Ishga qabul qilish

Ichki ishlar organlarida xizmatni o'tash tartibi to'g'risidagi
NIZOM

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi PQ-3413-son qaroriga 
1-ILOVA


1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom ichki ishlar organlari xodimlari (keyingi o'rinlarda — xodimlar) va O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ta'lim muassasalari kursant (tinglovchi)larining xizmat o'tash tartibini belgilaydi.
2. Ichki ishlar organlaridagi xizmat (keyingi o'rinlarda — xizmat) davlat xizmatining turi bo'lib, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta'minlash, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini bo'yicha vazifalarni amalga oshirishdan iborat.
3. Xizmatni o'tash quyidagi tartiblarni o'z ichiga oladi:
xizmatga qabul qilish; 
maxsus unvonlar berish va ulardan mahrum etish;
lavozimga tayinlash, lavozimdan ozod etish va rotatsiya;
xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
xodimning boshqa davlat organlari va tashkilotlariga saylanganida (tayinlanganida, safarbar etilganida) xizmat o'tashi;
attestatsiya o'tkazish;
ta'tillar berish;
huquqiy va ijtimoiy himoya qilish;
xizmat o'tash rejimini ta'minlash;
xizmat muddatlarini uzaytirish, xizmatdan bo'shatish va xizmatga tiklash.
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni ta'minlash qo'shinlari va qorovul qo'shinlari harbiy xizmatchilarining xizmat o'tashi, O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2-bob. Ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilish
4. Xizmatga munosib nomzodlarni tanlab olish maqsadida ta'lim muassasalari, harbiy qismlar, mudofaa ishlari bo'yicha boshqarma (bo'lim)larida, aholi turar joylarida, tashkilot va muassasalarda muntazam ravishda targ'ibot-tashviqot ishlari olib boriladi, ommaviy axborot vositalarida qabul va bo'sh lavozimlar to'g'risida e'lonlar joylashtiriladi, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalarida ochiq eshiklar kuni o'tkaziladi.
5. Xizmatga 165 santimetrdan past bo'lmagan erkaklar va 160 santimetrdan past bo'lmagan ayollar qabul qilinadi.
Nomzodlarga maxsus biometrik parametrlar o'rnatiladigan bo'linmalar va lavozimlar ro'yxati O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
6. Xizmatga tanlov asosida, ixtiyoriy tartibda yoshi o'n sakkizdan kichik va o'ttizdan katta bo'lmagan, shu jumladan o'ttiz yoshdagi ham, tegishli ma'lumotga ega, shaxsiy va ishchanlik sifatlari, sog'lig'ining holati va jismoniy tayyorgarligi bo'yicha xodimning xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo'lgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalaridagi kunduzgi ta'limga o'qishga, yoshi o'n sakkizdan kichik va yigirma beshdan katta bo'lmagan, shu jumladan yigirma besh yoshdagi ham, o'rta, o'rta-maxsus yoki kasb-hunar ma'lumotga ega O'zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari qabul qilinadi.
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining sirtqi ta'limga o'qishga, yoshi qirq yoshdan katta bo'lmagan, shu jumladan qirq yoshdagi ham, ichki ishlar organlarida kamida uch yillik amaliy ish stajiga, o'rta, o'rta-maxsus, kasb-hunar yoki oliy ma'lumotga ega bo'lgan xodimlar qabul qilinadi.
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kasbiy tayyorgarlik fakul`tetiga harbiy xizmat o'tagan (erkaklar uchun) va tegishli o'rta, o'rta-maxsus, kasb-hunar yoki oliy ma'lumotga ega, yoshi o'n sakkizdan kichik va o'ttizdan katta bo'lmagan, shu jumladan o'ttiz yoshdagi ham, O'zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari qabul qilinadi.
Zarur bo'lgan hollarda, O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan ro'yxati bo'yicha ichki ishlar organlarining ayrim bo'linmalari va tashkilotlariga xizmatda bo'lishning eng yuqori yoshiga to'lgan paytida ko'p yillik xizmati uchun pensiya olish huquqiga ega bo'ladigan o'ttiz yoshdan katta bo'lgan fuqarolar qabul qilinishi mumkin. 
erkaklar ichki ishlar organlaridagi xizmatga kirguniga qadar O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridagi muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o'tashi yoxud oliy o'quv yurtlarida harbiy tayyorgarlikdan o'tishi kerak. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kiruvchilar uchun ushbu talab o'rnatilmaydi.
Alohida hollarda, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga, qaroriga, farmoyishiga, shuningdek roziligiga yoki O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga yoxud O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug'iga asosan boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan xodimlar, shuningdek, ichki ishlar organlarining katta amaliy ish tajribasiga ega pensionerlari, ushbu bandning birinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilarida belgilangan talablarini inobatga olmagan holda xizmatga qabul qilinishi mumkin.
7. Xizmatga (keyingi o'rinlarda — nomzod) yoki O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish istagini bildirgan shaxs doimiy propiska joyi bo'yicha ichki ishlar organlariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
xizmatga yoki O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasasiga o'qishga qabul qilish to'g'risida ariza;
pasport nusxasi (aslini ko'rsatgan holda);
tug'ilganlik haqida guvohnomasi nusxasi (aslini ko'rsatgan holda);
FHDYO organlaridan ma'lumotnoma (tug'ilganlik haqida guvohnomaga o'zgartirish, tuzatish va qo'shimchalar kiritilgan yoki almashtirilgan hollarda); 
qarindoshlarining (ota-ona, er-xotin, farzandlar, aka-ukalar, opa-singillar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari) pasport nusxalari, nikoh qayd etilganligi yoki bekor qilinganligi, nogironlik (agar mavjud bo'lsa), qarindoshlarining o'limi haqidagi guvohnomalari nusxalari (asli ko'rsatilgan holda); 
3 x 4 sm o'lchamdagi oltita rangli fotosurat (bosh kiyimsiz), shuningdek 9 x 12 sm o'lchamdagi ikkita fotosurat (bosh kiyimsiz);
nomzodning tarjimai holi;
anketa-ma'lumotnoma;
o'qish, ish (agar o'qiyotgan yoki ishlayotgan bo'lsa) va yashash joyidan tavsifnoma hamda ma'lumotnoma (oila a'zolari ko'rsatilgan holda);
o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar yoki oliy ma'lumotni tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari (asli ko'rsatilgan holda);
asli ko'rsatilgan holda harbiy guvohnoma nusxasi (O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining oliy ta'lim muassasalariga o'qishga topshirayotganda harbiy guvohnoma mavjud bo'lmasa, chaqiruv uchastkasida qayd etilganligi to'g'risida guvohnoma taqdim etiladi);
propiska joyi bo'yicha belgilangan namunadagi sog'lig'ining holati haqida ma'lumotnoma (bo'y parametri ko'rsatilgan holda);
asli ko'rsatilgan holda mehnat daftarchasining nusxasi (agarda mavjud bo'lsa).
Xizmat o'tash xususiyatidan kelib chiqib, shuningdek ayrim hujjatlarga aniqlik kiritish maqsadida nomzoddan yoki tegishli muassasadan qo'shimcha hujjat yoxud ma'lumotlar talab qilib olinishi mumkin.
8. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish istagini bildirgan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari ichki ishlar organi vakolatli boshlig'i nomiga ushbu Nizomning 7-bandida ko'rsatilgan hujjatlarni taqdim etmagan holda belgilangan tartibda bildirgi bilan murojaat etadilar.
9. Xizmatga qabul qilish nomzodning doimiy propiska joyi bo'yicha ichki ishlar organlari tomonidan dastlabki va yakuniy tanlovlar asosida amalga oshiriladi. Tanlovlarni tashkil etish va o'tkazish uchun ichki ishlar organlarida qabul komissiyalari tuziladi.
Tanlovlar nomzodning xohishiga ko'ra davlat, qoraqalpoq yoki rus tillarida o'tkaziladi.
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati va oliy ta'lim muassasalariga, shuningdek Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga xizmatga, istisno tariqasida, Toshkent shahrida doimiy propiskaga ega bo'lmagan fuqarolar orasidan ham nomzodlarni tanlash va qabul qilishga ruxsat beriladi.
10. Dastlabki tanlov tadbirlari quyidagilarni o'z ichiga oladi:
dastlabki suhbat;
psixologik test;
umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash.
Dastlabki tanlov tadbirlari ularning turlaridan kelib chiqib, tegishli mutaxassislar tomonidan o'tkaziladi.
Dastlabki tanlov, dastlabki suhbat, psixologik test va umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning umumlashtirilgan natijalariga ko'ra yakunlanadi.
11. Dastlabki tanlovlardan muvaffaqiyatli o'tgan nomzodlarning shaxsiy hujjatlar yig'majildlarini rasmiylashtirish ichki ishlar organlarining kadrlar bo'linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Nomzodning tegishli hujjatlarini yig'ish jarayonida unga bir paytning o'zida xizmatga yaroqlilik darajasini aniqlash maqsadida harbiy-tibbiy komissiyasiga yo'llanma beriladi.
Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, ichki ishlar organlarida xizmatni o'tashga to'sqinlik qiladigan kasalligi yoki jismoniy nuqsonlari bo'lgan, boshqa davlat organlaridan salbiy sabablarga ko'ra bo'shatilgan, shuningdek, sodir etgan jinoyati uchun muqaddam sudlangan (qo'llanilgan jazo turidan, sudlanganlik holati tugallangan yoki olib tashlangan va amnistiya akti qo'llanilgandan qat'i nazar) fuqarolar xizmatga qabul qilinishi mumkin emas.
Xizmat o'tashga to'sqinlik qiluvchi kasalliklar va jismoniy nuqsonlar ro'yxati O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Xizmatga kiruvchi nomzodlarga xizmat siri hisoblanuvchi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan hamda oshkor etilishi man etiladigan maxsus talablar ham o'rnatiladi. 
Nomzodning shaxsiy hujjatlar yig'ma jildlarini rasmiylashtirish davomida xizmatga qabul qilinishiga to'sqinlik qiluvchi ma'lumotlar (xizmatga qabul qilish uchun umumiy va maxsus talablarga mos kelmaslik) aniqlangan taqdirda, uni shaxsiy hujjatlar yig'ma jildlarini rasmiylashtirish to'xtatilib, xizmatga qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi to'g'risida vakolatli rahbar tomonidan qaror qabul qilinadi, bu haqda nomzodga xabar beriladi.
SHaxsiy hujjatlar yig'ma jildi to'liq rasmiylashtirilib, harbiy-tibbiy komissiya tomonidan xizmatga yaroqli deb topilgan taqdirdagina, nomzod yakuniy tanlovga qo'yiladi.
12. YAkuniy tanlov nomzod bilan yakka tartibdagi suhbat shaklida o'tkazilib, suhbat davomida uning aqliy salohiyati, xizmat o'tashga ruhan tayyorligi, kirishimliligi, shuningdek xodim uchun zarur bo'lgan boshqa ma'naviy-axloqiy va kasbiy jihatdan muhim xislatlar baholanadi.
YAkuniy suhbat natijalari ko'ra nomzodning xizmatga kasbiy jihatdan yaroqliligi to'g'risida xulosa chiqariladi. 
13. Tanlovda ishtirok etadigan nomzodlarning soni cheklanmaydi. YAkuniy tanlovda, qoida tariqasida, bir lavozimga kamida ikkita nomzod ishtirok etishi lozim.
Xizmatga, mavjud bo'sh lavozimlarni hisobga olgan holda yakuniy tanlov natijalariga ko'ra yakka tartibdagi suhbatdan muvaffaqiyatli o'tgan nomzodlar qabul qilinadi.
Tor ixtisoslik bo'yicha mutaxassislar qatoridan bo'lgan nomzodlar O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan ro'yxat va tartibda tanlovsiz xizmatga qabul qilinishi mumkin. 
14. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalariga nomzodlar tanlovi tartibi va qabul qilish qoidalari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kasbiy tayyorgarlik fakul`tetiga qabul qilish qoidalari O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
Ichki ishlar organlarining maxsus bo'linmalariga tanlash tartibi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
Ichki ishlar organlari tahliliy va yuridik ta'minlash bo'linmalariga birinchi marotaba xizmatga qabul qilinayotgan nomzodlar, istisno tariqasida, dastlabki tanlov imtihonlaridan ozod etiladi.
15. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarining Harbiy-texnika instituti, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi yoki YOng'in xavfsizligi instituti kira olmagan bitiruvchilari, xizmatga qabul qilinishi uchun O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan tartibda ustunlikka ega bo'ladi.
16. Dastlabki tanlov sinovlarining biridan yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan o'ta olmagan nomzod ularni takroran topshirishiga qo'yilmaydi.
17. YAkuniy tanlovdan muvaffaqiyatli o'tgan nomzodlar, ichki ishlar organi qabul komissiyasining xulosasi asosida, xizmatga qabul qilish vakolatiga ega bo'lgan boshliqning buyrug'i bilan lavozimga tayinlanadi.
18. Tanlovlarni tashkil etish va o'tkazish, shuningdek nomzodlarning shaxsiy hujjatlari yig'ma jildlarini rasmiylashtirish tartibi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
19. Ichki ishlar organlaridagi lavozimlar quyidagicha jamlanadi:
ofitserlar tarkibi — oliy ma'lumotga ega, ayrim mutaxassisliklar bo'yicha esa — yoki Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialida o'qishni tamomlagan, O'zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan;
serjantlar tarkibi — o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar yoki oliy ma'lumotga ega, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kasbiy tayyorgarlik fakul`tetini yoki O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Serjantlar tayyorlash maktabini tamomlagan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan;
safdorlar tarkibi — o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar yoki oliy ma'lumotga ega O'zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan.
O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining zaxirasidagi ofitserlarni ichki ishlar organlarining safdor va serjantlar tarkibi lavozimlariga tayinlashga yo'l qo'yilmaydi.
20. Ichki ishlar organlaridagi lavozimlarga tayinlash uchun zarur ta'lim va mutaxassisliklarning ro'yxati O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
21. Xizmatga birinchi marta qabul qilingan fuqarolar quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi:
«Men, (familiyasi, ismi, otasining ismi), ichki ishlar organlaridagi xizmatga kirar ekanman, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish, mamlakat tinchligi, osoyishtaligi va xavfsizligini mustahkamlash borasidagi burchimni va zimmamga yuklatilgan majburiyatlarni vijdonan, sidqidildan bajarishga va'da beraman.
Vatanimga va O'zbekiston xalqiga sodiq bo'lishga qasamyod qilaman».
22. Xizmatga qabul qilishda xodimga xizmat guvohnomasi va shaxsiy raqamli jeton beriladi.
Xodimning xizmat guvohnomasi va jetonining namunalari, shuningdek ularni berish va hisobini yuritish tartibi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Xodimning xizmat guvohnomasi o'qotar qurolni olib yurish va saqlash huquqini, shuningdek qonunga muvofiq unga berilgan boshqa huquq va vakolatlarini tasdiqlaydi.
23. Xizmatga qabul qilingan xodimga dastlabki sinov muddati tayinlanadi va unga murabbiy biriktiriladi.
Dastlabki sinov muddati uch oydan ortiq bo'lishi mumkin emas.
24. Qasamyod qabul qilish, dastlabki sinov muddatini o'tash va murabbiylarni biriktirish tartibi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
25. Xizmatga qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining harbiy xizmatga majbur fuqarolari, shu jumladan O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalarining xizmatga chaqiriluvchi hisoblangan kursantlari, harbiy hisobdan chiqariladi va O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining maxsus hisobida turadi.
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalarining kursantlari birinchi bosqich ta'lim muddati yakunlanganidan so'ng, muddatli harbiy xizmatni o'tgan hisoblanadilar va ularga ta'lim muassasasi joylashgan erdagi mudofaa ishlari bo'yicha hududiy bo'lim tomonidan harbiy guvohnoma beriladi.
26. Xizmatga qabul qilish va bo'shatish, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalarida o'qishga qabul qilish, shuningdek maxsus unvonlar berish O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan vakolat berilgan boshliqlarning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. 
3-bob. Maxsus unvonlarni berish va ulardan mahrum qilish
27. Maxsus unvon xodimning xizmat majburiyatlariga munosabati, o'tagan xizmat yillari va egallagan lavozimini inobatga olgan holda yakka tartibda beriladi.
28. Xodimlarga quyidagi maxsus unvonlar beriladi:
safdorlar tarkibi — safdor;
serjantlar tarkibi — kichik serjant, serjant, katta serjant;
ofitserlar tarkibi:
kichik ofitserlar tarkibi — leytenant, katta leytenant, kapitan;
katta ofitserlar tarkibi — mayor, podpolkovnik, polkovnik;
generallar tarkibi — general-mayor, general-leytenant, general-polkovnik.
29. Birinchi va navbatdagi maxsus unvonlar, maxsus unvonlar berish vakolatiga ega boshliqning buyrug'i bilan beriladi. 
30. «Safdor» maxsus unvoni ichki ishlar organlari safdorlar tarkibi lavozimiga tayinlangan, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ta'lim muassasalari va chet davlatlar ta'lim muassasalarining (O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan kelishuv asosida yuborilganlar) kursant (tinglovchi)lar safiga qabul qilingan shaxslarga ularni tayinlash (qabul qilish) bilan bir vaqtda beriladi, serjantlar tarkibining maxsus unvoniga ega xodimlar bundan mustasno.
«Safdor» maxsus unvoni xizmatga yoki o'qishga qabul qilish vakolatiga ega bo'lgan boshliqlar tomonidan beriladi.
31. «Kichik serjant» maxsus unvoni O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshlig'i tomonidan kasbiy tayyorgarlik fakul`tetini serjantlar tarkibini tayyorlash dasturi bo'yicha muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga beriladi.
Serjantlar tarkibining navbatdagi maxsus unvonlari lavozimga tayinlash vakolatiga ega boshliqlarning buyruqlari bilan beriladi.
32. Ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibi lavozimlarga qabul qilingan nomzodlarga ularni lavozimga tayinlash bilan bir vaqtda «katta serjant» maxsus unvoni beriladi, bu unvonda ular dastlabki sinov muddati tugab, ofitserlik unvoni berilguniga qadar xizmat olib boradilar.
O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasidagi ofitserlar hisoblanuvchi va ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan nomzodlarga mavjud harbiy unvoniga teng darajadagi maxsus unvon beriladi.
33. Ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibining birinchi maxsus unvoni «leytenant» hisoblanadi.
Ayrim hollarda, ilmiy darajasi yoxud faoliyatning tor ixtisoslik turlari bo'yicha ko'p yillik staji va ish (xizmat) tajribasiga ega bo'lgan fuqarolarga ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibi lavozimlariga tayinlash vaqtida birinchi unvon sifatida «mayor» maxsus unvonigacha bo'lgan, shu jumladan mayor unvoni ham, maxsus unvonlaridan biri berilishi mumkin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni, qarori, farmoyishi asosida yoki roziligi bilan generallar tarkibi lavozimlariga xizmatga yuborilgan, maxsus, harbiy va boshqa unvoni bo'lmagan shaxslarga belgilangan tartibda «polkovnik» maxsus unvonigacha bo'lgan, shu jumladan polkovnik unvoni ham, maxsus unvon berilishi mumkin. 
Ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibining birinchi maxsus unvoni O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug'i bilan beriladi.
«Leytenant» maxsus unvoni quyidagilarga beriladi:
ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibi lavozimlariga qabul qilinib, sinov muddatini muvaffaqiyatli o'tagan shaxslarga;
ichki ishlar organlarining safdor yoki serjantlar tarkibidan ofitserlik lavozimlariga tayinlanganlarga;
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kasbiy tayyorgarlik fakul`teti bitiruvchilariga;
Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalarini kunduzgi ta'lim, shuningdek xorijiy davlatlar ta'lim muassasalarining (O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan kelishuv asosida yuborilgan) bitiruvchilariga.
34. Ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibining navbatdagi maxsus unvonlari quyidagilar tomonidan beriladi: 
«mayor» maxsus unvonigacha — ofitserlar tarkibi unvonlarini berish vakolatiga ega boshliqlar tomonidan, boshliqlari bunday vakolatga ega bo'lmagan tarkibiy tuzilmalar xodimlariga esa O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan;
 «podpolkovnik» maxsus unvoni — O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining o'rinbosari — Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig'i tomonidan;
 «polkovnik» maxsus unvoni — O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan;
generallar tarkibining maxsus unvonlari — O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining tavsiyanomasiga ko'ra O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan.
35. Maxsus unvonda xizmat o'tash muddatlari quyidagicha belgilanadi: 
«safdor» — muddatsiz;
«kichik serjant» — ikki yil;
«serjant» — ikki yil;
«katta serjant» — muddatsiz;
«leytenant» — ikki yil; 
«katta leytenant» — ikki yil; 
«kapitan» — uch yil; 
«mayor» — to'rt yil; 
«podpolkovnik» — besh yil.
«Polkovnik» va undan yuqori maxsus unvonlarda xizmat qilish muddatlari belgilanmaydi.
36. Navbatdagi maxsus unvonlar belgilangan xizmat muddatini o'tagan xodimlarga, ular egallab turgan lavozimining unvon pog'onasiga muvofiq beriladi.
37. Navbatdagi maxsus unvonni chetlab o'tib, maxsus unvonlar berilishiga yo'l qo'yilmaydi.
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalarida o'qish va sport-madaniyat sohasida yuqori natijalarga erishgan, ta'lim dasturini a'lo baholarga tamomlagan bitiruvchilariga O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan ta'lim muassasa boshlig'ining taqdimnomasi asosida ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibining birinchi maxsus unvonini chetlab, «katta leytenant» maxsus unvoni berilishi mumkin.
38. Xodim yuqori darajadagi unvon belgilangan lavozimga o'tkazilganda, mavjud unvonida bo'lish muddati o'tgan bo'lsa, lavozimiga qachon tayinlanganidan qat'i nazar, navbatdagi maxsus unvon berish uchun taqdim etiladi.
39. Maxsus unvonda xizmat o'tash muddati kalendar` hisobda maxsus unvon berish haqida buyruq chiqarilgan kundan e'tiboran hisoblanadi (ushbu Nizomning 47 va 48-bandlari talablari asosida berilgan maxsus unvonlar bundan mustasno).
Xodimning maxsus unvoni pasaytirilgan taqdirda uning avvalgi unvonini qayta tiklanguniga qadar o'tagan xizmat davri navbatdagi unvon muddatiga qo'shilmaydi.
40. Xizmat majburiyatlarini namunali darajada bajarayotgan, jinoyatchilikka qarshi kurashda, ilmiy-tadqiqot va pedagogik faoliyatda yuqori ko'rsatkichlarga erishgan, xizmat burchini bajarishda qahramonlik, jasorat va fidoyilik ko'rsatgan xodimlarga rag'batlantirish chorasi tariqasida ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibining maxsus unvonini muddatidan oldin yoki egallab turgan lavozimi bilan ko'zda tutilgandan bir pog'ona yuqori navbatdagi maxsus unvon berilishi ham mumkin.
Muddatidan oldin navbatdagi maxsus unvonlar quyidagilarga beriladi:
ichki ishlar organlari generallar tarkibi lavozimlariga tayinlangan («polkovnik» unvonidan past unvonga ega bo'lgan) xodimlarga — mavjud maxsus unvonda qancha muddat xizmat o'taganidan qat'i nazar;
ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibidagi lavozimlarda xizmat qilayotgan xodimlarga — mavjud maxsus unvonda xizmat qilish uchun belgilangan muddatning kamida uchdan ikki qismi o'tganidan so'ng.
O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, mavjud maxsus unvonda xizmat o'tash uchun qancha muddat belgilanganidan qat'i nazar, navbatdagi maxsus unvonlarni berish huquqiga ega.
egallab turgan lavozimi bilan ko'zda tutilgandan bir pog'ona yuqori navbatdagi maxsus unvon quyidagilarga beriladi (generallar tarkibi maxsus unvonlari bundan mustasno):
ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibi xodimlariga — mavjud unvonda xizmat o'tash muddati tugaganidan so'ng;
ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibi lavozimlaridagi xodimlarga — mavjud unvonda xizmat o'tash muddatining kamida bir yarim baravari o'tganidan so'ng. 
Ichki ishlar organlari profilaktika, tergov, jinoyat qidiruv, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo'linmalari xodimlariga rag'batlantirish chorasi tariqasida egallab turgan lavozimi bilan ko'zda tutilgan maxsus unvondan qat'i nazar navbatdagi maxsus unvon berilishi mumkin:
«podpolkovnik» maxsus unvoni — tegishliligi bo'yicha ichki ishlar organlari profilaktika, tergov, jinoyat qidiruv, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo'linmalarida o'n besh kalendar` yildan ortiq uzluksiz ish stajiga ega bo'lgan profilaktika inspektori, tergovchi (surishtiruvchi), tezkor xodim yoki profilaktika katta inspektori, katta tergovchi (katta surishtiruvchi), katta tezkor vakil lavozimidagi xodimlarga «mayor» maxsus unvonida xizmat o'tash muddati tugaganidan so'ng;
«polkovnik» maxsus unvoni — tegishliligi bo'yicha ichki ishlar organlari profilaktika, tergov, jinoyat qidiruv, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo'linmalarida yigirma kalendar` yildan ortiq uzluksiz ish stajiga ega bo'lgan profilaktika katta inspektori, katta tergovchi (katta surishtiruvchi), katta tezkor vakil yoki o'ta muhim ishlar bo'yicha tergovchi, tezkor vakil lavozimidagi xodimlarga «podpolkovnik» maxsus unvonida xizmat o'tash muddati tugaganidan so'ng.
Bir vaqtning o'zida muddatidan oldin hamda egallagan lavozimi bilan ko'zda tutilgan bir pog'ona yuqori navbatdagi maxsus unvon berilishiga yo'l qo'yilmaydi.
41. Pensiya olish huquqini beradigan xizmat yilini hamda navbatdagi maxsus unvon uchun belgilangan muddatini o'tagan, egallab turgan lavozimi bilan belgilangan unvon pog'onasi «kapitan» bo'lgan, ijobiy tavsiflanadigan ofitserlar tarkibidagi xodimlarga xizmatdan bo'shatish bilan bir vaqtda «mayor» maxsus unvoni berilishi mumkin.
42. Xodimlarga navbatdagi maxsus unvon berilishi quyidagi hollarda kechiktiriladi:
xodim ichki ishlar organlari ixtiyorida bo'lganda;
xodimda amaldagi intizomiy jazosi mavjud bo'lganda;
xodim attestatsiyadan shartli ravishda o'tganida;
xodimga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atilganda;
intizomiy jazo tariqasida egallab turgan lavozimidan ozod etilgan va boshqa lavozimga o'tkazilgan taqdirda — lavozimidan ozod etilgan kundan boshlab, bir yil davomida.
43. Navbatdagi maxsus unvonni asossiz ravishda kechiktirilishiga yo'l qo'ygan boshliqlar va xodimlar belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortiladi.
44. Ichki ishlar organlari ofitserlar tarkibi xodimlarining maxsus unvonlarini intizomiy jazo tariqasida bir pog'ona pasaytirish mumkin. Bunda unvon «leytenant» maxsus unvonigacha pasaytiriladi.
«Podpolkovnik» va undan past maxsus unvonlarni pasaytirish O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan amalga oshiriladi.
«Polkovnik» maxsus unvoni O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda pasaytiriladi.
Maxsus unvoni pasaytirilgan xodimning avvalgi unvoni, egallab turgan lavozimidan qat'i nazar, O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan unvonini pasaytirishni tavsiya etgan boshliqning (yoki unga tenglashtirilgan boshliqning) yoxud yuqori lavozimdagi boshliqning taqdimnomasi bo'yicha tiklanishi mumkin.
Generallar tarkibi xodimlarning maxsus unvonlari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan pasaytiriladi va tiklanadi.
45. Maxsus unvoni pasaytirilgan va so'ngra tiklangan xodimning maxsus unvondagi muddati, unvoni pasaytirilguniga qadar o'tagan xizmati bilan qo'shib hisoblanadi.
46. Sudning hukmi asosida maxsus unvonlardan mahrum qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
safdorlar va serjantlar tarkibining maxsus unvonlari — ushbu unvonlarni berish vakolatiga ega boshliqlar tomonidan;
ofitserlar tarkibining maxsus unvonlari O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug'i bilan.
Generallar tarkibi maxsus unvoniga ega shaxslar maxsus unvonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sudning tegishli taqdimnomasi asosida mahrum qilinishi mumkin.
Sud shaxsning maxsus unvonini tiklash haqida qaror qabul qilganida maxsus unvondan mahrum qilgan boshliq yoki bunday vakolatga ega yuqori turuvchi rahbar tomonidan tiklanadi.
47. Nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi yoki maxsus unvon va martaba darajasi bo'lishi nazarda tutilgan boshqa organlardan xizmatga qabul qilingan yoki o'tkazilgan shaxslarning maxsus unvonlari, egallab turgan lavozimidan qat'i nazar, O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan ushbu Nizom ilovasiga muvofiq beriladi.
Ushbu tartib nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi yoki maxsus unvonlar bo'lishi nazarda tutilgan boshqa organlar bo'linmalariga qabul qilingan yoki o'tkazilgan xodimlarga ham qo'llaniladi.
48. Mudofaa organlarining tarkibiy tuzilmalari va ta'lim muassasalaridan xizmatni davom ettirish uchun kelgan oddiy askar va serjantlar tarkibi harbiy xizmatchilariga (shartnoma asosida xizmat o'tagan) lavozimga tayinlash to'g'risidagi buyruq bilan birga ularning harbiy unvonlariga muvofiq tenglashtirilgan maxsus unvonlar beriladi. 
49. Ushbu Nizomning 47 va 48-bandlarida belgilangan tartibda navbatdagi maxsus unvon berilgan xodimlarga ularni avvalgi ish joyida unvonda xizmat o'tagan davri hisobga olinadi.
50. Ushbu Nizomning 33-bandi uchinchi xatboshisi, 47 yoki 48-bandlariga muvofiq maxsus unvonlar berilgan (shu jumladan mazkur Nizom kuchga kirgunga qadar xizmatga qabul qilingan yoki o'tkazilgan) xodimlarga xizmat yillari uchun foizli ustama haq belgilashda ularning ilgarigi ish joyidagi (foizli ustama to'lash uchun belgilangan) xizmat yoki mehnat stajlari inobatga olinadi hamda ushbu davr xodim ichki ishlar organlaridan bo'shatilgan taqdirda unga pensiya tayinlashda umumiy xizmat stajiga qo'shib hisoblanadi.
51. YUqori yoki teng lavozimga vazifasini bajaruvchi etib tayinlagan xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar, vazifa bajaruvchi etib tayinlangunga qadar egallagan lavozimining unvon pog'onasi bo'yicha beriladi.
