25 Oktyabr 2025 yil 313

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Abduvoxid Salomovich Ismoilovning 25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bayrami munosabati bilan tabrigi

Assalomu alaykum, hurmatli hamkasblar,
aziz faxriylar!

Azmu shijoat bilan o‘z hayotini Vatan himoyasi, el osoyishtaligi, yurt tinchligini ta’minlashga bag‘ishlagan ichki ishlar organlari xodimlarini, faxriylar hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarimizning oila a’zolarini “25 oktyabr  Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
O‘tgan davrda ichki ishlar organlari xalq manfaatlariga xizmat qiladigan, eng asosiysi, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikning kafolati bo‘la oladigan yangi tizimga aylanib, fuqarolarning tinch-xotirjam va osoyishta hayotiga zamin hozirlanmoqda. Bunda mashaqqatli va mas’uliyatli ishini sharaf bilan ado etayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining xizmatini e’tirof etmasdan bo‘lmaydi.
Xodimlarimiz kunlarni tunlarga ulab, mustaqilligimizni mustahkamlash, kriminogen vaziyatni jilovlash, jinoyatlarni oldini olish, fosh etish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashdek vazifalarni sadoqat bilan bajarib kelmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz Ichki ishlar organlari xodimlariga yo‘llagan tabrigida “Ushbu qutlug‘ ayyomda, avvalo, Vatan oldidagi muqaddas qasamyodingizga doimo sodiq qolib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida o‘z zimmangizdagi g‘oyat muhim vazifalarni yuksak mas’uliyat bilan ado etib kelayotganingizni alohida ta’kidlashni istardim” deya bejizga ta’kidlamadilar.
Xalqimizda, mehnat qilgan elda aziz deganlaridek, Vatan tinchligi, el osoyishtaligini ta’minlash, huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida samarali xizmat qilib kelayotgan ichki ishlar organlari bir guruh xodimlari Davlat mukofotlari va Ichki ishlar vazirligining idoraviy mukofotlari bilan taqdirlanganligi voha osoyishtalik posbonlari xizmatiga berilgan yuksak bahodir.
Vatan, uning taraqqiyoti, tinchligi, obodligi va barqarorligi hamda xalqimiz farovonligi yo‘lida qilingan xizmat hech qachon unutilmaydi.
Barchangizga olib borayotgan ushbu mas’uliyatli va sharafli xizmatlaringizda ulkan zafarlar yor bo‘lsin.
Sizlarga oilaviy baxt, sihat-salomatlik, uzoq umr, dasturxoningizga qut-baraka tilayman.
Jonajon yurtimiz hamisha tinch va farovon, osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin !

Text to speech