26 Aprel 2022 yil 429

Hushyorlik xatarga qalqon


Keyingi paytlarda sodir etilayotgan yoʼl harakati qoidalarini buzish va yoʼl-transport hodisalarning tahlili shuni koʼrsatmoqdaki, aksariyat hollarda avtotoʼqnashuvlarning sodir boʼlishiga haydovchilar tomonidan qoʼpol qoidabuzarliklarga yoʼl qoʼyish, spirtli ichimliklar isteʼmol qilgan holda va tegishli hujjatlarsiz transport vositasini boshvarish, rulda telefondan foydalanish kabi holatlar sabab boʼlmoqda. Bundan tashqari “Yoʼl harakati qoidalari”ni qoʼpol ravishda buzish, eʼtiborsizlik, bir biriga hurmatsizlik bilan qarash, shoshqaloqlik, charchoq bilan avtomashina boshqarish, qolaversa parishonxotirlik holatlari ham bundan mustasno emas.
Yoʼl-transport hodisalari deganda faqat toʼqnashuvni tushunmaslik kerak. Hodisalar bir necha turlarga boʼlinadi. Masalan, toʼsiqqa borib urilish, agʼdarilish, piyodani turtib yuborish, odam urib yuborib voqea joyidan qochib ketish va shunga oʼxshash. Shuningdek, piyodalarning yoʼllarni belgilanmagan joylaridan kesib oʼtishi ham yuqoridagi kabi holatlarni keltirib chiqarmoqda.
Joriy yilning oʼtgan uch oyida viloyat IIB JXX YHXB xodimlari tomonidan avtoyoʼllarda aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 111765 ta maʼmuriy bayonoma rasmiylashtirilgan. Shundan qoʼpol qoidabuzarliklar 47676 tani tashkil etgan boʼlsa, transport vositasini mast holda boshqargan 974 nafar haydovchilar ham aniqlangani achinarli.
Bundan tashqari viloyat hududi boʼylab jinoyatchilikni oldini olish boʼyicha “Tigʼ” profilaktik tadbiri davomida 84 ta holatda oʼtkir tigʼli sovuq qurollar olib yurish holatlari va 5 ta (bita) tayoq transport vositalaridan aniqlab olindi. Bundan tashqari rangli metal mahsulotlarini noqonuniy tashish bilan bogʼliq 20 ta, Viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda giyohavand moddalarni aniqlash bilan bogʼliq 10 ta, qidiruvdagi 13 nafar shaxslar ushlandi.
Shuningdek, boshqarma Karantin xizmati va viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʼlimi xodimlari bilan hamkorlikda 1750 kg isteʼmolga yaroqsiz goʼsht mahsulotlari toʼxtatib qolindi. Olingan goʼsht mahsulotlari viloyat Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi viloyat boʼlimida laboratoriya tekshiruvlaridan oʼtkazilganda, isteʼmolga yaroqsizligi maʼlum boʼldi.
Ushbu goʼsht mahsulotlari viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasining tegishli xulosasiga asosan kuydirish yoʼli bilan yoʼq qilindi.
Аyni kezlarda viloyat IIB JXX YHXB saf tuzilmalari tomonidan Qashqadaryo viloyati hududida yoʼllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash va yoʼl-transport hodisalarini oldini olish, haydovchilarni hushyor va ziyrak holda avtotransport vositalarini boshqarishi uchun qator profilaktik tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Text to speech