Agar vaqtincha lavozimni bajarish uchun tayinlangan xodimning ilgari egallagan lavozimining unvon pog'onasi navbatdagi unvonini berish uchun mos kelmasa, uni navbatdagi maxsus unvonga tavsiya etish mumkin emas. Bunda lavozim vazifasini bajarish muddati olti oydan oshmasligi lozim.
52. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalari rahbar kadrlarni tayyorlash fakul`teti (oliy kurslari) tinglovchilariga, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalarining doktoranturasida ta'lim olayotganlarga navbatdagi maxsus unvonlar ular tinglovchilar safiga, doktoranturaga qabul qilinganiga qadar xizmat qilgan oxirgi lavozimining unvon pog'onasiga muvofiq beriladi.
53. Xodimlar ilgari egallagan lavozimlaridagi shtat jadvali bo'yicha o'zgarishlar (shtatlar qisqarishi, unvon pog'onasi ko'tarilishi yoki tushirilishi) lavozim vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganlaridan yoki o'qishga kirganlaridan so'ng inobatga olinmaydi.
54. Maxsus unvonlar berish, ulardan mahrum qilish va ularni tiklashga doir hujjatlarni rasmiylashtirish hamda ularni ko'rib chiqish tartibi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
4-bob. Lavozimga tayinlash, lavozimdan ozod etish va rotatsiya
55. Ichki ishlar organlarining asosiy lavozimlari bo'yicha xodimlarning maxsus unvonlar ro'yxati — O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, ularga tenglashtirilgan lavozimlar ro'yxati esa — O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlagan tashkiliy-shtat tuzilmasi va umumiy shtatlar soni asosida O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
56. O'zbekiston Respublikasining «Ichki ishlar organlari to'g'risida»gi Qonunining 14-moddasida ko'rsatilmagan xodimlarni lavozimlarga tayinlash va ozod etish tartibi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
57. Tayinlanishi uchun xodimlarning sog'lig'i holati inobatga olinishi talab etiladigan lavozimlar O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
58. Xodimlarni lavozimga tayinlash, bunga vakolatli boshliqlar tomonidan quyidagi qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi:
a) xodimlarni lavozimga tayinlash ularning ma'lumoti, mutaxassisligi yoki lavozimga yaqin mutaxassislik, shuningdek amaliy ish tajribasiga muvofiq amalga oshiriladi;
b) bo'sh lavozim vazifasini bajarishning uzluksiz muddati olti oydan, jamlangan lavozimda esa to'rt oydan oshmasligi lozim;
v) tashkiliy-shtat o'zgarishlari bo'lganida, shuningdek xodimning hayoti va faoliyati bilan bog'liq holatlar yuzaga kelganida u egallab turgan lavozimida ozod qilinadi va 15 kundan ortiq bo'lmagan muddatga, ayrim hollarda esa O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri ruxsati bilan ikki oydan oshmagan muddatga pul ta'minoti (oxirgi lavozimi bo'yicha) saqlangan va xizmat stajini bir kuni bir kunga hisoblagan holda ichki ishlar organlari ixtiyoriga olinadi. 
Ichki ishlar organlari ixtiyorida bo'lish muddatini hisoblashda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik davri (layoqatsizlik haqidagi hujjat bo'lganida) yoki qo'shimcha ta'tilda bo'lish (bola parvarishlash ta'tilida bo'lish vaqti bundan mustasno) inobatga olinmaydi.
Xodimlarning ichki ishlar organlari ixtiyorida belgilangan muddatdan ortiq bo'lgani uchun haq to'lanmaydi, bunda ushbu davrning bir kuni bir kunga tenglashtirilgan holda umumiy xizmat stajiga kiritiladi.
g) xodimning yoki uning oila a'zolari hayoti yoxud sog'lig'iga xavf yuzaga kelganida, shuningdek ularning sog'lig'i holati tufayli xizmat (yashash) joyini o'zgartirish zarur bo'lganida, ushbu xodimni boshqa tuman (shahar, viloyat)ga xizmatga o'tkazish lavozimga tayinlash vakolatiga ega boshliq tomonidan amalga oshiriladi;
d) o'zaro qarindosh bo'lgan xodimlar (ota-ona, turmush o'rtog'i, aka-uka, opa-singil, farzandlar, shuningdek turmush o'rtog'ining ota-onasi, aka-ukasi, opa-singillari), agar unda xizmat o'tash birining ikkinchisiga bo'ysunishi yoki nazorat ostida bo'lishi bilan bog'liq bo'lsa, bir bo'linmadagi lavozimlarga tayinlanishi mumkin emas.
e) O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalari professor-o'qituvchilari tarkibi lavozimlariga tegishli sohada kamida o'n yillik ilmiy, pedagogik yoki amaliy ish tajribasiga ega bo'lgan shaxslar shahodatlangan lavozimlar hisobidan tayinlanishi mumkin.
j) xodimni egallab turgan lavozimidan chetlashtirishga doir jinoyat ishi bo'yicha sud qarori chiqarilganida u egallab turgan lavozimidan ozod etiladi hamda avvalgi xizmat vazifalarini bajarish bilan bog'liq bo'lmagan past yoki teng mavqeli lavozimga tayinlanadi yoxud ichki ishlar organlari ixtiyorida qoldiriladi;
egallab turgan lavozimidan chetlashtirilgan xodimni ichki ishlar organlaridan bo'shatish yoki uni avvalgi yoxud teng mavqeli lavozimga tayinlash masalasi bunga vakolatli boshliqlar tomonidan sud qarori asosida hal etiladi.
Xodimni egallab turgan lavozimidan qonunga xilof tarzda chetlashtirish tufayli yuzaga kelgan majburiy progulning bir yildan ortiq bo'lmagan muddati uchun unga pul ta'minoti tarzida haq to'lanadi.
59. Xodimni lavozimdan lavozimga o'tkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
yuqori lavozimga — xizmat bo'yicha ko'tarilish yoki rag'batlantirish tartibida;
teng lavozimga — o'zining xohishiga ko'ra, sog'lig'ining holati bo'yicha (harbiy-tibbiy komissiya xulosasi asosida), oilaviy sharoitga ko'ra, sud qarori asosida lavozimdan chetlashtirish yoki bo'sh lavozimlarni jamlash zaruriyati yuzaga kelganida xodimning kasbiy va shaxsiy xislatlarini inobatga olib, uning egallab turgan lavozimidagi amaliy tajribasidan foydalanish maqsadida, shuningdek tashkiliy-shtat o'zgarishlari bo'lganida;
past lavozimga — o'zining xohishiga ko'ra, sog'lig'ining holati bo'yicha (harbiy-tibbiy komissiya xulosasi asosida), attestatsiya tartibida egallab turgan lavozimiga noloyiq deb topilganida, intizomiy jazo chorasi sifatida egallab turgan lavozimidan ozod etilganda, shuningdek tashkiliy-shtat o'zgarishlari bo'lganida yoki sud qarori asosida lavozimidan chetlashtirilganligi sababli teng lavozimga o'tkazish imkoniyati bo'lmaganida.
Boshliqning xodimni past lavozimga o'tkazish haqidagi buyrug'ida buning asoslari ko'rsatiladi.
60. YUqori, teng yoki past lavozimlar egallab turgan lavozim bilan nazarda tutilgan maxsus unvonga muvofiq, maxsus unvonlar teng bo'lganida esa — lavozim maoshi miqdori bo'yicha aniqlanadi.
61. egallab turgan lavozimiga noloyiqligi sababli yoki intizomiy jazo tariqasida past lavozimga tayinlangan xodimlarni xizmat bo'yicha ko'tarish ularning kasbiy va shaxsiy xislatlari, sog'lig'ining holati, ish natijalari va xizmat vazifalarini bajarish bo'yicha ko'rsatgan qobiliyatidan kelib chiqib, kamida bir yildan keyin amalga oshiriladi. 
62. Xizmat joyi o'zgargan xodim ichki ishlar organlari xizmat bo'yicha ko'chirish haqida buyruqni yoki yozma xabarni olgan kunidan so'ng o'n kundan kechikmasdan moddiy va ishonib berilgan mulkni topshirganidan keyin, xizmat joyiga safarbar qilinishi lozim, xodim navbatdagi ta'tilda yoki davolanishda bo'lgan hollar bundan mustasno.
63. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalariga, shu jumladan kasbiy tayyorgarlik fakul`teti, rahbar kadrlar tayyorlash fakul`teti (oliy kurslar)ga o'qishga kirgan xodimlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etiladi va tinglovchilar safiga kiritiladi.
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ta'lim muassasalari kursantlari (tinglovchilari)ni o'tkazish, tiklash va o'qishdan chetlashtirish tartibi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
64. Xodimni maxfiy hujjatlar bilan ishlashi belgilangan lavozimga tayinlashda unga davlat sirini tashkil qiluvchi ma'lumotlarga o'rnatilgan tartibda ruxsatnoma rasmiylashtirish jarayoni amalga oshiriladi. 
Davlat sirini tashkil etuvchi ma'lumotlarga ruxsatnomasi bo'lmagan xodimni maxfiy hujjatlar bilan ishlashi belgilangan lavozimga tayinlashga yo'l qo'yilmaydi.
Xodim o'rnatilgan tartibda davlat sirini tashkil etuvchi ma'lumotlarga ruxsatnomadan mahrum qilinganda egallab turgan lavozimidan ozod etiladi va maxfiy hujjatlar bilan ishlash talab etilmaydigan lavozimga o'tkaziladi.
65. Ichki ishlar organlarida rahbar lavozimlarni egallagan xodimlar faoliyatining samaradorligin oshirish, korruptsiya va vakolatlar suiiste'mol qilinishining oldini olish, shaxsiy tarkib orasida sog'lom muhitni ta'minlash maqsadida xodimlar amaliy ish tajribasini va kasbiy tayyorgarlik darajasini inobatga olgan holda teng lavozimga, jumladan boshqa tuman (shahar, viloyat) yoki tarkibiy tuzilmaga, qoida tariqasida, egallab turgan lavozimida uch yil ishlaganidan so'ng, rotatsiya tartibida o'tkazilishi mumkin.
66. Xodimlarni ichki ishlar organlari ixtiyorida qoldirish va rotatsiya qilish tartibi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
5-bob. Xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish 
67. Ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalarida hamda boshqa ta'lim muassasalarida, shuningdek xalqaro shartnomalar asosida xorijiy davlatlar ta'lim muassasalarida amalga oshiriladi.
Xorijiy davlatlar ta'lim muassasalarida o'qish uchun tanlov o'tkazish tartibi va shartlari O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
68. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalariga, xorijiy davlatlar oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirgan fuqarolar bilan o'qishni tamomlaganidan keyin besh kalendar` yili mobaynida ichki ishlar organlarida, shuningdek taqsimot bo'yicha yuborilganda boshqa davlat idoralarida majburiy uzluksiz xizmat o'tashlari haqida belgilangan tartibda shartnoma tuziladi.
SHartnoma shartlari hamda uning bajarilmasligi sababli moddiy javobgarlik haqida nomzod (shuningdek uning ota-onasi) o'qishga kirguniga qadar dastlabki tanlov davrida yozma ravishda ogohlantiriladi.
SHartnoma o'qishga kirgan fuqarolar bilan O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi nomidan ta'lim muassasalari tomonidan, xorijiy davlatlarning oliy ta'lim muassasalariga o'qishga yuboriladiganlar bilan esa — O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tuziladi.
SHartnoma tuzishni rad etgan fuqarolar mazkur ta'lim muassasalariga qabul qilinmaydi.
Agar kursant (xodim) tomonidan shartnoma shartlari bajarilmasa undan O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan o'qishiga sarflangan mablag'lar qonunga muvofiq undiriladi.
Quyidagi hollarda ta'limga sarflangan mablag'lar undirilmaydi:
ichki ishlar organlaridan harbiy-tibbiy komissiya xulosasi asosida yoki tashkiliy-shtat o'zgarishlari sababli bo'shatilganda;
kursant (xodim)ning ota-onasi, aka-ukalari yoki opa-singillaridan biri nazorat yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi yoxud O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchisi bo'lib, xizmat vazifalarini bajarish chog'ida halok bo'lgan taqdirda;
kursant (xodim) vafot etganida.
69. Xizmatga qabul qilingan fuqarolar (kursantlar va tinglovchilar bundan mustasno) majburiy tartibda kamida uch oy muddatli maxsus kasbiy (boshlang'ich) tayyorgarlikdan o'tadilar.
70. Xodim boshqa turdagi kasbiy faoliyat bilan bog'liq lavozimga tayinlanganda yoki uni yangi yo'nalishlar bo'yicha tayyorlash zarur bo'lganida qayta tayyorgarlikdan o'tishi shart.
71. Xodimlar O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ta'lim muassasalarida O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadigan dasturlar asosida malaka oshiradilar.
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ta'lim muassasalarida nazarda tutilmagan mutaxassisliklar bo'yicha xodimlarning malakasini oshirish O'zbekiston Respublikasining boshqa ta'lim muassasalarida yoki xorijiy davlatlar ta'lim muassasalarida tashkil etiladi.
72. Ichki ishlar organlari uchun rahbar kadrlarni tayyorlash O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalarida O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
73. Xodimlarning xizmat, jangovar va jismoniy tayyorgarligini, ma'naviy-axloqiy darajasini oshirish uchun ichki ishlar organlarida tizimli ravishda xizmat, jangovar va jismoniy tayyorgarlik mashg'ulotlari tashkil etiladi.
Xodim maxsus tayyorgarlikdan, shuningdek jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va o'qotar qurol qo'llash bilan bog'liq sharoitlarda harakatlanishiga kasbiy yaroqliligi bo'yicha har yilgi tekshiruvdan o'tishi shart. Maxsus tayyorgarlikdan o'tgan xodimga tegishli sertifikat beriladi.
74. Xodimlarni maxsus kasbiy (boshlang'ich) tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek xizmat o'tash vaqtida xizmat, jangovar va jismoniy tayyorgarlikdan o'tishini tashkil qilish tartibi va shartlari O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
6-bob. Xodimning boshqa davlat organlari va tashkilotlariga saylanganida (tayinlanganida, safarbar etilganida) xizmat o'tashi
75. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga, Senati a'zoligiga, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi, viloyat, tuman va shahar davlat hokimiyati vakillik organi deputatligiga saylangan (tayinlangan), O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga, qaroriga, farmoyishiga, shuningdek roziligiga yoxud O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan boshqa davlat organlariga yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlarga tayinlangan, xuddi shuningdek O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug'i bilan boshqa davlat organlarining ta'lim muassasalariga o'qishga yuborilgan xodimlar egallab turgan lavozimidan ozod etilib, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi kadrlarining amaldagi zaxirasiga (bundan buyon matnda — kadrlar zaxirasi) kiritilishi mumkin.
76. Agarda qonunchilikda boshqa tartib nazarda tutilmagan bo'lsa, kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar ushbu Nizomda belgilangan tartibda xizmat o'taydilar. 
77. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarning lavozimi o'zgargan (boshqa lavozimga tayinlangan, lavozimdan ozod qilingan, o'qishdan chetlashtirilgan), rag'batlantirilgan, shuningdek intizom buzgan taqdirda ular faoliyat ko'rsatayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, ta'lim muassasalari rahbarlari bu haqida O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligini yozma ravishda xabardor qiladi.
78. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarni davlat mukofotiga tavsiya etish, ichki ishlar organlarida xizmatda bo'lishning belgilangan chegaradagi yoshiga to'lganida xizmat muddatini uzaytirish ular faoliyat olib borayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, shuningdek ta'lim muassasalari rahbarlarining taqdimnomasiga asosan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
79. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarga maxsus unvonlar quyidagi tartibda beriladi: 
«podpolkovnik» maxsus unvonigacha, shu jumladan «podpolkovnik» unvoni ham — ilgari egallagan lavozimidan qat'i nazar, xodim faoliyat olib borayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, shuningdek ta'lim muassasalari rahbarlarining kiritgan tavsiyanomasiga ko'ra ushbu Nizomda belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan;
«polkovnik» maxsus unvoni — ilgari egallagan lavozimidan qat'i nazar, xodim faoliyat olib borayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, shuningdek ta'lim muassasalari rahbarlarining kiritgan tavsiyanomasiga ko'ra O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan;
generallar tarkibining maxsus unvonlari — O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri hamda ular faoliyat ko'rsatayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlarining birgalikdagi tavsiyanomasiga ko'ra O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan.
80. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarga ta'tillarni, shuningdek xorijiy davlatlarga borishlari uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirish, xodimlar faoliyat olib borayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, ta'lim muassasalari rahbarlarining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
81. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar xizmatni o'tash tartibi bilan bog'liq o'zgarishlardan xabardor bo'lishlari, lavozimi o'zgarganida (boshqa lavozimga tayinlanganida, lavozimidan ozod etilganida, o'qishdan chetlashtirilganida), mukofotlanganida, intizom buzilishiga yo'l qo'yganida, shuningdek o'zlariga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atilganida O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga yozma ravishda axborot berishi shart. 
82. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar nikohdan o'tganida, oilasi tarkibida boshqa o'zgarishlar bo'lganida, qarindoshlariga (ota-ona, er-xotin, aka-uka, opa-singil, o'g'il-qizlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari) nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atilganida uch ish kuni muddati ichida, mehnat ta'tili yoki xizmat safarida bo'lganida esa ta'til va safar tugashi bilan darhol O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga yozma ravishda xabar beradilar.
83. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar xizmat majburiyatlarni bajarish (o'qish) muddati yakunlanganidan so'ng, davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, shuningdek ta'lim muassasalari tomonidan O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ixtiyoriga qaytarib yuboriladi.
84. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga qaytgan xodim O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug'i bilan kadrlar zaxirasidan chiqariladi va ilgarigi, unga teng yoki yuqori lavozimga tayinlanadi.
85. Intizom buzishi va boshqa salbiy sabablarga ko'ra davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlardagi lavozimidan ozod etilib, shuningdek o'qishdan chetlashtirilib, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga qaytarib yuborilgan xodimni lavozimga tayinlash yoki xizmatdan bo'shatish ushbu Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi .
86. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar ta'lim muassasalarini tamomlaganidan so'ng, o'qish davrida olgan ma'lumoti va mutaxassisligiga hamda amaliy ish tajribasidan kelib chiqib lavozimga tayinlanadi.
87. Xizmatda bo'lishning belgilangan chegara yoshiga etgan yoki xizmatni davom ettirish istagi bo'lmagan xodimlar, kadrlar zaxirasiga kiritilguniga qadar egallagan lavozimi bo'yicha mazkur Nizomga muvofiq xizmatdan bo'shatiladi.
88. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar va ularning oila a'zolari xizmat (o'qish) vaqtida, shuningdek bo'shatilganidan so'ng, qonun hujjatlari va mazkur Nizomda ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a'zolari uchun belgilangan barcha turdagi ta'minot, huquq, imtiyoz va boshqa afzalliklardan foydalanadi.
89. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarning davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, shuningdek ta'lim muassasalarida lavozim majburiyatlarni bajarish (o'qish) davri ichki ishlar organi xodimiga navbatdagi maxsus unvonni olish huquqini beradigan xizmat qilgan yillariga ustama to'lash, pul ta'minoti (lavozim maoshi va maxsus unvon bo'yicha maoshi summasidan iborat bo'lgan) maoshini belgilash va pensiya tayinlash uchun ichki ishlar organlaridagi xizmat stajiga qo'shib hisoblanadi.
7-bob. Attestatsiya o'tkazish
90. Ichki ishlar organlarida attestatsiya xodimlarning bilim darajasini, ishga munosabatini, kasbiy tayyorgarligini, egallab turgan lavozimiga loyiqligini xolisona baholash, mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining mazmun-mohiyatidan xabardorligi darajasini aniqlash, shuningdek xizmat intizomini mustahkamlash va zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi chog'ida ularning mas'uliyatini oshirish maqsadlarida o'tkaziladi.
Attestatsiya oshkoralik, talabchanlik, printsipiallik va xayrixohlik vaziyatida o'tishi lozim.
91. Xodimlar xizmat davrida navbatdagi va navbatdan tashqari attestatsiyadan o'tadilar.
92. Navbatdagi attestatsiyadan o'tkazish muddati lavozimga tayinlangan va oxirgi attestatsiyadan o'tkazilgan kunidan boshlab hisoblanadi.
Navbatdagi attestatsiya besh yilda bir marta yoki navbatdagi maxsus unvon berish uchun o'tkaziladi.
Quyidagi xodimlar navbatdagi attestatsiyadan o'tmaydilar:
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanganlar;
egallab turgan lavozimida bir yildan kam muddat xizmat qilganlar;
xizmat safarida, davolanishda (ichki ishlar organlari tibbiyot muassasalarida mehnatga layoqatsizlik varaqasi ochilgan holda) va malaka oshirishda bo'lganlar;
kadrlar zaxirasiga kiritilganlar. Ushbu toifadagi xodimlar kadrlar zaxirasidan chiqarilib, ichki ishlar organlaridagi lavozimga tayinlangan kundan boshlab kamida bir yil o'tganidan so'ng umumiy tartibda attestatsiyadan o'tadilar;
homiladorlik, tug'ish va bola parvarishlash ta'tilida bo'lganlar. Bola parvarishlash ta'tilida bo'lgan xodimlar xizmat vazifalarini bajarishga kirishganlaridan so'ng kamida bir yil o'tganidan so'ng attestatsiyadan o'tadilar. 
93. Navbatdan tashqari attestatsiyadan ish ko'rsatkichlari past bo'lgan, kasbiy yaroqliligini aniqlash bo'yicha tekshiruvdan o'ta olmagan, xizmat intizomini qo'pol tarzda buzgan yoki muntazam buzib kelayotgan, ichki ishlar organlari xodimining sha'niga putur etkazuvchi nojo'ya harakatlar sodir etgan xodimlar o'tadilar.
Navbatdan tashqari attestatsiya o'tkazish haqidagi qarorni lavozimga tayinlash vakolatiga ega bo'lgan boshliq qabul qiladi.
94. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vaziri yoxud ichki ishlar vazirining qaroriga asosan xodimlar navbatdan tashqari attestatsiyadan o'tkazilishi mumkin, buning uchun maxsus komissiya tuziladi.
95. Attestatsiyani tashkil qilish va o'tkazish, attestatsiya komissiyalari tarkibini shakllantirish va tasdiqlash tartibi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
8-bob. Ta'tillar
96. Xodimlarga quyidagi ta'tillar beriladi:
har yilgi asosiy ta'til;
homiladorlik, tug'ish va bola parvarishlash ta'tillari;
kasallik bo'yicha (harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga asosan) ta'til;
o'quv (kanikulyar) ta'tili — O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalari kursant (tinglovchi)lari uchun;
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalarini tamomlaganligi munosabati bilan ta'til;
ijodiy ta'til — amaliy faoliyatni ilmiy ish bilan birga olib borayotgan xodimlarga dissertatsiyasini yakunlashi uchun; 
qo'shimcha ta'til — O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish imtihonlarni topshirishi uchun, oilaviy sharoiti bo'yicha, jangovar harakatlarda va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda qatnashganlarga.
SHuningdek, xodimlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslar bo'yicha ta'tillar ham berilishi mumkin.
97. Xodimlarga dam olish va ish qobiliyatini tiklashlari uchun ta'tilni o'tkazish joyiga borish va qaytish uchun zarur bo'lgan, biroq uch kalendar` kundan oshmaydigan vaqt qo'shilgan (bayram kunlari hisobga olinmagan, lavozimi va pul ta'minoti saqlangan) holda davomiyligi o'ttiz kalendar` kun bo'lgan har yilgi asosiy ta'til beriladi.
98. Asosiy ta'til xodimlarga birinchi xizmat yili uchun kamida olti oy ishlaganidan so'ng beriladi.
O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri asosiy ta'tilni xodim dastlabki sinov muddatini o'taganidan so'ng, xizmatining birinchi yilining istalgan davrida berish huquqiga ega. 
99. Xodimning belgilangan xizmat muddatini o'tagandan keyin har yilgi asosiy ta'tiliga qo'shimcha ravishda kalendar` hisobida davomiyligi quyidagicha bo'lgan haq to'lanadigan qo'shimcha ta'til beriladi:
o'n yillik xizmatidan so'ng — besh kun;
o'n besh yillik xizmatidan so'ng — o'n kun;
yigirma yillik xizmatidan so'ng — o'n besh kun.
100. Har yilgi asosiy ta'til davrida xodim ichki ishlar organlarining tibbiyot muassasasida vaqtincha mehnatga layoqatsizligi varaqasi ochilgan holda davolanganida ta'til ushbu muddatga uzaytiriladi.
101. Favqulodda holatlar davri belgilangan, tabiiy ofat hududi deb e'lon qilingan yoki ularga tenglashtirilgan joylarda xizmat o'tagan xodimlarga ular foydalanmagan har yilgi asosiy ta'til ularning xohishiga ko'ra keyingi yilgi asosiy ta'tilga qo'shib beriladi. 
102. Xodimlar ichki ishlar organlarining boshqa bo'linmalariga o'tkazilgan taqdirda, ularning foydalanilmay qolgan har yilgi asosiy ta'tili yangi xizmat joyi bo'yicha beriladi.
103. Xodimga yiliga bir marotaba qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi hududi doirasida har yilgi asosiy ta'tilni o'tkazadigan joyiga, shuningdek sanatoriy-kurortlarda davolanish joylariga borishi va qaytishi uchun sarflagan yo'l xarajatlari to'lab beriladi.
104. Xodimlarga har yilgi asosiy ta'til xohishiga ko'ra ikki qismga bo'lib berilishi mumkin. Bunda ta'tilning bir qismi o'n besh ish kunidan kam bo'lmasligi kerak. Ushbu holda ta'til guvohnomasi ta'tilning har bir qismi uchun alohida rasmiylashtiriladi.
105. Homiladorlik va tug'ish ta'tillari qonun hujjatlarida belgilangan muddatga va tartibda beriladi.
Xodimga qonun hujjatlariga muvofiq bola uch yoshga to'lguniga qadar uni parvarishlash uchun ta'til beriladi.
Bolani parvarishlash ta'tillari davrida xodimning lavozimi saqlanadi va ushbu ta'tillar muddati xizmat stajiga (shu jumladan mutaxassisligi bo'yicha xizmat stajiga ham) qo'shiladi, lekin hammasini jamlaganda uch yildan oshmasligi kerak. Bunda xizmat muddati har bir kuni bir kunga tenglashtirilgan holda hisoblanadi.
106. Xodimlarga kasalligi bo'yicha ta'tillar harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasi asosida beriladi. Ushbu ta'tilning davomiyligi kasallikning xususiyatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Kasallik sababli ta'tilda bo'lishning uzluksiz umumiy muddati to'rt oydan oshmasligi lozim. Ayrim kasalliklar bo'yicha davolanishda bo'lish uchun ko'proq muddat talab qilingan hollarda bu muddat tibbiyot muassasasi xulosasi asosida uzaytirilishi mumkin.
Xodimlar kasallik bo'yicha ta'tilda uzluksiz bo'lishning belgilangan muddati tugaganidan so'ng, keyingi xizmatga yaroqliligini hal qilish uchun harbiy-tibbiy komissiyada guvohlantirilishi lozim.
Xodimning xizmat majburiyatlarini bajarishda olingan yaradorligi (kontuziya, jarohatlar)ni davolashda bo'lgan davri ma'lum bir muddat bilan cheklanilmaydi. SHaxslarning mazkur toifasi davolanish tugagandan so'ng harbiy-tibbiy guvohlantirilishidan o'tkaziladi.
Kasallik sababli berilgan ta'til har yilgi asosiy ta'til hisobiga kiritilmaydi.
Xodim xizmatdan bo'shatilayotganda, unga kasalligi sababli ta'til berilmaydi.
107. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalarining akademik qarzdorligi bo'lmagan kursantlariga etti kun davom etadigan qishki va o'ttiz kun davom etadigan yozgi, shuningdek oliy ta'lim muassasasini tamomlashi munosabati bilan o'ttiz kun davom etadigan ta'tillar beriladi.
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalarida sirtdan o'qiyotgan xodimlarga imtihonlar, sinovlar va boshqa o'quv ishlarini topshirish davrida sessiya muddatiga pul ta'minoti saqlangan holda ta'til beriladi.
108. Oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy tadqiqot muassasasining mustaqil izlanuvchi bo'lgan xodimlarga dissertatsiyalarini yakunlashlari uchun O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan tartibda ijodiy ta'til beriladi.
109. Oliy ta'lim muassasasiga kirish imtihonlari topshirish uchun ruxsat olgan xodimlarga ta'lim muassasasiga borish va u erdan qaytish vaqtini hisobga olgan holda kamida o'n besh kalendar` kuni davom etadigan va pul ta'minoti saqlanmaydigan ta'til beriladi.
110. Xodimlarga oilasidagi kechiktirib bo'lmaydigan ijtimoiy-maishiy masalalarni hal etish, qarindoshlik burchini bajarish bilan bog'liq bo'lgan, shuningdek boshqa uzrli sabablarga ko'ra ta'tilni o'tkazish joyiga borish va qaytish uchun vaqt hisobga olinmagan, pul ta'minoti saqlanmagan holda o'n kungacha qisqa muddatli ta'til berilishi mumkin.
111. Xodimlarga har yilgi asosiy ta'til joriy kalendar` yili davomida berilmagan bo'lsa, ushbu ta'til keyingi yilning birinchi choragida berilishi lozim.
112. Xodimni ta'tildan faqat xizmat yuzasidan o'ta zarur hollardagina o'zining roziligi va xizmatga qabul qilish vakolatiga ega boshliqning yozma qarori bilan chaqirib olishga yo'l qo'yiladi. 
Ta'tildan chaqirib olinganida uning foydalanilmay qolgan qismi, qoida tariqasida, joriy yilda beriladi.
Agar har yilgi asosiy ta'tilning foydalanilmagan qismi o'n kun va undan ortiq bo'lsa, xodimga ta'til o'tkazadigan joyiga borishi uchun pul mablag'i beriladi, ammo masofa uni chaqirib olingan aholi punktidan uzoq bo'lmasligi kerak.
113. Ushbu Nizomning 144-bandi «a», «b», «v», «g», «d» va «e» kichik bandlari asosida xizmatdan bo'shatilayotgan xodimlarga ishdan bo'shatish haqida qaror qabul qilingan kalendar` yili uchun haq to'lanadigan har yilgi asosiy va qo'shimcha ta'tillar beriladi.
Boshqa asoslarga ko'ra xizmatdan bo'shatilayotgan xodimlarga foydalanilmagan haq to'lanadigan asosiy va qo'shimcha ta'tillar uchun pul kompensatsiyasi to'lanadi.
