligi yo‘lida qilingan xizmat hech qachon unutilmaydi.

Barchangizga olib borayotgan ushbu mas’uliyatli va sharafli xizmatlaringizda ulkan zafarlar yor bo‘lsin.

Sizlarga oilaviy baxt, sihat-salomatlik, uzoq umr, dasturxoningizga qut-baraka tilayman.

Go‘zal va betakror yurtimiz hamisha tinch va farovon, osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin !

Text to speech