10 Sentyabr 2022 yil 715

Hallolikni shior bilgan xodim

2022 yil 10 iyun kuni Chiroqchi tuman IIB JXX HPB profilaktika inspektori katta leytenant Nurbek Oqnazarov xizmat hududi tumanning tog‘li “Langar” MFYda xizmat olib borayotganda Samarqand viloyatiga tegishli “Niva” rusumli avtomashinaga duch keladi. Avtomshinani  to‘xtatib, haydovchi bilan muloqotga kirishadi. Mehmon o‘zini B.P. deb tanishtirib, tegishli hujjatlari yo‘qligini bildiradi.

Avtomashinada esa ikki nafar voyaga yetmagan bolalar bo‘lib, ular Chiroqchi tumani Xontepa qishlog‘ida yashovchi R.M va A.S. ekanligini, maqsad esa qishloq hududida o‘sadigan “Karrak” o‘simligini yig‘ish uchun bolalarni yollaganligini ma’lum qiladi.

Katta leytenant Nurbek Oqnazarov aniqlangan holatlar - avtomashinani tegishli hujjatlarsiz boshqarish va voyaga yetmagan shaxslarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtiradi.

 Ish bunday chappasiga ketishini kutmagan mehmon Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi fuqaro B.P. profilaktika inspektoriga ishni o‘z foydasiga hal etish evaziga pora taklif qiladi. Katta leytenant Nurbek Oqnazarov unga bu ishi jinoyat ekanligini, agar niyatidan qaytmasa qonuniy chora ko‘rilishi haqida ogohlantirsada, fuqaro unmaydi.

Natijada profilaktika inspektori Nurbek Oqnazarov bu haqda Chiroqchi tuman IIB boshlig‘i nomiga bildirgi bilan murojaat qiladi.

Yaqinda holat yuzasidan viloyat IIB, Chiroqchi tuman IIB va prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro B. P. profilaktika inspektori N.Oqnazarovning xizmat xonasida 5 500 000 so‘m miqdordagi pullarni pora tariqasida bergan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Chiroqchi tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro B.P.ga nisbatan O‘zR JKning 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

O‘z xizmat vazifasiga vijdonan va sidqidildan yondoshib, korrupsion holatni oldini olgani va fuqarolarda ichki ishlar organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlagani uchun katta leytenant Nurbek Oqnazarov boshqarma rahbariyati tomonidan pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Text to speech