Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʼi polkovnik Аbduvoxid Salomovich Ismoilovning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bayram tabrigi
Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar!
Barchangizni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʼtarishda ommaviy axborot vositalarining xizmati beqiyos.
Shu bois Muhtaram Prezidentimiz kuni kecha ommaviy axborot vositalari xodimlariga yoʼllagan tabriklarida “Bugungi kunda jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralikni rivojlantirish, davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʼrnatish, fuqarolarimizning qonuniy murojaatlarini oʼrganish va hal qilish borasida sizlarning oʼrningiz va taʼsiringiz tobora ortib borayotganini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz” deya bejizga taʼkidlamadilar.
Keyingi yillarda bu borada oʼndan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyunь kunidagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi 4366-sonli Qaroriga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash maqsadida vazirlik va idoralarda axborot xizmatlari zamon talablari asosida qaytadan tashkil etildi. Jumladan, ichki ishlar organlarida ham Matbuot xizmati negizida Аxborot xizmati faoliyati yoʼlga qoʼyildi.
Oʼtgan davrda boshqarma Аxborot xizmati tomonidan ijtimoiy jarayonlar haqida ishonchli axborot berish maqsadida matbuot anjumanlari, brifinglar, tashkil etilmoqda, hayotimizdagi muammo va hodisalarga tezkor munosabat veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilmoqda.
Mamlakatimizda jurnalistikaning oʼzgarmas talab va mezonlari - xolislik va haqqoniylikka qatʼiy amal qilinmoqda. Binobarin, matbuot maydoniga kirgan inson – u jurnalist boʼladimi, bloger boʼladimi, bundan qatʼi nazar ana shu qoidalarga amal qilishi shart.
Fursatdan foydalanib, aholiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni bilan birga tezkor va ishonchli axborotlar yetkazishda oʼz vazifasini bajarib, viloyat ichki ishlar organlarining Аxborot xizmati bilan hamkorlik qilib kelayotgan Siz, jurnalistlar va ommaviy axborot vositlari xodimlariga minnatdorchilik bildiraman.
Barchangizga sihat-salomatlik, ijodiy muvaffaqiyat, xizmatda yangi yutuqlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!