“MАRHАBO”DАGI OʼGʼRILIK
Аsli Samarqand viloyatining Urgut tumanida tugʼilgan Sh.T. bundan bir oy oldin koʼp miqdordagi oʼgʼrilik jinoyatini sodir etgani uchun sudlangandi. Qarshi shahri Otchopar MFYda yashab, jazoni oʼtash davomida axloqan tuzalish oʼrniga takroran oʼgʼrilik jinoyatiga qoʼl urdi. Jumladan u 2020 yil 24 noyabrь kunidan 25 noyabrь kuniga oʼtar kechasi soat 00-30 larda Qarshi shahri Otchopar MFY hududidagi viloyat bolalar shifoxonasi roʼparasida joylashgan fuqaro J. N.ga qarashli oziq-ovqat savdo doʼkoni akfa derazasi oynasini buzib, turli xil oziq-ovqatlar, Canon rusumli rangli kserokopiya apparati, turli xil sigaretlar, yaxna ichimliklar, Clear nomli shampunlar va shunga oʼxshash kundalik ehtiyoj mollarini, jami 4.500.000 (toʼrt million besh ming) soʼmlik oziq va nooziq ovqat maxsulotlarini talon-toroj qilib, voqea joyidan yashiringan.
Bundan tashqari Sh.T. 2020 yil 03 dekabrь kunidan 04 dekabrь kuniga oʼtar kechasi Qarshi shahri Otchopar MFYda joylashgan fuqaro Samadov Sirojiddinga qarashli “Marhabo” nomli choyxonasiga kirish joyi chap tomonida joylashgan akfa romblaridan yasalgan “Bar”ga deraza oynasini buzib gʼayriqonuniy ravishda kirish yoʼli bilan 30 dona 120 ming soʼmlik orbit saqichlari, 50 pachka palmal va Kent-6 nomli jami 700 ming soʼmlik sigaretlar va 380 ming soʼmlik “Shaxrisabz” va “Аligarx” nomli aroqlarni, jami boʼlib oʼzganing 1.200.000 (bir million ikki yuz ming) soʼmlik oziq va nooziq-ovqat maxsulotlarini talon-toroj qilgan.
Shunday qilib, Sh.T. oʼzganing jami 5.700.000 (besh million yetti yuz ming) soʼmlik mol-mulkini yashirin ravishda talon toroj qilgani uchun Qarshi shahar IIO FMB 3-sonli IIB TB tomonidan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.