20 Aprel 2023 yil 303

Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasida jamoatchilik kengashi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 20 yanvar kunidagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 10-sonli Qaroriga asosan Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida Jamoatchilik kengashini tuzishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi tarkibida Ma’naviyat va ma’rifat markzi viloyat bo‘limi, nodavlat va jamoat tashkilotlari, bloger hamda ommaviy axborot vositalari, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari va faxriylar hamda jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashi tuzildi.

Tadbirda ichki ishlar organlari faoliyatida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilikning fikrini o‘rganish va tizimli monitoring olib borish, tizim faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida ijtimoiy takliflar berish, korrupsiya holatlari bo‘yicha internet va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarlarni batafsil o‘rganish va uning natijasini keng jamoatchilikka yetkazishga oid Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari va majburiyatlari borasida ishtirokchilarga atroflicha tushunchalar berildi.

Ichki ishlar organlarini aholining ishonchli himoyachisiga aylantirish, ularning fuqarolar, jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda, o‘zaro ishonch va hamjihatlik ruhida ishlashini ta’minlash, ijtimoiy va huquqiy himoya qilish maqsadida tuzilgan Jamoatchilik kengashi yurtimizda qonun ustuvorligi, tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlash, jinoyatchilikni oldini olish borasida soha xodimlari xizmatini xalqqqa yetkazishda ham yaqin ko‘makchi bo‘lishi ta’kidlandi. 

Yakunda viloyat ichki ishlar boshqarmasi huzurida tuzilgan Jamoatchilik kengashi raisi va a’zolari ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlandi hamda ularga a’zolik nishonlari topshirildi.

Text to speech