22 Sentyabr 2022 yil 343

OʼZBEKISTON RESPUBLIKАSI FUQАROLIGIGА QАBUL QILISHNING YANGI TАRTIBLАRI

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yilni 10 mart kunidagi “Oʼzbekiston Respublikasi fuqaroligiga oid masalalarni koʼrib chiqishning yangilangan tartibini belgilash toʼgʼrisida”gi Farmoniga asosan “Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalarini koʼrib chiqish tartibi toʼgʼrisida”gi Nizom qabul qilindi.
Mazkur Nizom talablariga koʼra, Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalari yuzasidan iltimosnoma va arizalar:
- Oʼzbekiston Respublikasi hududida yashab turgan shaxs tomonidan - doimiy yashash joyidagi ichki ishlar organiga;
- Oʼzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashovchi shaxs tomonidan - Oʼzbekiston Respublikasining konsullik muassasasi, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonasining konsullik boʼlimiga topshiriladi.
Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligiga umumiy tartibda
qabul qilish tartibi.
Oʼn sakkiz yoshga toʼlgan va muomala layoqatiga ega boʼlgan, Oʼzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʼlmagan shaxs Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligiga umumiy tartibda qabul qilish boʼyicha iltimosnoma bilan murojaat qilishi mumkin, agar u:
- chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirgan boʼlsa;
- yashash guvohnomasi yoki fuqaroligi boʼlmagan shaxsning ID-kartasi olingan kundan eʼtiboran va Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish toʼgʼrisidagi iltimosnoma bilan murojaat qilgan kunga qadar Oʼzbekiston Respublikasi hududida uzluksiz besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan boʼlsa. Ushbu shart Oʼzbekiston Respublikasi fuqarosi bilan nikohda boʼlgan va nikoh tuzilganidan keyin Oʼzbekiston Respublikasi hududida turmush oʼrtogʼi bilan birgalikda uzluksiz uch yil davomida yashab kelayotgan fuqaroligi boʼlmagan shaxsga nisbatan tatbiq etilmaydi;
- tirikchilikning qonuniy manbaiga ega boʼlsa;
- Oʼzbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga rioya etish majburiyatini oʼz zimmasiga olsa;
- davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa.
Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligiga soddalashtirilgan tartibda
qabul qilish.
Oʼn sakkiz yoshga toʼlgan va muomala layoqatiga ega boʼlgan chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi boʼlmagan shaxs hisoblangan vatandosh Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligiga soddalashtirilgan tartibda qabul qilish boʼyicha murojaat qilishi mumkin, agar u:
- Oʼzbekiston Respublikasi hududida yashaydigan va Oʼzbekiston Respublikasi fuqarosi boʼlgan, nasl-nasab shajarasi boʼyicha toʼgʼri tutashgan loaqal bitta oʼzidan oldingi qarindoshga ega boʼlsa;
- tirikchilikning qonuniy manbaiga ega boʼlsa;
- Oʼzbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga rioya etish majburiyatini oʼz zimmasiga olsa;
- davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa.
Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligiga alohida tartibda qabul qilish.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti chet davlat fuqarolariga va fuqaroligi boʼlmagan shaxslarga «Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʼgʼrisida»gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining 21-moddasida (Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti milliy manfaatlardan kelib chiqib, chet davlatlarning fuqarolariga va fuqaroligi boʼlmagan shaxslarga ushbu Qonunning 19 va 20-moddalari talablari qoʼllanilmagan holda Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligini berishi mumkin.) koʼrsatilgan tartibda Oʼzbekiston Respublikasining fuqaroligini berishi mumkin.

Text to speech