23 Avgust 2025 yil 181

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Respublikada ichki ishlar xodimlari tomonidan sodir qilingan qonunbuzilishlar va salbiy holatlar” mavzusiga bag‘ishlangan tanqidiy ruhdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan barcha sohalar qatori ichki ishlar organlari tizimida ham muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.

Tizimda olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida u xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, ularning haq-huquqlari yo‘lida dasturulamal bo‘la oladigan tuzilmaga aylanayotgani ayni haqiqat. Albatta, bu yo‘nalishda ichki ishlar organlari xodimlarining o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi.

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi, Ekspert-kriminalistika markazi, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi va ularning quyi tizimlardagi xodimlari ishtirokida “Respublikada ichki ishlar xodimlari tomonidan sodir etilgan qonunbuzilishlar va salbiy holatlar” mavzusi shaxsiy tarkib e’tiboriga yetkazildi. Shuningdek, kelgusida qonuniylikni ta’minlash, ijrochilik va xizmat intizomiga rioya etishga bag‘ishlangan videoselektor tarzidagi tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti mas’ul xodimi podpolkovnik G‘olibjon Nabiev, viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Isroil Himmatov, IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshlig‘i, “X. Sulaymonova” nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi Qashqadaryo viloyat bo‘limi mudiri Jahongir Umudillayev hamda viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari To‘lqin Imomberdiyevlar ishtirok etishdi.

Tadbirda tergovchi va surishtiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PQ-105-son qarori bilan joriy etilgan “Elektron surishtiruv va dastlabki tergov” yagona axborot tizimi orqali korxona va tashkilotlarga taqdimnomalarni yuborish, ekspertiza tayinlash hamda davlat hisobidan advokat jalb qilishda “Yuridik yordam” axborot tizimidan foydalanish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi.


Seminar-treningda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berildi.

Text to speech