22 May 2021 yil 1135

Chiroqchi tumani “Kishmishtepa” mahallasida sodir etilgan qotillik jinoyatining kelib chiqish sabablari va bunga olib kelgan shart-sharoitlar yuzasidan muhokama yigʼilish boʼlib oʼtdi

Yaqinda Chiroqchi tumani “Kishmishtepa” mahallasida sodir etilgan qotillik jinoyatining kelib chiqish sabablari va bunga olib kelgan shart-sharoitlar yuzasidan muhokama yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʼi polkovnik Sh.Satvoldiev, tumandagi sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar va tuman Tibbiyot birlashmasi va patronaj hamshiralari hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
Maʼlum boʼlishicha, shu yilning 8 may kuni ona bola – T.N. va J.T. birga spirtli ichimlik isteʼmol qilishadi. Gap orasida oʼzaro kelishmovchilik chiqib, ona-bola tortishib qoladi. Tortishuv janjalga aylanib, tungi soat 02.00larda oʼgʼil J.T. onasi T.N.ga pichoq uradi. Natijada ayol vafot etgan.
Ona-bola oʼrtasidagi sovuq munosabatlar bir kunda paydo boʼlmagan. Ular kunda boʼlmasa-da kunaro janjallashib turganidan qoʼni-qoʼshnilar, yaqinlari xabardor boʼlgan. Ona-bola bilan hudud profilaktika inspektori bir necha bor profilaktik suhbat oʼtkazgan.
Mahalla faollari, oqsoqollar va boshqa mutasaddi tashkilotlar ham 2-guruh nogironi boʼlgan ona-bolani murosaga keltirish borasida amalga oshirgan qator profilaktik ishlarga qaramay janjal barham topmagan.
Shu oʼrinda tibbiyot birlashmasi va patronaj hamshiralari oʼz ishiga sovuqqonlik bilan qaragani, yaʼni, 2-guruh nogironi boʼlgan ona-bola holidan xabar olish ishlarini yetarli darajada tashkil etmagani tanqid qilindi. Bu borada masʼuliyatsizlikka yoʼl qoʼygan tibbiyot xodimlari faoliyati tahlil etilib, tegishli choralar koʼrilishi boʼyicha masʼul shaxslarga tegishli topshiriqlar berildi.
Buning uchun tumandagi sektor ishchi guruhi xodimlari ishini yanada kuchaytirish, janjalkash oilalarni qamrovga olish va profilaktik ishlarni taʼsirchanligini oshirish, pirovardida fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, maishiy va boshqa muammolarini bartaraf etadigan oqil va kayvoni insonlardan samarali foydalanish lozimligi ishtirokchilarga uqtirildi.
Muhokamada holat yuzaga kelishiga masʼul mutasaddi idoralar vakillaridan voqea boʼyicha izoh soʼralib, oʼz ishiga sovuqqonlik bilan yondoshgan oqsoqol va rahbarlarga tegishli jazo choralari belgilandi.
Mazkur holat yuzasidan Chiroq tuman prokuraturasi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech