Kun tartibida xizmat intizomi va qonunchilik
IIV QQBB Qarshi shahridagi 7533-harbiy qismda “Qonunchilik va xizmat intizomni mustahkamlash borasida ota-onalarning roli va oʼrni” mavzusida yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda Oʼzbekiston Raspublikasi IIV SHXBBHTB boʼlimi, harbiy qism rahbariyati, harbiy xizmatchilar va ularning ota-onalari hamda oila aʼzolari ishtirok etdi.
Ochiq muloqot ruhida kechgan uchrashuvda Ichki ishlar vazirligi tizimidagi harbiy qism xodimlarining xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy rioya etishi, zimmasiga yuklangan vazifalarni bekamu koʼst bajarishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani qayd etildi. Harbiy xizmatchilarning oilaviy va shaxsiy muammolarini oʼrganish va hal etishda harbiy qism rahbariyati bilan birga ota-onalar va ularning oila aʼzolarining ham koʼmagi zarurligi taʼkidlandi.
Xizmat davomida va xizmatdan tashqari paytlarda rahbariyat va ota-onalar mustahkam aloqa oʼrnatishi, farzandining har bir xatti-harakatini nazorat qilishda hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Muntazam xizmat intizomi va qonunchilikni buzishga moyil xodimlar bilan tarbiyaviy-profilaktik tadbirlar oʼtkazish, yurish-turishi va ruhiyatida oʼzgarish sezilgan xodimlar bilan tibbiy va profilaktik suhbatlar uyushtirish boʼyicha yoʼriqnomalar berildi.
Xodimlar oʼrtasida korruptsiya va boshqa qonunbuzilishi holatlari tahlil etilib, salbiy holatlarni yuzaga keltiruvchi shart-sharoitlar va omillarni oldini olish ham eʼtibordan chetda qolmasligi ishtirokchilarga uqtirildi.
Yigʼilish yakunida IIV va harbiy qism rahbariyati ishtirokchilarning savollariga javoblar qaytarishdi.