114. Xodimlarga ta'tillar berish, ta'tildan chaqirib olish, shuningdek ularni muddatlarini hisoblash tartibi va shartlari O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
9-bob. Huquqiy va ijtimoiy himoya
115. Xodim faoliyatining asosiy vazifalari va yo'nalishlari talablaridan kelib chiqqan holda egallab turgan lavozimi bo'yicha xizmat vazifalarini bajarishda davlat organining vakili sifatida ish yuritadi va davlat himoyasi ostida bo'ladi.
116. Xodimning xizmat vazifalarini bajarish chog'ida o'z vakolatlari doirasidagi qonuniy talablari barcha fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir. Xodimning qonuniy talablarini bajarmaslik va uning xizmat vazifalarini bajarishga to'sqinlik qiluvchi xatti-harakatlar (harakatsizlik) qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikni keltirib chiqaradi.
117. Xodim tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni yoki o'qotar qurolni qo'llash qonun asosida amalga oshirilgan bo'lsa, bunda u jismoniy va yuridik shaxslarga etkazilgan zarar uchun javobgar bo'lmaydi. Xodimlarning jismoniy kuch ishlatishi, maxsus vositalarni yoki o'qotar qurolni qo'llashining asosliligi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadi.
118. Xodim xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida zaruriy mudofaa yoki oxirgi zarurat holatida, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash yoxud buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish vaqtida, shuningdek kasb faoliyatiga bog'liq asosli tavakkalchilik qilish oqibatida zarar etkazsa, uni javobgarlikdan ozod qilish masalasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
119. Xodim xizmat majburiyatlarini bajarish chog'ida faqat bevosita yoki to'g'ridan-to'g'ri boshlig'iga bo'ysunadi. 
120. Qonun bilan vakolat berilgan shaxslardan tashqari hech kim xodimning qonuniy faoliyatiga aralashish, xodimni qonun bilan ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilmagan majburiyatlarni bajarishga majburlash huquqiga ega emas. 
Xodim o'z ish yurituvida bo'lgan ishlar va materiallarning mohiyati bo'yicha hech qanday tushuntirish berishga, shuningdek ularni, shu jumladan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldorlarini tanishib chiqish uchun taqdim etishga majbur emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar va tartiblar bundan mustasno.
121. Xodimlarni ijtimoiy himoya qilish quyidagilar orqali ta'minlanadi:
sog'lig'ini saqlash;
mehnatiga haq to'lash;
uy-joy maydoni bilan ta'minlash;
mol-mulkiga etkazilgan zararning o'rnini qoplash;
xizmat majburiyatlarini bajarish chog'ida transport vositalaridan imtiyozli foydalanish;
davlat pensiya ta'minoti;
davlat sug'urtasi;
ijtimoiy yordam ko'rsatish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa chora-tadbirlar.
122. Xodimlar belgilangan namunadagi bepul kiyim-kechak bilan ta'minlanadilar.
123. Xodimlar, ichki ishlar organlaring pensionerlari hamda ularning oila a'zolari, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ta'lim muassasalari kursant (tinglovchi)lari ambulator, statsionar va tibbiy-sanitariya sharoitida bepul tibbiy xizmat olish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tibbiy-davolash muassasalariga biriktiriladi, ularda qonun hujjatlarda belgilangan tartibda davolanadi va sog'lomlashtirishdan o'tkaziladi.
Xodimlar va ichki ishlar organlaring pensionerlari sanatoriy-kurort sharoitida davolanish uchun yilida bir marta imtiyozli yo'llanmalar bilan ta'minlanadilar.
124. Xodimlar O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda yilda bir marta majburiy chuqurlashtirilgan profilaktik tibbiy ko'rikdan o'tadilar. O'qotar qurol bilan xizmat olib boradigan xodimlar profilaktik tibbiy ko'rikdan har olti oyda o'tadilar.
125. Xodimlarning farzandlari yashayotgan joydagi maktabgacha ta'lim muassasalariga, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimidagi yozgi sog'lomlashtirish oromgohlariga navbatsiz va imtiyozli ravishda joylashtiriladi.
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimidagi yozgi sog'lomlashtirish oromgohlariga qabul qilish tartibi va shartlari O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
126. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kenesi, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarga, shuningdek ichki ishlar organlaridan bo'shatilgan fuqarolarga hamda ularning oila a'zolariga ushbu Nizomda nazarda tutilmagan boshqa imtiyoz, kafolat va kompensatsiyalar ham belgilashi mumkin.
127. Xizmat muddati, pedagogik ish staji, shuningdek ilmiy unvoni mavjudligi uchun xodimlarga qonun hujjatlarga muvofiq ustama haqlar to'lanadi.
Xizmat muddatini hisoblash tartibi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
128. Xizmat vazifalarini vijdonan bajarib kelayotgan, yuksak kasbiy tayyorgarlik darajasiga erishgan, yuksak ma'naviy-axloqiy xislatlarga ega bo'lgan, shuningdek o'z faoliyatida yuqori natijalarni ko'rsatgan xodimlarga har oylik qo'shimcha to'lovni nazarda tutuvchi «uchinchi toifa mutaxassisi», «ikkinchi toifa mutaxassisi», «birinchi toifa mutaxassisi» va «usta» malaka toifalari beriladi.
Malaka toifalarini berish tartibi va shartlari O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
129. Xodimning yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog'liq holda etkazilgan zararning o'rni ixtiyoriy yoki majburiy sug'urta mablag'laridan qat'i nazar O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan to'liq hajmda qoplanadi, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxslardan undirib olinadi.
Ushbu qoida ichki ishlar organlaridan pensiyaga chiqarilgan shaxslarga, agar zarar ularga yoki yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyati bilan bog'liq holda etkazilganida ham tatbiq etiladi.
Xodimning xizmat majburiyatlarini bajarishi tufayli, uning yoki yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga etkazilgan zararni qoplash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
130. Mehnatning qatnov xususiyati bilan bog'liq bo'lgan xizmat majburiyatlarini bajaruvchi xodimlarga shahar yo'lovchi transportidan (yo'nalishli va yo'nalishsiz taksilardan tashqari) foydalanish uchun oylik yo'l chiptalari beriladi yoki pullik kompensatsiya to'lanadi.
131. Faoliyatida xizmat majburiyatlarini bajarish qatnov xususiyati bilan bog'liq bo'lgan xodimlarga shahar yo'lovchi transportidan (yo'nalishli va yo'nalishsiz taksilardan tashqari) foydalanish uchun oylik yo'l chiptalari berish yoki pul kompensatsiya to'lash, shuningdek xizmat safarlarida shaxsiy transportidan foydalanuvchilarga kompensatsiya to'lash tartibi va miqdori qonun hujjatlarida belgilanadi.
132. Xodimlar xizmatga qabul qilingan kunidan boshlab o'n kun ichida Davlat byudjeti mablag'lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan mablag'lar hisobidan davlat tomonidan majburiy sug'urta qilinadi.
133. Xizmatdan bo'shatilayotgan xodimlarga bir marta to'lanadigan nafaqa puli beriladi.
Xizmatdan bo'shatilayotgan xodimlar ko'p yillik va vijdonan (benuqson) xizmatlari uchun vakolatli rahbarlar tomonidan qimmatbaho sovg'a yoki pul mukofoti bilan taqdirlanishi mumkin. 
134. O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri xizmat majburiyatlarini bajarish chog'ida tan jarohati olgan xodimlarga, shuningdek halok bo'lganlarning oilasiga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda va miqdorda bir martalik nafaqa tayinlashga haqli.
Xodimlar, boquvchisini yo'qotganda esa ularning oila a'zolari qonunda belgilangan tartibda va miqdorda davlat pensiya ta'minoti olish huquqiga ega.
135. Xizmat majburiyatlarini bajarish chog'ida halok bo'lgan xodimlarning farzandlarini xizmatga, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilishda afzalliklar berish tartibi va shartlari O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
136. Sog'liqni saqlash, moliyaviy ta'minoti, ta'tillar berish, uy-joy maydoni va imtiyozli ipoteka kreditlari bilan ta'minlash, mol-mulkiga etkazilgan zararning o'rnini qoplash, xizmat majburiyatlarini bajarish chog'ida transport vositalaridan imtiyozli foydalanish, davlat pensiya ta'minoti, davlat ijtimoiy sug'urtasi, ijtimoiy yordam ko'rsatish jarayonida xodimlar va ularning oila a'zolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
10-bob. Xizmat o'tash rejimi 
137. Xodimlar O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonun hujjatlari va mazkur Nizomda belgilangan majburiyatlarni bajaradilar hamda huquq va erkinliklardan foydalanadilar.
138. Xodimlarning haftalik ish vaqti qirq soatdan oshishi mumkin emas, zarur bo'lgan hollarda esa ular kuchaytirilgan yoki sutkalik rejimda xizmat o'tashga jalb etilishlari mumkin.
Odatdagi xizmat o'tash rejimi olti kunlik ish haftasi o'rnatilishini nazarda tutadi, bunda kunlik ish davomiyligi etti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa – sakkiz soatdan oshmasligi kerak. 
Kuchaytirilgan rejim kuniga ish vaqtidan tashqari davomiyligi to'rt soatdan oshmaydigan xizmat belgilanishini nazarda tutadi.
Sutkalik rejim uch mahal ovqatlanish hamda kamida sakkiz soat dam olish uchun vaqt berilgan holda yigirma to'rt soat davomida xizmat o'tashni nazarda tutadi.
Sutkalik rejim xizmat o'tash chog'ida xodimlarga ularning xohishiga ko'ra xizmat o'tash joyida O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari uchun belgilangan umumqo'shin payogi normalari doirasida belgilanadigan oziq-ovqat payogi uchun beriladigan kompensatsiya o'rniga uch mahal bepul ovqat berilishi mumkin, o'z xizmat vazifalarini doimiy ravishda sutkalik navbatchilik asosida bajaradigan xodimlar bundan mustasno.
Kuchaytirilgan yoki sutkalik rejim joriy etilishi munosabati bilan ish soatlari (kunlari)ning belgilangan normalari oshirilganligi evaziga xodimga O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda pul kompensatsiyasi to'lanadi yoki dam olish kunlari (otgullar) beriladi yoxud bu kunlar uning har yilgi asosiy ta'tiliga qo'shiladi.
Kuchaytirilgan va sutkalik rejimni joriy etish hamda bekor qilish, shuningdek xodimlarni jangovar harakatlarda ishtirok etishga jalb qilish O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug'i bilan amalga oshiriladi.
139. Dam olish va bayram kunlari xizmat vazifalarini bajarishga jalb etiladigan xodimlarga haftaning boshqa kunlarida dam olish kuni beriladi.
140. Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlari sutkalik naryadining xizmati yigirma to'rt soatga mo'ljallab tashkil etiladi. 
Navbatchilik vaqtida ichki ishlar organlari navbatchilik qismi xodimlariga navbatma-navbat ovqatlanish va qisqa muddatli dam olish uchun umumiy davomiyligi uch smenalik rejimda — olti soat, to'rt smenalik rejimda — to'rt soat davom etadigan tanaffuslar beriladi.
Smena tugagach, ichki ishlar organlari navbatchilik qismlarining xodimlari hamda xizmat vazifalarini sutkalik navbatchilik rejimida doimiy bajaruvchi boshqa xodimlarga belgilangan tartibda dam olish beriladi. 
141. Ichki ishlar organlarida asosiy xizmat vazifalariga qo'shimcha ravishda sutkalik rejimda navbatchilikka tushgan xodimlarga navbatchilik tugaganidan so'ng, kamida 24 soat davom etadigan dam olish vaqti beriladi. 
142. Ichki ishlar organlari xizmat faoliyatining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ichki ishlar organlarining boshliklari tomonidan tasdiqlanadigan kun tartibi ishlab chiqiladi.
143. Urush holati e'lon qilingan davrida xodimlarning xizmat o'tash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
11-bob. Xizmat muddatini uzaytirish, xizmatdan bo'shatish va xizmatga tiklash 
144. Xodim quyidagi asoslarga ko'ra xizmatdan bo'shatiladi:
a) o'zining xohishi (pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini o'tamaganlarga) — xodimning bildirgisi asosida;
b) xizmatda bo'lishning belgilangan chegara yoshiga to'lganligi;
v) pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini o'taganligi — xodimning bildirgisi asosida;
g) tashkiliy-shtat o'zgarishlari;
d) kasalligi − harbiy-tibbiy komissiyaning xizmatga yaroqsizligi to'g'risidagi xulosasi asosida;
e) sog'lig'ining cheklanganligi holati − harbiy-tibbiy komissiyaning ichki ishlar organlaridagi xizmatga yaroqliligi cheklanganligi to'g'risidagi va xizmat bo'yicha boshqa lavozimga o'tkazish imkoniyati mavjud bo'lmagan taqdirda, egallab turgan lavozimiga muvofiq xizmat majburiyatlarini bajara olmasligi haqidagi xulosasi asosida;
j) dastlabki sinov muddati davomida xizmatga yaroqsizligi;
z) malakasi etarli emasligi oqibatida egallab turgan lavozimiga noloyiqligi − attestatsiya natijalari asosida;
i) xizmat intizomini qo'pol ravishda buzganligi;
k) ichki ishlar organi xodimining sha'niga putur etkazuvchi xatti-harakatlar sodir etganligi;
l) jinoyati uchun sudning hukmi, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin hukm qilinganligi;
m) xodimda intizomiy jazo chorasi mavjud bo'lgan taqdirda, muntazam ravishda xizmat intizomini buzganligi;
n) boshqa turdagi davlat xizmatiga o'tganligi (kadrlarning amaldagi zaxirasiga kiritmasdan);
o) O'zbekiston Respublikasi fuqaroligi tugatilganligi yoki chet davlat fuqaroligini olganligi;
p) xodimlarga qonun hujjatlarida belgilangan cheklov va taqiqlarga rioya etmaganligi.
145. Ichki ishlar organlarida xizmatda bo'lishning chegara yoshi safdorlar va serjantlar tarkibi xodimlar uchun ellik yosh, ofitserlar tarkibi uchun — ellik besh yosh, generallar tarkibi uchun — oltmish yosh, ayollarga esa (mavjud unvonidan qat'i nazar) — ellik yoshni tashkil etadi.
146. YUksak kasbiy tayyorgarlikka, egallab turgan lavozimida ish tajribasiga ega bo'lgan va sog'lig'ining holatiga ko'ra xizmatni o'tashga yaroqli xodimlarning xizmat muddati o'zining roziligi bilan O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda besh yilgacha, boshliqlar tarkibidagi, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ta'lim muassasalarida professor-o'qituvchilik lavozimlarini egallab turgan va ilmiy darajaga ega bo'lgan shaxslarning esa — o'n yilgacha bo'lgan muddatga uzaytirilishi mumkin.
147. Xizmat muddatini uzaytirish to'g'risidagi qaror xodimni ushbu Nizomda nazarda tutilgan asoslar bo'yicha ichki ishlar organlaridan bo'shatish imkoniyatini istisno etmaydi.
148. Quyidagi hollarda xodimlarning xizmatdan bo'shatilishiga yo'l qo'yilmaydi:
tibbiyot muassasalarida davolanishda bo'lganida, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalari tomonidan vaqtincha mehnatga layoqatsiz deb topilganda;
ta'tilda yoki xizmat safarida bo'lganda;
asirga yoki garovga olinganida (o'z ixtiyori bilan asirga yoki garovga tushish hollari bundan mustasno).
149. Xodimga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgan, sudda ko'rilayotgan jinoyat ishi bo'yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan yoki sud hukmi qonuniy kuchga kirmagan bo'lsa, u xizmatdan bo'shatilishi mumkin emas.
