19 Iyun 2021 yil 879

Ichki ishlar organlari va hamkor tashkilotlar memorandumi imzolandi


Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 02 aprelь kuni PQ 5050-sonli “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish boʼyicha qoʼshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Qarori bilan “Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish kontseptsiyasi” tasdiqlandi. Kontseptsiyaga koʼra, ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish - oliy burchimiz!" kontseptual gʼoyasi asosida tashkil etilishi, xodimlarning ongu tafakkuriga Vatan va xalq manfaatlariga xizmat qilish sharafli va muqaddas burch ekanligini anglash, davlatimiz va ichki ishlar organlarining timsollari bilan faxrlanib, qasamyodiga sodiq boʼlish hamda kasbiy burchini bajarishda qonuniylikka qatʼiy rioya etish tuygʼusini chuqur singdirish orqali xalqning ularga boʼlgan ishonchi va hurmat hissini yuksaltirish kontseptsiyaning asosiy maqsadi va vazifalaridan biri sifatida belgilangan.
Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlarning dunyoqarashi, siyosiy ongi, maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik, kasbga sadoqat va masʼuliyat hissini oshirish, milliy va xalqaro huquq normalari asosida xodimlarning maʼnaviy salohiyati va mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, Vatan taqdiri hamda kelajagi uchun daxldorlik tuygʼularini mustahkamlashga qaratilgan madaniy-maʼrifiy tadbirlarda olimlar, yozuvchi, shoir va siyosatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari, oliy taʼlim muassasalarining professor-oʼqituvchilari ishtiroki taʼminlanishi kontseptsiyani amalga oshirish mexanizmi sifatida belgilangan.
Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida oʼtgan davrda mazkur yoʼnalishda bir qancha tadbirlar oʼtkazilib, mazkur tadbirlarda yuqorida nomlari keltirib oʼtilgan vazirlik va qoʼmitalarning viloyatimizdagi boʼlimlari bilan har tomonlama hamkorlik qilinmoqda. Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida bugun viloyat IIBda Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʼlimi, Musulmonlar idorasining viloyat boʼlimi hamda Jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari oʼrtasida memorandum imzolandi.
Bugun imzolangan memorandum bu boradagi hamkorlikdagi ishlarning huquqiy asosi boʼlibgina qolmay, kelgusida ichki ishlar organlarida oʼtkaziladigan maʼnaviy-maʼrifiy hamda madaniy tadbirlarimizni yanada mazmunli va koʼtarinki ruhda oʼtishiga mustahkam poydevor boʼladi.
Tadbirda Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʼlimi rahbari L.Saodatovaga boshqarma "Maʼrifat zali"ning ramziy kaliti topshirildi.

Text to speech