O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda 14-yanvar - Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Abduvoxid Salomovich Ismoilovning bayram tabrigi
O‘z hayotini Vatan himoyasi, el osoyishtaligi, yurt tinchligini ta’minlashdek ulug‘ ishga bag‘ishlagan siz, azmu shijoatli ichki ishlar organlari xodimlarini, faxriylarni hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida vafot etgan xodimlarning oila a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va 14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etaman.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan tub islohotlar natijasida milliy armiyamiz jadal rivojlanib, har qanday xavf-xatarga munosib zarba bera oladigan qudratli, tezkor va samarali tuzilmaga aylandi. Har tomonlama ixcham va zamonaviy milliy armiyamiz O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi har bir fuqaroda, ayniqsa, yosh avlodga yurt taqdiriga daxldorlik hamda uning ravnaqi uchun xizmat qilish tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabriklarida “Keyingi yillarda olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlarimiz tufayli Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz mustaqilligi, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashning chinakam kafolatiga aylanib bormoqda” deya alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Ichki ishlar organlarida amalga oshirilgan islohotlar bois har bir xodim o‘zini Vatan taqdiriga daxldor deb bilib, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlash yo‘lida bor bilim va tajribasini safarbar etib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, xalq, jamiyat va davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratib kelayotir.
Bunday natijalarga erishishda yoshlarni Vatanparvarlik, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan boy amaliy tajribaga ega, umrining qaynoq damlarini el osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishga bag‘ishlab, o‘z burchiga, kasbiga, Vataniga sadoqatli, xalq manfaatlari yo‘lida sidqidildan xizmat qilib kelayotgan hamkasblarimiz va faxriylarimizning munosib hissa qo‘shayotganligini faxr bilan e’tirof etamiz.
Ishonch bilan aytish mumkinki, ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari bundan buyon ham har qanday vaziyatlarda burchlariga sodiq qolib, Vatanimizni ko‘z qorachig‘idek asrab, bu yo‘lda bor bilim va kuch-g‘ayratlarini safarbar etib, doimo xalqimiz ishonchiga munosib bo‘ladilar.
Fursatdan foydalanib, viloyatimiz fuqarolarini, hamkasblarimizni yana bir bor ushbu ayyom bilan tabriklab, mas’uliyatli va sharafli ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman.