7 Iyun 2020 yil 775

Vatan oldidagi oʼz qasamyodiga sodiq qolgan xodim...

Bugun koronavirus infektsiyasi sabab bashariyat va jamiyat, barcha millat va elatlarning sabr-bardoshi va matonati jiddiy sinovdan oʼtmoqda. Аna shunday damlarda kimlardir barchani ogohlantirib, kimlardir boriga qanoat qilib, uyda oʼtirib baloi ofatni daf qilishga barcha oʼz hissasini  qoʼshayotgan bir paytda ayrim shaxslar nafsiga erk bermoqda. Jumladan, joriy yilning 28-may kuni soat 13:00 larda Dehqonobod tumani Qorashina qoʼrgʼonining M.Ulugʼbek koʼchasida joylashgan fuqaro M.K.ga tegishli boʼlgan “Ingichka buloq” xususiy korxonasiga qarashli umumiy ovqatlanish oshxonasining eshigi ochiqligi tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʼlinmasi Ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika katta inspektori mayor B.E.ning diqqatini oʼziga tortadi.  

Ushbu oshxonaga kirgan profilaktika inspektori mayor B.E bir stol atrofida Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati inspektsiyasi Dehqonobod tumani filiali boʼlimi boshligʼi E.R  qoʼl ostidagi xodimlari M.Sh, S.J, B.B, А.S.lar bilan karantin qoidalarini buzgan holda, ovqatlanib, spirtli ichimlik isteʼmol qilib oʼtirganliklarini aniqlaydi. “Oʼzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʼyicha Respublika maxsus komissiyasining Qarori” talablariga zid ovqatlanib turgan shifokorlar va oshxona egasini narkolog-shifokor koʼrigidan oʼtkazib, Oʼzbekiston Respublikasi MJtKning 54-moddasi va 187-moddasiga asosan hujjatlar rasmiylashtiradi. Shundan soʼng, Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati inspektsiyasi Dehqonobod tumani filiali boʼlimi boshligʼi R.E va qoʼl ostidagi xodimi M.Sh.lar joriy yilning 01 iyunь kuni mayor B.E.ning xizmat xonasiga kelishib, oʼzlariga nisbatan toʼplangan hujjatlar boʼyicha qonuniy chora koʼrmaslik evaziga 500.000 soʼm miqdorida pora taklif qiladi. Oʼz navbatida mayor B.E ularga pora berish va pora olish jinoyat ekanligini maʼlum qilib, kelgusida yana shu kabi noqonuniy xatti-harakatlar qilib, pora taklif qilgan taqdirda, tegishli organlarga murojaat qilishligini maʼlum qiladi.

Аmmo shu yil 01 iyunь kuni soat 16:00 larda R.E va M.Sh.lar yana uning xizmat xonasiga kelishib, oʼzlariga nisbatan toʼplangan hujjatlarni chora koʼrishlik uchun Qashqadaryo viloyati DSENBga yubormasligini, oʼzidan yuqori turuvchi rahbarlari ushbu holatdan xabar topadigan boʼlsa, ularni ishdan boʼshatib yuborishligini aytib, evaziga 1.000.000 soʼm miqdorida pulni pora sifatida taklif qilayotganligini Dehqonobod tumani Ichki ishlar boʼlimi boshligʼi nomiga bildirgi bilan maʼlum qiladi va ushbu fuqarolarga nisbatan qonuniy chora koʼrishlikni soʼragan.

Oʼzbekiston Respublikasi IIV OʼXB Qashqadaryo viloyati boʼyicha boʼlimi, viloyat IIB Kadrlar boshqarmasi, Dehqonobad tuman prokuraturasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Dehqonobod tumani boʼlimi masʼul hodimlari bilan oʼtkazilgan hamkorlikdagi tezkor tadbir davomida Dehqonobod tumani, Istiqlol MFY, Bobur koʼchasida yashovchi E.R joriy yilning 04-iyunь kuni soat 19:30 da mayor B.E.ning xizmat xonasida 1.000.000 soʼm miqdoridagi pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtida jinoyat ustida qoʼlga olindi.

Hallolikni shior bilgan xodimning ijobiy saʼy-harakati natijasida nafaqat korruptsiya, balki aholi salomatligiga jiddiy zarar yetkazishning oldi olindi.

Mazkur holat yuzasidan hozirgi kunda Dehqonobod tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Text to speech