150. Xodim yuqori turuvchi mansabdor shaxslarga xizmatdan bo'shatilishi yuzasidan shikoyat qilish huquqiga ega.
151. Xizmatdan bo'shashga qaror qilgan xodim bo'shashni rejalashtirgan kundan kamida ikki oy avval ichki ishlar organining boshlig'iga bildirgi bilan murojaat etadi.
Xodimlarning xizmatdan bo'shatilishi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
«podpolkovnik» maxsus unvonigacha, shu jumladan «podpolkovnik» unvoni ham, — O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining yoki xizmatga qabul qilish vakolatiga ega boshliqning buyrug'i bilan;
«polkovnik» va undan yuqori maxsus unvonlardagi xodimlar — belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrug'i bilan.
152. Xodimning xizmat muddati kalendar` hisobda yigirma yilga etganidan so'ng, o'tagan xizmat muddati uchun pensiya olish huquqiga ega bo'ladi. Bunga O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va xorijiy davlatlar oliy ta'lim muassasalarida (O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xalqaro shartnomalarga muvofiq), O'zbekiston Respublikasining oliy-harbiy ta'lim muassasalarida o'qish, Qurolli Kuchlarda muddatli harbiy xizmat yoki safarbarlik chaqiruv rezervidagi xizmatni o'tash davrlari kiradi. 
Ushbu holda xodimga pensiya tayinlashda uning kalendar` tarzda hisoblanadigan xizmat muddatiga qonun hujjatlarida va ushbu Nizomda belgilangan imtiyozli hisoblanadigan xizmat muddati qo'shiladi.
153. Pensiya olish huquqini beruvchi xizmat muddatini o'tamagan, ushbu Nizomning 144-bandi «b», «g», «d» yoki «e» kichik bandlariga muvofiq xizmatdan bo'shatilayotgan xodimlar bo'shash kunida umumiy ish staji yigirma besh va undan ortiq yilni tashkil etgan, ulardan kamida o'n ikki yilu olti oyi ichki ishlar organlari xizmatiga to'g'ri kelganda pensiya olish huquqiga ega bo'ladi.
154. Xodimlar halok bo'lganligi (vafot etganligi), bedarak yo'qolgan deb topilganligi yoki vafot etgan deb e'lon qilinganligi sababli ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi ro'yxatidan o'chiriladi.
Bedarak yo'qolgan yoki vafot etgan deb topish to'g'risidagi sudning qarori bekor qilinganda, bedarak yo'qolgan yoki vafot etgan deb topilishi oqibatida shaxsiy tarkib ro'yxatidan o'chirilgan shaxsni xodim sifatida qayta shaxsiy tarkib ro'yxatiga kiritish O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining qarori asosida amalga oshiriladi.
155. Ushbu Nizomning 144-bandi «l» kichik bandiga asosan xizmatdan bo'shatilib, g'ayriqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi yoxud asossiz bo'shatilganligi tan olingan hollarda, shuningdek g'ayriqonuniy ravishda xizmatdan bo'shatilgan deb topilgan shaxslarni xizmatga tiklash sudning xizmatga tiklash to'g'risidagi qonuniy kuchga kirgan qarori yoxud O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining qarori asosida amalga oshiriladi.
Tiklanishi lozim bo'lgan shaxslarni shaxsiy tarkib ro'yxatiga kiritish va lavozimga tayinlash O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri qarori bilan amalga oshiriladi.
156. Ushbu Nizomning 155-bandida nazarda tutilgan shaxslar bo'shatilganidan yoki sudning xizmatga tiklash to'g'risidagi qarori chiqarilganidan boshlab uch oy muddatda xizmatga tiklash haqida ichki ishlar organlariga murojaat etishlari lozim.
Xizmatga tiklash shaxsni bo'shatilgan kunidan tiklangan kuniga qadar bo'lgan oraliq davri uchun navbatdagi maxsus unvon berish, foizli qo'shimcha haq to'lash va pensiya tayinlash uchun xizmat yillarini hisoblashda xizmat stajiga qo'shib hisoblash sharti bilan avvalgi maxsus unvoni, egallab turgan lavozimi, buning imkoni bo'lmasa, unga teng yoki boshqa lavozimga tayinlash orqali amalga oshiriladi. 
Xizmatdan bo'shatilgan shaxs bo'shatilganidan yoki sudning xizmatga tiklash to'g'risidagi qarori qonuniy kuchga kirgan kundan uch oy muddat o'tgandan keyin ichki ishlar organiga murojaat etsa, murojaat qilish muddatidan keyingi davr navbatdagi maxsus unvon berish, foizli qo'shimcha haq to'lash va pensiya tayinlash uchun xizmat yillarini hisoblashda uzluksiz xizmat stajiga qo'shib hisoblanmaydi.
Agar shaxs uch oylik muddatni uzrli sabablarga ko'ra o'tkazib yuborgan taqdirda ushbu muddat O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan tiklanishi mumkin.
157. Xizmatga tiklanayotgan shaxsga etkazilgan moddiy va ma'naviy zararni qoplash sudning qarori asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
158. Xizmatga tiklangan xodimlarga pensiya tayinlash uchun xizmat yillarini hisoblash chog'ida hisobga olinadigan xizmat stajiga:
ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash bilan bog'liq jazolar o'talganda — bir kuni uch kun;
qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo'llanilganida — bir kuni uch kun;
ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash bilan bog'liq bo'lmagan jazolar o'talganida bir kuni bir kun hisobida qo'shiladi. 
Xizmatga tiklangan xodimlarga navbatdagi maxsus unvon berish, foizli qo'shimcha haq to'lashda xizmat yillariga bo'shatilgandan keyingi davri bir kuni bir kun hisobida qo'shiladi.
159. Ushbu Nizomning 144-bandi «v», «g», «e» va «n» kichik bandlariga muvofiq xizmatdan bo'shatilgan xodimlar maxsus unvonni tiklagan holda xizmatga qayta qabul qilinishi mumkin.
Ushbu Nizomning 144-bandi «a» kichik bandiga muvofiq xizmatdan bo'shatilgan xodimlar ularning ichki ishlar organlaridagi kalendar` hisobdagi amaliy ish staji o'n yildan ortiq bo'lganda O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining hududiy ichki ishlar organlari va sohaviy xizmatlari, ta'lim muassasalari boshliqlarining asoslantirilgan taqdimnomalariga asosan, shuningdek xizmatdan bo'shashiga o'qishga kirishi sabab bo'lgan hollarda xizmatga qayta qabul qilinishi mumkin.
Ilgari ichki ishlar organlaridan bo'shatilgan shaxslarni xizmatga qabul qilish tartibi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
160. Davlat hokimiyati organlariga tayinlanganligi munosabati bilan xizmatdan bo'shatilgan va tayinlangan lavozimi bo'yicha vakolat muddati tugaganligi sababli xizmatga qayta qabul qilingan xodimlarning ushbu organlardagi mehnat faoliyati davri, agar qonunda boshqacha tartib belgilanmagan bo'lsa, ichki ishlar organlaridagi umumiy xizmat muddatiga qo'shilib, bir kuni bir kunga hisoblanadi. 
161. Ichki ishlar organlarida xizmat o'tayotgan, shu jumladan kadrlar zaxirasida bo'lgan xodimlarga xizmat muddati, agar qonun hujjatlarda va ushbu Nizomda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo'lsa, imtiyozli ravishda — bir kuni bir yarim kunga tenglashtirib hisoblanadi.
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va boshqa xorijiy davlatlar (O'zbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro shartnomalarga muvofiq yuborilgan taqdirda) oliy ta'lim muassasalarida, jumladan kasbiy tayyorgarlik fakul`tetida va rahbar kadrlar tayyorlash fakul`teti (oliy kurslari)da kunduzgi ta'lim o'qish davri bir kuni bir kunga hisoblagan holda xizmat muddatiga qo'shiladi.
Alohida davrda jamoat tartibini saqlashda, terrorchilikka qarshi operatsiyalar o'tkazishda, favqulodda holat tartibini huquqiy ta'minlash va ularning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan, shuningdek ushbu harakatlarda ishtirok etishi davomida olgan yaradorligi, kontuziyasi va jarohatlanganligi oqibatida tibbiy muassasada bo'lgan xodimlar ushbu davrdagi xizmat muddati bir kuni uch kunga tenglashtirilib hisoblanadi.
Xodimlarning alohida davrda jamoat tartibini saqlashda, terrorchilikka qarshi operatsiyalarda, favqulodda holat rejimini huquqiy ta'minlashda va uning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etganligi va muddatlari haqida vakolatli boshliq buyruq chiqaradi, buyruqdan ko'chirma ularning shaxsiy hujjatlari yig'ma jildlariga qo'shiladi.
12-bob. YAkunlovchi qoidalar
162. Mazkur Nizom asosida O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan ichki ishlar organlarining ayrim bo'linmalarida xizmat o'tashning boshqa tartibi va shartlari belgilanishi mumkin.
163. Fuqarolarni ichki ishlar organlaridagi ishchi va xizmatchilar lavozimiga ishga qabul qilish va hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi mehnat faoliyatining xususiyatidan kelib chiqib, O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
Ichki ishlar organlari ishchi va xizmatchilarining mehnat munosabatlari mehnat sohasidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
164. Xizmat o'tashning ushbu Nizomda nazarda tutilmagan masalalari qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.

Ichki ishlar organlarining
INTIZOM USTAVI

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi PQ-3413-son qaroriga
2-ILOVA 

1-bob. Umumiy qoidalar
1. O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining Intizom ustavi (keyingi o'rinlarda — Ustav) ichki ishlar organlari xodimlari, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ta'lim muassasalari kursant (tinglovchi)larining (keyingi o'rinlarda — xodimlar) xizmat intizomiga qo'yilayotgan talablar va odob-axloq qoidalarini belgilaydi, boshliqlar va xodimlarning o'zaro munosabatlarini, shuningdek rag'batlantirish va intizomiy jazo choralarining qo'llanilishini tartibga soladi. 
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (keyingi o'rinlarda — IIV) xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni ta'minlash qo'shinlari va qorovul qo'shinlarida boshliqlar va harbiy xizmatchilarning o'zaro munosabatlari, shuningdek ularga nisbatan rag'batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo'llash tartibi O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Intizom ustavi bilan tartibga solinadi. 
2. Ichki ishlar organlarida xizmat intizomi xodimlar tomonidan ushbu Ustav talablariga qat'iy va so'zsiz rioya etishdan iborat.
Ichki ishlar organlarida xizmat intizomi har bir xodimning yuksak darajada anglashiga va xizmat burchini hamda qo'yilgan vazifa uchun shaxsiy javobgarligini chuqur tushunishiga asoslanadi. 
3. Xizmat intizomi har bir xodimni quyidagilarga majbur qiladi:
O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qilish, O'zbekiston Respublikasi IIV hay'ati qarorlarida belgilangan talablarni, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining buyruq, farmoyish va ko'rsatmalarni qat'iy bajarish;
ichki ishlar organi xodimining qasamyodiga sodiq bo'lish, «Xalq manfaatlariga xizmat qilish» degan o'zining xizmat burchini so'zsiz bajarish;
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta'minlash, shuningdek huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi yo'lida fidoyilik bilan xizmat qilish;
ishonib topshirilgan tabel` quroli, mol-mulk va texnikani asrab-avaylash;
hushyor bo'lish, davlat va xizmat sirini qat'iy saqlash;
xodimlar o'rtasida o'zaro munosabatlar qoidalariga amal qilish, boshliqlar va hamkasblarni hurmat qilish;
doimiy ravishda o'z bilim va kasbiy ko'nikmalarini takomillashtirib borish, malaka va huquqiy madaniyatini oshirish;
xizmatdan tashqari holatlarda o'zini munosib ravishda tutish, jamoat tartibi va odob-axloq qoidalariga amal qilishda namuna bo'lish. 
4. Ichki ishlar organlarida yuksak xizmat intizomiga:
xodimlarda yuksak ma'naviy-axloqiy va ishchanlik xususiyatlarini, xizmat burchini bajarishga nisbatan ongli munosabatni shakllantirish;
har bir xodimning o'z xizmat burchini bajarishga nisbatan shaxsiy mas'uliyati, ichki tartib va xizmat kiyimini kiyish qoidalariga qat'iy rioya etish;
boshliqlarning qo'l ostidagi xodimlarga nisbatan kunlik talabchanligi, ularga doimiy g'amxo'rligi, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, rag'batlantirish va intizomiy jazo choralarini oqilona uyg'unlashtirgan holda va asosli qo'llash;
ichki ishlar organlari bo'linmalarida zarur moddiy-maishiy sharoitlarni yaratish orqali erishiladi.
2-bob. Xodimlarning odob-axloq qoidalari
5. Odob-axloq qoidalari qaysi lavozimni egallashidan qat'i nazar, xodimlarning kasb odobi va xizmatda o'zini tutishning asosiy qoidalari umumiy printsiplari majmuini o'z ichiga oladi. 
6. Ichki ishlar organlari safiga qabul qilingan kundan e'tiboran har bir xodim odob-axloq qoidalariga amal qilishga majbur. 
Odob-axloq qoidalariga rioya etish xodimning kasbiy faoliyati samaradorligi va xizmatda o'zini tutishini baholashning mezonlaridan biri hisoblanadi. 
7. Xodim tomonidan odob-axloq qoidalarining asosiy talablariga amal qilish quyidagilarni nazarda tutadi:
fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, kamtar va bosiq bo'lish, ularning mavqeidan qat'i nazar hech bir shaxs, guruh yoki tashkilotlarning kamsitilishi yoki afzal ko'rilishi holatlariga yo'l qo'ymaslik;
O'zbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar xalqlarining urf-odat va an'analarini hurmat qilish, turli etnik, ijtimoiy guruh hamda konfessiyalarning madaniy va boshqa xususiyatlarini inobatga olish, ijtimoiy barqarorlik, millatlararo va dinlararo hamjihatlikka ko'maklashish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o'z vaqtida, beg'araz va qonuniy ko'rib chiqish;
xodimning o'z xizmat burchini vijdonan bajarishiga nisbatan fuqaroda shubha uyg'otuvchi xatti-harakatdan tiyilish, shuningdek ichki ishlar organlari obro'siga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmaslik.
8. SHaxsiy vaj va boshqa sub'ektiv sabablar xodimlar tomonidan qonunchilik talablari va odob-axloq qoidalari buzilishiga asos bo'la olmaydi.
9. Xodimlar korruptsiyaning har qanday ko'rinishiga qarshi kurashishi va faollik bilan uning profilaktikasiga ko'maklashishi shart.
Xodimlar o'z boshlig'i yoki vakolatli organlarga o'zlarini boshqa shaxslar huquqbuzarlik sodir etishga undab murojaat qilgan har bir holat, shuningdek boshqa xodimlar tomonidan sodir etilgan har qanday o'ziga ma'lum bo'lgan huquqbuzarliklar haqida xabar berishi zarur.
10. Xodim oilasida yuzaga kelgan nizolarni qonunchilik talablariga qat'iy amal qilgan holda hal etadi. 
Xodimning oila a'zolari va yaqin qarindoshlariga nisbatan tergov harakatlari olib borilganda, unga o'z vakolatlardan foydalanib, aralashish taqiqlanadi. 
11. Xodimlar xayrixoh, xushmuomala va e'tiborli bo'lishi, fuqarolar va hamkasblariga sabr-toqat va hurmat bilan munosabatda bo'lishi zarur. 
Xodimlar fuqarolarga nisbatan qo'pollik qilmasligi, shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini kamsitish, asossiz ruhiy va jismoniy ta'sir o'tkazish holatlariga yo'l qo'ymasligi kerak. 
