14 Dekabr 2024 yil 1000

“Xonliklar davrida jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash”

Qashqadaryo viloyati IIBda “Xonliklar davrida jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash”  mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat IIB rahbariyati, tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari, Qarshi davlat universiteti o‘qituvchisi ishtirok etdi. Uni viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Talat Mamatkulov ochdi. Tadbirda Qarshi Qarshi davlat universiteti katta o‘qituvchisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bobur G‘aniyev so‘zga chiqib, o‘rta asr an’analariga ko‘ra, xonliklar davridagi davlat boshqaruvi tizimidagi mansab va unvonlarni nisbiy ravishda uch turga bo‘lish mumkin dedi. Bular ma’muriy-harbiy, harbiy va diniy mansablar. Ma’muriy-harbiy mansab egalari urush paytida harbiy soha bilan band bo‘lsa, tinchlik davrida o‘z vazifalaridan tashqari, hukmdor xavfsizligi, shahar va qishloqlardagi tartib-osoyishtalik, o‘g‘irliklar va boshqa jinoyatlarga qarshi kurashishga ham mas’ul bo‘lgan. Quyida mamlakat miqyosidagi xavfsizlik masalalariga mas’ul bo‘lgan ayrim lavozimlarga to‘xtalib o‘tamiz. Muhtasib (rais deb ham atalgan) – islom marosimlari, urf-odatlar va shariat qonunlarining bajarilishi, odamlarning jamoat joylarida yurish-turishi ustidan nazorat qiluvchi amaldor. Ular bozorlardagi narx-navo va o‘lchov asboblarining to‘g‘riligi ustidan nazorat qilish, diniy vazifalarini bajarmagan kishilarni jazolashga hukm chiqarish va o‘sha yerning o‘zida hukmni ijro ettirish kabi vakolatlarga ega bo‘lgan. Muhtasibni odatda xon tayinlagan va u qozi bilan barobar ish ko‘rgan, ammo u ma’muriy jihatdan qozidan pastroq lavozim hisoblangan va undan ancha kam maosh olgan. Xon saroyidagi xavfsizlikni ta’minlash, ichki tartib-qoidalardan xabardorlik eshikog‘aboshi lavozimidagi shaxs zimmasiga yuklatilgan. Ular urush paytlarida oliy hukmdorning eng muhim harbiy topshiriqlarini ham bajargan. Qorovulbegi – qorovullar, posbon va soqchilar boshlig‘i. Qorovulbegi davlat tinchligi va xavfsizligiga javobgar shaxs hisoblansa, harbiy harakatlar chog‘ida unga tegishli kishilar qo‘shin xavfsizligi, uni qo‘riqlash, soqchi-posbonlar qo‘yish singari ishlarga mas’ul bo‘lishgan. Yasovul – kichik harbiy amaldor bo‘lib, ma’muriy-politsiya mahkamasining, shuningdek, xonning shaxsiy topshiriqlarini bajargan. Dorug‘a (qutvol) – shahar, viloyat yoki qal’alarning noiblari hisoblanib, ularning vazifasi o‘ziga biriktirilgan hududni idora qilish, jumladan, aholini ro‘yxatga olish, soliq yig‘ish, tinchlik va osoyishtalikni saqlash, urushlar paytida oliy hukmdor qo‘shini tarkibida o‘zlari hokimlik qilgan hudud lashkariga qo‘mondonlik qilishdan iborat bo‘lgan. Qozi askar – harbiylar sodir etgan jinoyatlarni taftish qilish va jazo tayinlash bilan shug‘ullanadigan amaldor. Ular shariat qoidalarini mukammal o‘zlashtirgan, shu bilan birga, harbiy sohani ham yaxshi biladigan muftiylar orasidan tayinlangan. Aholining tinchligi va osoyishtaligi uchun mirshablar mas’ul hisoblangan. Mirshablar shaharlar va qishloqlarda kecha-yu kunduz soqchilik qilishgan, jamoat joylari, bozorlar va ko‘chalarda tartib va osoyishtalikni ta’minlagan. Qozilar tomonidan tayinlangan jazoni ijro etish ham ularning zimmasiga yuklangan. Odatda mirshablar shahar mirshabboshisiga bo‘ysungan. Masalan, Buxoro shahri mirshabboshisiga bir vaqtning o‘zida amirlikdagi boshqa barcha shahar va viloyatlar mirshablari ham bo‘ysungan. Xonliklardagi sud tizimida ham o‘rta asrlarga xos xususiyatlar saqlanib qolgan. Masalan, Xiva xonligi sud tizimi vakolat doirasi va faoliyat shakliga ko‘ra, joylardagi fuqarolik va jinoyat ishlari bilan shug‘ullanuvchi qozi sudlari, qozilar ustidan boshqaruv va nazorat bilan shu¬g‘ul¬lanuvchi, shuningdek, muhim ishlarni o‘zi ham ko‘rib chiqadigan qozikalon va qozi askar (qozi o‘rdu deb atalgan, saroy harbiy sudi) hamda siyosiy, o‘ta og‘ir va mansabdor shaxslarga oid jinoyat ishlarini ko‘ruvchi oliy instansiya – xon sudi ( xon raislik qiluvchi oliy va markaziy mansabdor shaxslardan iborat bo‘lgan)dan tashkil topgan. Xiva xonligida xon mutlaq hukmdor sifatida qozilar tomonidan tayinlangan oliy jazo to‘g‘risidagi hukmlarni ko‘rib chiqqan va zaruratga ko‘ra unga o‘zgartirishlar kiritgan. Qozilarning muhim ishlar yuzasidan hukmlarini tasdiqlash va bekor qilish vakolatiga ega bo‘lgan. Xonlikdagi har bir viloyat, tuman, qasaba, shaharlarda xon tomonidan tayinlangan qozilar bo‘lib, ular o‘z yordamchilari – muftiylar yordamida mulkchilik mojarolarini hal qilish, mayda jinoyatlarni ochish va shu singari ishlar bilan shug‘ullangan. Viloyatlardagi jinoiy ishlarni ko‘rib chiqishda mahalliy hokimning ham ishtirok etish huquqi bor edi. Qishloqlardagi mayda mojarolar qishloq oqsoqollari tomonidan hal qilinardi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, xalqimizda qadimdan o‘zgalar moliga ko‘z olaytirish, o‘g‘irlik qilish nihoyatda qattiq qoralangan. Kamdan-kam uchrab turadigan tarozidan urish, o‘g‘irlik va boshqa shu kabi jinoyatlarda aybdor aniqlansa, u xalq o‘rtasida namoyishkorona jazolangan. Bu kabi ta’sir choralari o‘ziga xos profilaktika vazifasini o‘tab, jinoyatchilikning kamayishiga sabab bo‘lgan. Tadbirda IIV akademiyasida tahsil olayotgan tinglovchilarning ota-onasiga minnatdorchilik xati, “Eng yaxshi kutubxona” tanlovi g‘olibi va navbatdagi maxsus unvonlar tantanali ravishda topshirildi. Yakunda IIV SHXBB Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik T.Bayjanov respublika va viloyat miqyosida xodimlar bilan bog‘liq sodir bo‘lgan salbiy va favqulodda holatlar va ularni oldini olish borasidagi ma’ruzasi tinglandi.

Navbatchilik qismi

102

Ishonch telefoni

1102

Text to speech

Sahifadagi xatolar bo`yicha manzil:

Matn xato bilan:

Sizning izoxingiz yoki to`g`ri versiya: