23 Noyabr 2023 yil 2803

“IX–XII asrlarda sharq uyg‘onish davri”

Qashqadaryo viloyati IIBda “IX–XII asrlarda sharq uyg‘onish davri” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat IIB rahbariyati, tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari, Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti  o‘qituvchisi ishtirok etdi. Uni viloyat IIB MMI va KBTX boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Sh.Muslimov ochdi. 

Mavzu yuzasidan Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti  Tarix kafedrasi dotsenti Qahramon Maxmanazarov o‘qituvchisi so‘zga chiqib, milodiy 809–813-yillarda Xuroson, Movarounnahr va Xorazmda siyosiy faoliyatini amalga oshirgan al-Ma’mun buyuk bir ishga qo‘l urdi. YA’ni, uyg‘onish davrini boshlab beruvchi «Baytul-hikma» («Donishmandlar uyi»), hozirgi tilda aytganda, Fanlar akademiyasi faoliyatiga asos soldi. Uning ilmiy faoliyatini boshqarishga xorazmlik qomusiy alloma Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy va buyuk olim Ahmad al-Farg‘oniy tayinlanganini aytib o‘tdi.

Xorazmiy (783–850) qadimdan fan va madaniyat o‘chog‘i bo‘lgan Xorazm vohasida dunyoga kelib, yoshligidan turli ilmlarga butun borlig‘i bilan qiziqqan, ayniqsa, tabiiy fanlarni qunt bilan egallash uning asosiy mashg‘ulotiga aylangan edi. Dastlabki saboqni zamonining eng mashhur ustozlaridan olib, so‘ngra Marv shahridagi madrasada davom ettiradi.

Natijada «Al-jabr val-muqobala», «Hisob al-hind», «Kitob at-tarix», «Kitob surat al-arz», «Kitob al-amal bil usturlabat» kabi yetuk asarlar dunyo yuzini ko‘rdi.

Bunday farzandni kamolga yetkazgan uning ona Vatani O‘zbekiston ham jahon miqyosida doimo tilga olinishga loyiqdir.

Ilk uyg‘onish davrining buyuk allomalaridan yana biri Abul Abbos ibn Muhammad ibn Nosir al-Farg‘oniy (797–865) ham fan, madaniyat ravnaqiga jahoniy hissa qo‘shgan buyuk olimlar sirasidan hisoblanadi. Ahmad Farg‘oniyning astronomiyaga bag‘ishlangan «Kitob fi usul ilm an-nujum», «Falakiyot risolasi», «Al-Majitiy», «Farg‘oniy jadvallari», «Usturlob bilan amal qilish haqida», «Oy, yerning ustida va ostida bo‘lganida vaqtni aniqlash risolasi», «Yetti iqlim hisobi», «Usturlob yasash haqida kitob» asarlari mashhur bo‘lib, jahonning eng yirik ilmiy-madaniy markazlarida saqlanadi. Asarlari ko‘plab tillarga tarjima qilingan Ahmad Farg‘oniyni yevropaliklar faxr bilan «Al-Fraganus» deb ataganlar.

Uyg‘onish davrining yirik vakili, jahon fan va madaniyati tarixida chuqur iz qoldirgan ulug‘ alloma Abu Nasr Muhammad al-Forobiy (873–951) O‘tror yaqinidagi Vasij shaharchasida dunyoga kelib, Damashqda vafot etgan.

Forobiy 160 dan ortiq asarlar yozdi. Riyoziyot, falakiyot, tabobat, musiqa, falsafa, tilshunoslik va adabiyot, siyosatshunoslik sohasiga doir kitoblari dunyoga mashhur bo‘lib, jahondagi turli xalqlar tillariga tarjima qilindi. U yozgan Aristotelning «Metafizika asariga sharh», «Tirik mavjudot a’zolari haqida», «Musiqa kitobi», «Baxt-saodatga erishuv haqida», «Siyosat al-madaniyat», «Fozil odamlar shahri», «Masalalar mohiyati», «Tafakkur yurgizish mazmuni haqida kitob», «Falsafaning mohiyati haqida» va boshqa shu kabi ko‘plab asarlari jahonda shuhrat qozondi.

