Vatanimiz oldidagi burchini ado etish chogʼida halok boʼlgan oʼgʼlonlarimizning xotirasi - mangu barhayot
9 may – Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyati IIB Xotira monumentida tadbir boʼlib oʼtdi. Unda boshqarma rahbariyati, sohaviy xizmatlar xodimlari, faxriylar va xizmat vazifasini bajarish chogʼida vafot etgan xodimlarning oila aʼzolari ishtirok etdi.
Tadbirni viloyat IIB boshligʼi oʼrinbosari polkovnik X.Bozorov ochib, yurtimizda mana bir necha yildirki, 9 may – Xotira va Qadrlash kuni sifatida nishonlab kelinayotganini, bunga xalqimizning mard oʼgʼlonlari ikkinchi jahon urushida ishtirok etib, fashizm balosini yer yuzidan supurib tashlashga oʼzining munosib hissasini qoʼshganini taʼkidlab oʼtdi. Jumladan, viloyat ichki ishlar organlarining 97 nafar xodimi ham janglarda ishtirok etgan. Ularning ayrimlari janggohlarda halok boʼlgan boʼlsa, baʼzilari nogiron, bir qismi esa urushdan qaytib kelib ichki ishlar organlarida uzoq yillar el osoyishtaligi yoʼlida samarali xizmat qildilar. Hamon oramizda qanchadan qancha mashʼum urush qatnashchilari, front ortida mehnat qilib mashaqqat chekkan otaxon va onaxonlarimz bor. Oʼtganlarni xotirlash, safimizda yurganlarni qadrlash, ularga hurmat ehtirom koʼrsatish bugungi yosh avlodning vazifasi.
- Xuddi shu qatorda ichki ishlar organlarida mustaqilligimizni mustahkamlash, el osoyishtaligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash yoʼlida samarali xizmat qilib bor bilimi va tajribasini ishga solib kezi kelganda jonini fido etgan soha fidoyilarini ham xotirasini yod etish ham farz, ham qarz, - dedi tadbirda boshqarma Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi polkovnik S.Islomov. – Viloyat IIBning Xotira monumentida nomlari bitilgan mana bu oʼgʼlonlar ham tom maʼnoda oʼzidan oʼchmas iz qoldirdi, desak mubolagʼa emas. Chunki mardlik va fidoyilik namunasini koʼrsatib, kezi kelganda hayotini xavf-xatarga qoʼygan bu oʼgʼlonlar tom maʼnoda mustaqilligimizni mustahkamlash, osoyishta turmushga zamin hozirlash uchun jonidan kechdi. Mardligi va matonati, olijanobligi, qahramonligi bilan xalqimiz tarixi sahifalariga bitilgan bu oʼgʼlonlar xotirasi barchamizning qalbimizda abadiy saqlanadi.
Tadbirda xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok boʼlgan xodimlarning oila aʼzolariga hurmat ehtirom koʼrsatildi. Ularning xotirasi abadiylashtirilib, jasorati yosh avlodlarga yetkazilayotgani bu oʼz navbatida yoshlarda vatanparvarlik hissini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ichki ishlar organlarida xizmat qilgan bu qahramonlarning koʼrsatgan jasorati va mardligi barcha uchun ibrat mayogʼi. Qahramonlarning yorqin xotirasi mangu barhayotdir.