12. Xizmat vazifalarini bajarish vaqtida xodimlarning tashqi ko'rinishi ish sharoiti va xizmat tadbiri turini inobatga olgan holda, aholida ichki ishlar organlariga nisbatan hurmat uyg'otishi, toza va orasta bo'lishi zarur. 
13. Xodimlarga xizmat paytida alkogol` ichimliklar iste'mol qilish taqiqlanadi. 
14. Xodimlar xizmatdan tashqari paytda umumiy odob-axloq qoidalariga amal qilishi, g'ayriijtimoiy harakatlar sodir etilishiga yo'l qo'ymasligi zarur.
3-bob. Boshliqlar va xodimlarning o'zaro munosabatlari
15. Xodim xizmat vazifasini bajarish paytida bevosita va to'g'ridan-to'g'ri boshliqqa bo'ysunadi.
Xodimlar xizmat bo'yicha bo'ysunadigan, shu jumladan vaqtincha bo'ysunadigan rahbarlar to'g'ridan-to'g'ri boshliqlar deb hisoblanadi.
Xodimga eng yaqin bo'lgan to'g'ridan-to'g'ri rahbar bevosita boshliq hisoblanadi.
16. Boshliq o'zi rahbarlik qilayotgan ichki ishlar organi bo'linmasida xizmat intizomiga rioya etilishi va tarbiyaviy ishlar samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
17. Boshliq unga bo'ysunuvchi xodimlar tomonidan Ustavga amal qilinishiga talabchan bo'lishi, ularga yuksak kasbiy mahorat, qonuniylik talablari hamda qasamyodga rioya etish borasida doimiy ravishda namuna ko'rsatishi, ularni xizmat burchi hissini kuchaytirish va qo'llab-quvvatlashi, tashabbus, intilish va xizmatlarini rag'batlantirishi, shuningdek xizmat intizomi buzilgan holatlarda jazo qo'llanilishini ta'minlashi zarur.
18. Buyruq va topshiriqlar bo'ysunish tartibida beriladi. YUqori turuvchi boshliq zarur hollarda xodimga bevosita boshlig'ini xabardor qilmasdan buyruq yoki topshiriq berishga haqli. Bunday hollarda xodim o'zining bevosita boshlig'ini bundan xabardor qilishi zarur. 
19. Noqonuniyligi yaqqol ko'rinib turgan va xizmat faoliyatiga aloqasi bo'lmagan buyruq va topshiriqlar berilishiga yo'l qo'yilmaydi. Boshliq qo'l ostidagi xodimlardan ularning xizmat burchi doirasidan chiquvchi topshiriqlarni bajarishni, shuningdek g'ayriqonuniy harakatlar sodir etishni talab qilishga haqli emas.
Xodim yaqqol qonunga zid bo'lgan (xizmat faoliyatiga aloqador bo'lmagan) buyruq yoki topshiriq olganda zudlik bilan yuqori turuvchi rahbariyat yoki xizmatni o'tash joyidagi o'z xavfsizligi bo'linmasiga zudlik bilan xabar beradi.
Xodim yuqori turuvchi rahbariyat yoki o'z xavfsizligi bo'linmasiga xabar berish imkoniyati bo'lmagan taqdirda qonunchilik talablariga rioya etgan holda g'ayriqonuniy buyruq va topshiriqlarni bajarishdan bosh tortishga haqli, imkon paydo bo'lishi bilan ularni xabardor qilishi lozim. 
20. Boshliqning buyruq va topshiriqlari (yaqqol qonunga zid bo'lganlari bundan mustasno) so'zsiz, aniq va o'z vaqtida bajarilishi shart. Buyruq va topshiriqlarni muhokama etishga, shuningdek ularni tanqid qilishga yo'l qo'yilmaydi. 
Xodim buyruq yoki topshiriqning bajarilgani to'g'risida buyruq yoki topshiriq bergan boshliqqa, shuningdek, bevosita boshlig'iga axborot beradi. 
Buyruq yoki topshiriqni bajarish imkoniyati bo'lmagan taqdirda, xodim zudlik bilan bu haqda buyruq yoki topshiriq bergan boshliqni xabardor etishi shart. 
21. Boshliq xodimlarni qarindosh-urug'chilik, oshna-og'aynigarchilik, mahalliychilik yoki shaxsiy sadoqat belgilari bo'yicha tanlash va joy-joyiga qo'yish holatlariga yo'l qo'ymasligi lozim. U o'z xizmat burchini o'tash paytida mahalliychilik va tanish-bilishchilik, shuningdek, boshqa salbiy omillarning namoyon etilishiga barham berishi kerak. 
22. Boshliq quyidagilarga majbur:
manfaatlar to'qnashuvining oldini olish va hal qilish, xodimlar uchun qulay va munosib mehnat sharoitlarni yaratish o'z vaqtida choralarini ko'rish;
korruptsiya va o'z vakolatlarini suiiste'mol qilish holatlarining oldini olish, xodimlarning sha'ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlarga chek qo'yish choralarini ko'rish;
shaxsiy tarkibni samarali boshqarish, xodimlarning xizmat faoliyatini xolisona baholash;
o'ziga topshirilgan mol-mulk va moliyaviy mablag'larga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo'lish;
xodimlarning individual xususiyatlarini o'rganish, ular bilan o'zaro yaqin munosabat o'rnatish, jamoani birlashtirish, xodimlar tomonidan sodir etilgan nojo'ya xatti-harakatlarning sababini o'z vaqtida aniqlash va ularning oldini olish, xizmat intizomi buzilishiga murosasiz munosabatda bo'lish bo'yicha choralarni ko'rish;
xodimlarning, ularning oila a'zolarining talab va ehtiyojlarini o'rganish, ularni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, ijtimoiy adolat printsiplariga amal qilish choralarini ko'rish, yuqori turuvchi rahbariyatga qo'l ostidagi xodimlarning huquqlarini ta'minlash bo'yicha takliflar kiritish.
4-bob. Rag'batlantirish va intizomiy jazo choralari
23. Xodimlarga nisbatan quyidagi rag'batlantirish choralari qo'llaniladi:
a) minnatdorchilik e'lon qilish;
b) qimmatbaho sovg'a yoki pul mukofoti bilan taqdirlash;
v) Faxriy yorliq bilan taqdirlash;
g) idoraviy ko'krak nishoni bilan taqdirlash;
d) muddatidan oldin navbatdagi maxsus unvon berish;
e) egallab turgan lavozimi bilan ko'zda tutilgandan bir pog'ona yuqori maxsus unvon berish. 
SHuningdek, rag'batlantirish tariqasida Ustavning 27-bandi «a», «b» va «v» qismida, 28-bandi «a» va «b» kichik bandlari bilan nazarda tutilgan muqaddam qo'llanilgan intizomiy jazoni muddatidan oldin bekor qilish mumkin.
24. O'zbekiston Respublikasi IIV ta'lim muassasalarida mazkur Ustavning 23-bandida ko'zda tutilgan rag'batlantirish choralaridan tashqari kursantlar (tinglovchilar)ga nisbatan quyidagi rag'batlantirish choralari ham qo'llaniladi:
a) ta'lim muassasasi hududidan navbatdan tashqari chiqib kelish;
b) Hurmat taxtasiga kiritish;
v) kursant (tinglovchi)ning ota-onasi yoki turar joyiga minnatdorchilik xati yuborish;
g) O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri stipendiyasini tayinlash. 
25. Alohida xizmatlari uchun xodimlar O'zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari va davlat mukofotlariga taqdim etilishi mumkin. 
26. Oylik ish haqi, mukofotlar, qo'shimcha to'lovlar, ustama haqlari va xodimlarning pul ta'minotida nazarda tutilgan boshqa to'lovlar rag'batlantirishga kirmaydi. 
27. Xodimlarga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qo'llanilishi mumkin:
a) tanbeh;
b) hayfsan;
v) qattiq hayfsan;
g) lavozim maoshining ellik foizdan ko'p bo'lmagan miqdorda jarima;
d) maxsus unvonini bir pog'ona pasaytirish;
e) egallab turgan lavozimidan ozod etish;
j) gaupvaxtada hibsda ushlab turish;
z) ichki ishlar organlari xizmatidan bo'shatish.
28. O'zbekiston Respublikasi IIV ta'lim muassasalarida Ustavning 27-bandida ko'zda tutilgan intizomiy jazo choralaridan tashqari ta'lim muassasasining belgilangan ichki tartib-qoidalarini buzgan, o'quv dasturini qoniqarsiz o'zlashtirgan kursantlar (tinglovchilar)ga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari ham qo'llanilishi mumkin:
a) navbatdan tashqari naryadda xizmat o'tashga yoki besh sutkagacha xo'jalik ishlariga jalb etish; 
b) bir oy muddatgacha ta'lim muassasasi hududidan navbatdagi chiqish huquqidan mahrum etish;
v) kursantlar (tinglovchilar) ro'yxatidan o'chirish. 
5-bob. Rag'batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo'llash bo'yicha boshliqlarning vakolatlari
29. Boshliqlar tomonidan rag'batlantirish va intizomiy jazo choralari o'zlariga berilgan vakolatlar doirasida qo'llaniladi.
30. Tuman (shahar) ichki ishlar organlari, transportda jamoat xavfsizligini ta'minlash boshqarmalari (bo'limlari), jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari boshliqlari, mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari rahbarlari, brigada va batal`on komandirlari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan rahbarlar quyidagi huquqlarga ega: 
Ustavning 23-bandi «a», «b» va «v» kichik bandlarida nazarda tutilgan rag'batlantirish choralarini qo'llash; 
Ustavning 27-bandi «a» va «b» kichik bandlarida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qo'llash»; 
31. Qoraqalpog'iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari, O'zbekiston Respublikasi IIV bosh boshqarmalari va ta'lim muassasalari boshliqlari, shuningdek ularga tenglashtirilgan rahbarlar quyidagi huquqlarga ega:
Ustavning 23-bandning «a», «b» va «v» kichik bandlarida hamda 24-bandida («g» kichik bandidan tashqari) nazarda tutilgan rag'batlantirish choralarini qo'llash; 
Ustavning 27-bandning «a», «b», «v» va «g» kichik bandlarida hamda 28-bandida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qo'llash.
32. O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri Ustavning 23, 24, 27 va 28-bandlarida nazarda tutilgan rag'batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo'llaydi, shuningdek xodimlarni O'zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarga va davlat mukofotlariga taqdim etadi.
33. Xodimni lavozimga tayinlash vakolatiga ega boshliqlar unga nisbatan Ustavning 27-bandi «e», «j» va «z» kichik bandlarida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qo'llash huquqiga ega.
34. Qo'l ostidagi xodimlariga nisbatan o'z vakolatlariga kirmaydigan rag'batlantirish choralarini qo'llash zaruriyati tug'ilgan holda boshliq yuqori turuvchi rahbariyatga bu to'g'risida iltimosnoma kiritadi.
35. Boshliq qo'l ostidagi xodim tomonidan sodir etilgan nojo'ya xatti-harakatning o'ta jiddiyligi sababli uni lozim darajada jazolash uchun o'ziga berilgan vakolatlarni etarli emas deb hisoblasa, u yuqori turuvchi rahbariyatga xodimga nisbatan og'irroq intizomiy jazo qo'llash to'g'risida iltimosnoma kiritadi.
36. Intizomiy jazo chorasini qo'llashda o'z vakolatini oshirgan yoki Ustavda nazarda tutilmagan intizomiy jazo chorasini qo'llagan boshliq javobgarlikka tortiladi, qo'llanilgan intizomiy jazo esa yuqori turuvchi rahbariyat tomonidan bekor qilinadi. 
37. Xodim xizmat safari yoki davolanishda bo'lgan vaqtda xizmat intizomini buzgan taqdirda mazkur xatti-harakatdan xabar topgan boshliq bu holatni bartaraf etish choralarini ko'radi va bu haqda xodimning xizmat joyiga xabar beradi. 
6-bob. Rag'batlantirish choralarini qo'llash
38. Rag'batlantirish choralari alohida xodimga nisbatan ham, bir guruh xodimlarga nisbatan ham qo'llanilishi mumkin.
Xodimga nisbatan bir yutug'i uchun faqat bitta rag'batlantirish chorasi qo'llanilishi mumkin.
Rag'batlantirish chorasini belgilashda xodimning xizmat ko'rsatkichlari xususiyati, shuningdek uning ilgari xizmatga qanday munosabatda bo'lganligi e'tiborga olinadi.
39. Ustavning 27-bandi «a», «b» va «v» kichik bandlarida nazarda tutilgan intizomiy jazo qo'llanilgan xodim mazkur jazoni bekor qilish orqali rag'batlantiriladi. Intizomiy jazoni bekor qilish huquqi uni qo'llagan boshliqqa, shuningdek yuqori turuvchi vakolatli rahbariyatga beriladi. 
40. Rag'batlantirish choralari, qoida tariqasida, quyidagicha qo'llaniladi:
minnatdorchilik e'lon qilish — yuklatilgan vazifani, boshliqning buyrug'i yoki topshirig'ini muvaffaqiyatli bajargan xodim (xodimlar guruhi)ga nisbatan;
qimmatbaho sovg'a yoki pul mukofoti bilan taqdirlash — xodim (xodimlar guruhi)ga nisbatan xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgani, xizmat vazifasini namunali bajargani va benuqson xizmati uchun, shuningdek zaxiraga (iste'foga) chiqishi munosabati bilan yoki musobaqa (bellashuv)ning yakuniy natijalariga ko'ra;
Faxriy yorliq bilan taqdirlash — xodim (xodimlar guruhi)ga nisbatan xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgani, xizmat vazifasini namunali bajargani va benuqson xizmati uchun, shuningdek musobaqa (bellashuv)ning yakuniy natijalariga ko'ra va o'qishni (o'quv yilini) muvaffaqiyatli yakunlaganda;
idoraviy ko'krak nishoni bilan taqdirlash — xodimga nisbatan yuqori xizmat intizomi va ko'p yillik benuqson xizmati, ichki ishlar organlari tizimini takomillashtirishga salmoqli hissa qo'shgani, xizmat burchini bajarish chog'ida mardlik va jasorat ko'rsatgani, shuningdek yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissasi qo'shgani uchun;
muddatidan oldin navbatdagi maxsus unvon berish yoki egallab turgan lavozimi bilan ko'zda tutilgandan bir pog'ona yuqori maxsus unvon berish — xodimga nisbatan yuqori xizmat intizomi, xizmat burchini bajarish chog'ida ko'rsatgan qahramonligi, jasorati va fidoyiligi, ichki ishlar organlari amaliy faoliyatiga salmoqli ilmiy hissa qo'shgani (ilmiy darajani olganda), xizmat vazifalarini yuksak darajada bajarishda namuna bo'lgani uchun (ichki ishlar organlarida xizmat o'tash masalalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari talablariga muvofiq); 
ta'lim muassasasi hududidan navbatdan tashqari chiqib kelish — yuklatilgan vazifalarni, komandirlarning buyruq yoki topshiriqlarini vijdonan bajargan O'zbekiston Respublikasi IIV ta'lim muassasalarining kursantlari (tinglovchilari)ga nisbatan;
Hurmat taxtasiga kiritish — ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etgan, o'quv dasturlarini a'lo baholarga o'zlashtirgan O'zbekiston Respublikasi IIV ta'lim muassasalarining kursantlari (tinglovchilari)ga nisbatan;
ota-onasiga yoki turar joyiga minnatdorchilik xati yuborish — ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etgan, o'quv mavsumini a'lo baholar bilan yakunlagan O'zbekiston Respublikasi IIV ta'lim muassasalarining kursantlari (tinglovchilari)ga nisbatan;
O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri stipendiyasini tayinlash — ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etgan, o'quv intizomiga rioya qilishda namuna bo'lgan, o'quv yilini a'lo baholar bilan yakunlagan O'zbekiston Respublikasi IIV ta'lim muassasalarining kursantlariga nisbatan.