Jahon ilm fani ravnaqida yana bir vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy o‘ziga xos o‘rin egalladi. U 973-yili Xorazmda dunyoga keldi. Unda ilmga bo‘lgan favqulodda qiziqish ona Vatanida shakllandi.

Taniqli olim Ibn Iroq Abu Rayhon Beruniyning katta ilm maydoniga ko‘tarilishida ustozlik qiladi. Taqdir taqozosini qarangki, agar IX asr boshida ilk uyg‘onish davri olimlarini homiylikka olgan Xalifa Ma’mun Bag‘dodda «Donishmandlar uyi» akademiyasi boshqaruvini al-Xorazmiy va Ahmad Farg‘oniylarga ishonib topshirgan bo‘lsa, endi XI asr boshida Xorazm poytaxti Ko‘hna Urganchdagi ilm-fan homiysi, xorazmshoh Ma’mun tashabbusi bilan uni boshqarish, nomi Movarounnahr va Xurosonga tanilayotgan Abu Rayhon Beruniyga ishonib topshiriladi. 1017-yilga qadar faoliyat yuritgan Xorazm Ma’mun akademiyasida mashhur olimlarning fandagi kashfiyotlari va ilmiy qimmati dunyo turguncha o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan asarlar yaratiladi. Bunda Beruniyning ilm-fan sohasidagi fidoyiligi, shuningdek, atrofiga to‘plangan olimlarga ibrat bo‘lishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Beruniyning 200 ga yaqin asarlari orasida alohida mashhur bo‘lgan «Hindiston» asari G‘aznadagi ilmiy faoliyati hosilasi sifatida 1030-yilda yozib tugallangan. Mahmud G‘aznaviy 1025-yildagi yurishlaridan birida Beruniyni ham o‘zi bilan Hindistonga olib ketadi. Ana shu jarayonda ushbu nomda yaratiladigan asariga noyob manbalarni to‘playdi. Natijada jahonga mashhur «Hindiston» asari vujudga keladi.

Ilm-fanning eng yuksak cho‘qqilarini zabt etgan buyuk alloma 1048-yili abadiyat dunyosiga doxil bo‘ldi.

IX–XII asrlardagi uyg‘onish davrining yana bir buyuk allomasi Abu Ali ibn Sino 980-yili Buxoroning Afshona qishlog‘ida tavallud topdi. U dunyoga kelgan Buxoro Sharqning madaniy markazlaridan biri edi. Ibn Sinoning ilk ustozi otasi bo‘lgan. Hind hisobi, falsafadan o‘g‘liga saboq bera boshlaydi. Ayni vaqtda u tabobat va mantiq ilmini favqulodda kuch va intilish bilan o‘rganishga ahd qiladi.

Buxorodagi notinch vaziyatdan xabar topgan Abu Rayhon Beruniy Ibn Sinoni o‘zi boshqarayotgan Ma’mun akademiyasiga taklif qildi. 1001-yilda Beruniy taklifini bajonidil qabul qilgan Ibn Sino Xorazmshohlar poytaxti Ko‘hna Urganchga kelib, o‘z davrining mashhur faylasuf olimi Abusahl Masihiy, tabib Abul Xayr Hammor, as-Saolibiy, matematik va astronom Ibn Iroq va boshqalar bilan yaqindan tanishib, butun borlig‘i bilan ilmiy faoliyatga kirishadi. Beruniy va Xorazmshoh Ma’mun Ibn Sino uchun alohida qulay shart-sharoitlar yaratib beradi.

1017-yilda Xorazmni Mahmud G‘aznaviy egallab olar ekan, bunday hukmdorga bo‘ysunishni istamagan Ibn Sino ancha payt Eron hududining turli shaharlariga ko‘chib, oxir-oqibat Hamadonda qo‘nim topdi. Darbadarlik azoblarini boshidan kechirdi, fisq-u fasod, tuhmatlar oqibatida zindonga tashlandi. Ana shunday azoblar va tuhmatlarni boshidan kechirgan Ibn Sino 57 yoshida 1037-yil bu dunyoni tark etdi. Ammo shu yoshida ham jahoniy e’tirofga ega allomayi zamon G‘arbda faxr bilan «Avitsenna», Sharqda esa «Shayxur rais» nomi bilan ulug‘lanadi.

Text to speech