9 May 2024 yil 858

Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash tadbirlari pulli xizmat ko‘rsatish asosida amalga oshiriladi.

Joriy yilning 13 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 89-son qarori asosida Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari”ga o‘zgartirish kiritildi.

Ushbu o‘zgartirishga ko‘ra, 2024 yil 13 may kunidan boshlab Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlashga doir chora-tadbirlar, tadbirning toifasidan kelib chiqqan holda, Milliy gvardiyaning hududiy bo‘linmalari yoki hududiy ichki ishlar organlari tomonidan ommaviy tadbir tashkilotchisi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq pulli asosda amalga oshiriladi. (alohida toifadagi ommaviy tadbirlar hamda davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi madaniyat va istirohat bog‘lari, sport inshootlari, sayilgohlar va boshqa ochiq hududlarda ko‘chma sirklar (shapito, dorbozlar guruhlari) bundan mustasno).

Ommaviy tadbirni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash to‘g‘risida shartnoma ommaviy tadbir tashkilotchisi ruxsatnoma olgandan keyin ommaviy tadbir boshlanishidan o‘n ish kuni oldin tadbirning toifasidan kelib chiqqan holda tuziladi.

Shuni inobatga olib, ommaviy tadbir tashkilotchilaridan ushbu qoidalarga qat’iy rioya qilishlarini va o‘z vaqtida Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishni nazorat qilish komissiyasiga murojaat qilishlarini so‘raymiz!

Text to speech