7 May 2021 yil 614

Isteʼmolga yaroqsiz goʼshtlar yoʼq qilindi

Qashqadaryo viloyat IIB PPX va JTSB Karantin tadbirlarini taʼminlash boʼlinmasi xodimlari hududiy xokimliklar, veterinariya xizmati va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda viloyat bozorlarida sifatli goʼsht va goʼsht mahsulotlari sotilishini nazorat qilish borasida bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, bozorlar va viloyatlararo qatnovchi avtomashinalarda kasallik tufayli majburiy soʼyilgan, oʼlgan qishloq xoʼjaligi hayvonlarining goʼshti, kalla-pocha va boshqa mahsulotlari savdosi bilan shugʼullanuvchi olib sotarlarni aniqlash va ularga nisbatan keskin choralar koʼrilishini boʼyicha dehqon bozorlarida 41, mol bozorlarida 30, va boshqa savdo majmualarida 23, aholi yashash joylarida 38 marotaba profilaktik reydlar hamda targʼibot-tashviqot ishlari olib borildi. Xuddi shuningdek, viloyatdan Respublikamizning isteʼmol bozorlariga sifatsiz va isteʼmolga yaroqsiz boʼlgan goʼsht, sut, goʼsht va sut mahsulotlari olib borib sotilishining oldini olish maqsadida, 3 ta viloyatlararo chegarada joylashgan YPX maskanlarida mutasaddi idoralar xodimlari bilan hamkorlikda maxsus tadbirlar  oʼtkazildi.

Viloyatdagi mavjud bozorlar, savdo obʼektlarida joylashgan qassobxonalarda kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyolar bilan savdo qilinishida veterinariya, sanitariya qoidalari va meʼyorlariga rioya etilishi boʼyicha tekshiruvlar va reydlar oʼtkazilib, kamchiliklarga yoʼl qoʼygan va yaroqsiz mahsulot sotgan 74 nafar fuqaroga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Jumladan, 2021 yil 7 aprelь kun “Mingchinor” muntazam YPX maskanida Kitob tumanida yashovchi fuqaro Sh.B. boshqaruvida boʼlgan "Kiva bongo" rusumli yuk avtomashinasida 600 kg ogʼirlikdagi yirik shoxli mol goʼshtini veterinariya maʼlumotnomalarisiz olib ketayotganligi aniqlanib, tegishli tartibda bayonnoma rasmiylashtirildi.

  Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

Text to speech