18 Mart 2020 yil 958

Qashqadaryolik 53 yoshli erkak jiyanining 3 yoshli qizini 2 mln so‘mga sotishga urindi

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida yashovchi 53 yoshli Sh.T. jiyanining 3 yoshli qizini sotishga uringan paytda qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova ma’lum qildi.
3-mart, seshanba kuni, dehqonobodlik 53 yoshli erkak Sh.T. G‘uzor tumanining “Buyuk karvon yo‘li” mahallasida yashovchi jiyani J.U.ning 3 yoshli qizi J.Yu.ni Qarshi shahrida yashovchi farzandsiz ayolga 2 million so‘mga sotishga uringan. G‘uzor tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir paytida qo‘lga olingan. Sh.T.ga ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish chorasi qo‘llanilgan.

“G‘uzor tumani IIB tergov bo‘limi xodimlari 3 yoshli bolaning onasi J.U. tog‘asi Sh.T.ning jinoiy qilmishiga sherik bo‘lganmi yoki unga qarshilik ko‘rsatganmi, degan savolga oydinlik kiritishga harakat qilyapti”, — deydi Iroda Rasulova. — “Mazkur holatga tez orada aniqlik kiritiladi”.

5-mart, payshanba kuni, Sh.T.ga nisbatan tuman IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsni sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu modda bilan ayblangan aybdorning aybi isbotlansa, jinoyatchi sakkiz yildan o‘n ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Text to speech