41. Qo'llanilgan rag'batlantirish chorasi buyruq bilan e'lon qilinadi. Minnatdorchilik e'lon qilish va ta'lim muassasasi hududidan navbatdan tashqari chiqib kelish buyruq orqali ham, og'zaki ham e'lon qilinishi mumkin. 
Rag'batlantirilganligi haqida xodimga shaxsan, saf oldida yoki kengaytirilgan majlis (yig'ilish)da tantanali tarzda e'lon qilinadi. 
Rag'batlantirish to'g'risidagi buyruq e'lon qilingan vaqtda, qoida tariqasida, xodimlarga faxriy yorliq, qimmatbaho sovg'a yoki pul mukofotlari, ko'krak nishonlari topshiriladi.
42. Buyruq bilan e'lon qilingan rag'batlantirish chorasi xodimning shaxsiy hujjatlar yig'ma jildiga kiritish orqali hisobga olinishi lozim.
Rag'batlantirish choralarini hisobga olish tartibi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
7-bob. Intizomiy jazo choralarini qo'llash
43. Ustavda nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qo'llash taqiqlanadi.
44. Sodir etilgan nojo'ya xatti-harakat uchun faqat bitta intizomiy jazo tayinlanadi.
Xizmat intizomi bir necha xodimlar tomonidan buzilganda, intizomiy jazo ularning har biriga nisbatan alohida qo'llaniladi.
Sodir etilganligi ma'muriy jazo tayinlashga olib kelgan xatti-harakatlar uchun intizomiy jazo qo'llashga yo'l qo'yilmaydi. 
Intizomiy jazo choralari qo'llangan xodimlar, agarda ularning xatti-harakatlarida jinoyat tarkibi alomatlari bo'lsa, ular jinoiy javobgarlikdan ozod etilmaydi.
45. Intizomiy jazo choralarining qo'llanilishi asosli bo'lishi va sodir etilgan nojo'ya xatti-harakat og'irligi hamda ayb darajasiga muvofiq kelishi zarur. Intizomiy jazo choralarini belgilash chog'ida nojo'ya xatti-harakat xususiyati, sodir etish holati, uning oqibatlari, aybdorning bungacha bo'lgan xulq-atvori, ichki ishlar organlarida xizmat o'tagan muddati, shuningdek yuklatilgan xizmat vazifalarini bajarishga bo'lgan munosabati e'tiborga olinadi. 
Xodim tomonidan sodir etilgan nojo'ya xatti-harakat unchalik ahamiyatga ega bo'lmasa, boshliq unga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo'llamasligi va boshqa bunday holatlarga yo'l qo'ymaslik borasida og'zaki ogohlantirish berish bilan kifoyalanishi mumkin. 
Jamoada yuzaga kelgan nizoli vaziyatlarni hal etish, nojo'ya xatti-harakatlar sodir etgan xodimlarga jamoatchilik ta'sirini o'tkazish maqsadida ichki ishlar organlarida saylov asosida intizomiy kengashlar tashkil etilib, O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda faoliyat ko'rsatadi. 
46. Intizomiy jazo choralari, qoida tariqasida, quyidagicha qo'llaniladi:
tanbeh — yuklatilgan vazifalarni va boshliqning topshiriqlarini bajarmagan, xizmat kiyimini kiyish va fuqarolar hamda hamkasblari bilan muomala madaniyati qoidalarini buzgan xodimlarga nisbatan;
hayfsan — normativ-huquqiy hujjatlar va Ustav talablarini, xizmat guvohnomasidan foydalanish qoidalarini buzgan, belgilangan kun tartibiga muntazam ravishda amal qilmagan va xizmat majburiyatlarini bajarmagan, jamoadagi ma'naviy-ruhiy muhitga salbiy ta'sir ko'rsatgan xodimlarga nisbatan;
qattiq hayfsan — amaldagi «hayfsan» intizomiy jazosi bo'lgan xodimlarga nisbatan, xizmat intizomini, normativ-huquqiy hujjatlar va Ustav talablarini takroran buzgani uchun;
lavozim maoshining ellik foizdan ko'p bo'lmagan miqdorda jarima — amaldagi intizomiy jazosi bor-yo'qligidan qat'i nazar, xizmat intizomini, normativ-huquqiy hujjatlar va Ustav talablarini qo'pol ravishda buzgan, xizmat burchiga mas'uliyatsiz yondashgan, ish samaradorligi past bo'lgan xodimlarga nisbatan;
maxsus unvonini bir pog'ona pasaytirish yoki egallab turgan lavozimidan ozod etish — amaldagi intizomiy jazosi bo'lgan, xizmat intizomini, normativ-huquqiy hujjatlar va Ustav talablarini qo'pol ravishda buzgan, xizmatni o'tashga loqaydlik bilan munosabatda bo'lgan, yuklatilgan xizmat majburiyatlarini bajarmagan xodimlarga nisbatan;
gauptvaxtada hibsda ushlab turish — intizomiy jazoning qat'iy chorasi sifatida ichki ishlar organlari xizmatidan bo'shatish uchun asos bo'ladigan nojo'ya xatti-harakatni sodir etgan xodimlarga nisbatan;
ichki ishlar organlari xizmatidan bo'shatish — xizmat intizomini qo'pol ravishda buzgan, ichki ishlar organi xodimi sha'niga putur etkazuvchi xatti-harakat sodir etgan, intizomiy jazo chorasi mavjud bo'lgan taqdirda, muntazam ravishda xizmat intizomini buzgan, qonun hujjatlarida belgilangan cheklov va taqiqlarga rioya etmagan xodimlarga nisbatan;
navbatdan tashqari naryadda xizmat o'tashga yoki besh sutkagacha xo'jalik ishlariga jalb etish, bir oy muddatgacha ta'lim muassasasi hududidan navbatdagi chiqish huquqidan mahrum qilish — yuklatilgan vazifalarni va komandir (boshliq)ning topshiriqlarini bajarmagan, ta'lim muassasasining o'rnatilgan ichki tartib-qoidalarini buzgan, o'quv dasturini qoniqarsiz o'zlashtirgan O'zbekiston Respublikasi IIV ta'lim muassasalari kursantlari (tinglovchilari)ga nisbatan;
kursant (tinglovchi)lar ro'yxatidan o'chirish — O'zbekiston Respublikasi IIV ta'lim muassasalari kursant (tinglovchi)lariga nisbatan odob-axloq qoidalarini, xizmat intizomini buzganligi, o'quv dasturini o'zlashtira olmaganligi uchun.
47. Amaldagi intizomiy jazo bor-yo'qligidan qat'i nazar, xizmat intizomini qo'pol ravishda buzgan xodimga nisbatan ichki ishlar organlari xizmatidan bo'shatishgacha bo'lgan har qanday intizomiy jazo qo'llanilishi mumkin.
Quyidagilar xizmat intizomini qo'pol ravishda buzish sirasiga kiradi:
xodimning sababsiz ravishda uzluksiz uch kundan ortiq muddatda xizmat joyida bo'lmasligi;
xizmat joyida alkogol` ichimlik, giyohvandlik vositasi va (yoki) boshqa moddalar ta'sirida mast holatda bo'lish;
fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini buzishga, odamlarning hayoti va (yoki) sog'lig'iga xavf tug'dirishga olib keluvchi xatti-harakatlar sodir etish (agar bu jinoiy javobgarlikka sabab bo'lmasa);
maxfiylik tartiboti talablarini buzish (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa);
xodimga ishonib topshirilgan tabel` quroli va uning o'qlarini, mol-mulk va (yoki) texnikalarni qasddan yo'q qilish, zararlantirish yoki uning (ularning) yo'qolishiga olib kelgan ehtiyotsizlik bilan saqlash (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa);
mahbusning yoki qo'lga olingan shaxsning qochib ketishiga, pul mablag'i yoki tovar boyliklarini va hujjatlarni yo'qolishiga sabab bo'lgan post va konvoy xizmatini o'tash qoidalarini buzish (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa).
Xodim xizmat joyida alkogol` ichimlik, giyohvandlik vositasi va (yoki) boshqa moddalar ta'sirida mast bo'lgani sababli intizomiy javobgarlikka tortish uchun ushbu holatni isbotlash maqsadida tibbiy tekshiruv natijalariga, agar xodim tekshiruvdan bosh tortsa, kamida ikki xodim yoki boshqa shaxslar ko'rsatmalariga asoslaniladi.
48. Odob-axloq qoidalarini, shuningdek boshliq va xodimlar o'rtasidagi munosabat qoidalarini qo'pol ravishda buzish ichki ishlar organi xodimi sha'niga putur etkazuvchi xatti-harakat sodir etish hisoblanadi.
Jamiyatdagi odob-axloq qoidalarini ochiqdan-ochiq pisand qilmaslik bilan bog'liq bo'lmagan oilaviy kelishmovchiliklar, janjallar va maishiy nizolar ichki ishlar organi xodimi sha'niga putur etkazuvchi xatti-harakat sirasiga kirmaydi. 
49. Intizomiy jazo chorasi mavjud bo'lgan taqdirda, muntazam ravishda xizmat intizomini buzish deganda buyruq asosida e'lon qilingan amaldagi intizomiy jazosi bo'lgan holda xodim tomonidan xizmat intizomini bir necha bor buzish tushuniladi. 
50. Gauptvaxtada hibsda ushlab turish tarzidagi intizomiy jazo qo'llanilganda, xodim ushbu nojo'ya xatti-harakati uchun ichki ishlar organlari xizmatidan bo'shatilmaydi (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa).
Gauptvaxtada hibsda saqlash muddati safdorlar, serjantlar va kichik ofitserlar tarkibi xodimlari uchun — 10 sutkagacha, katta ofitserlar tarkibi xodimlari uchun — 5 sutkagacha tashkil etadi. 
Gauptvaxtada hibsda ushlab turish tarzidagi intizomiy jazo ayollarga nisbatan qo'llanilmaydi.
51. Intizomiy jazo qo'llashdan avval xodimdan yozma tushuntirish olinishi lozim. Agar xodim ushbu tushuntirishni berishdan bosh tortsa, tegishli ravishda dalolatnoma rasmiylashtiriladi. 
Tushuntirishni berishdan bosh tortish holati sodir etilgan qilmish uchun intizomiy jazo tayinlashga to'sqinlik qila olmaydi va jazoning og'irroq ko'rinishi va choralarini qo'llashga olib kelmaydi. 
Intizomiy jazo choralarini qo'llash paytida boshliq xodimning sha'ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, u bilan munosabatda qo'pollikka yo'l qo'ymasligi zarur. 
52. Maxsus unvonini bir pog'ona pasaytirish yoki egallab turgan lavozimidan ozod etish tarzidagi intizomiy jazo choralari, qoida tariqasida, aybdorga boshqa intizomiy jazo turlari tegishlicha ta'sir ko'rsatmagan hollarda qo'llaniladi. 
53. Intizomiy jazoning qo'llanilishi xodimni nojo'ya xatti-harakat oqibatida etkazilgan moddiy zararni qoplash majburiyatidan ozod etmaydi. 
54. Intizomiy jazo nojo'ya xatti-harakat boshliqqa ma'lum bo'lgan kundan boshlab bir oy muddat ichida, xizmat tekshiruvi o'tkazilganda esa — tekshiruv tugagan kundan boshlab 10 sutkadan kechikmay qo'llanilishi kerak, bunda aybdorning xastalik va ta'tilda bo'lgan vaqti hisobga olinmaydi.
Intizomiy jazo nojo'ya xatti-harakat sodir etilgan kundan bir yildan ortiq muddat o'tgandan keyin qo'llanilishi mumkin emas.
55. Mast holatda bo'lgan aybdorga nisbatan intizomiy jazo qo'llash, shuningdek undan har qanday tushuntirish olish xodim hushyor holga kelguncha kechiktiriladi.
56. Qo'llanilgan intizomiy jazo chorasi buyruq bilan e'lon qilinadi. Tanbeh, hayfsan, navbatdan tashqari naryadda xizmat o'tashga yoki besh sutkagacha xo'jalik ishlariga jalb etish, bir oy muddatgacha ta'lim muassasasi hududidan navbatdagi chiqish huquqidan mahrum etish ham buyruq orqali, ham og'zaki e'lon qilinishi mumkin.
Buyruqda e'lon qilingan intizomiy jazo qo'llash haqidagi qaror intizomiy kengash xulosasi, shuningdek o'tkazilish tartibi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan xizmat, kompleks yoki inspektorlik tekshiruvlari asosida qabul qilinadi. 
Intizomiy jazo chorasi qo'llanilganligi haqida xodimga shaxsan, saf oldida yoki kengaytirilgan yig'ilish (majlis)da e'lon qilinadi.
57. Amaldagi intizomiy jazosi mavjud bo'lgan xodim ushbu jazo bekor qilingunga qadar rag'batlantirishga, navbatdagi maxsus unvon olishga va yuqori lavozimlarga tayinlanishga taqdim etilmaydi.
58. SHikoyat bilan arz qilingan hollarda tayinlangan intizomiy jazoni ijro etish to'xtatilmaydi.
Xodim intizomiy jazo e'lon qilingan kundan e'tiboran bir oy muddat ichida yuqori turuvchi boshliqqa yoki xizmatni o'tash joyidagi o'z xavfsizligi bo'linmasiga shikoyat bilan murojaat etishi mumkin.
59. Buyruq asosida tayinlangan intizomiy jazo tayinlangan vaqtdan boshlab bir yil o'tgach bekor qilinadi (agar xodim shu muddat ichida yangi intizomiy jazoga tortilmasa). Rag'batlantirish tartibida jazo bir yil o'tmasdan bekor qilinishi mumkin.
Agarda bir yil ichida xodimga nisbatan bir necha intizomiy jazo tayinlansa, ularni bekor qilish muddati oxirgi tayinlangan intizomiy jazo chorasi sanasi bo'yicha hisoblanadi.
60. Buyruqda e'lon qilingan intizomiy jazo chorasi xodimning shaxsiy hujjatlar yig'ma jildiga kiritish orqali hisobga olinishi lozim.
Intizomiy jazo choralarini hisobga olish tartibi O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
8-bob. Boshliqning harakatlari ustidan shikoyat qilish
61. Har bir xodim boshliqning unga nisbatan g'ayriqonuniy yoki nohaq harakatlari ustidan yuqori turuvchi rahbariyat yoki xizmat joyidagi o'z xavfsizligi bo'linmasiga yozma shikoyat berishga haqli. 
62. Xodimning shikoyatida bayon etilgan masalalarni hal etish vakolatiga kirmaydigan yuqori turuvchi rahbariyat ushbu murojaatni besh kun muddatda vakolatli idoraga yuboradi.
63. YUqori turuvchi rahbariyatga yoki xizmat joyidagi o'z xavfsizligi bo'linmasiga qonunchilikni buzish faktlari yoxud o'ziga nisbatan nohaq munosabatda bo'linganligi haqida murojaat etgani uchun qo'l ostidagi xodimni ta'qib etgan boshliq intizomiy tartibda javobgarlikka tortiladi (agar uning xatti-harakatlari jinoiy javobgarlikka olib kelmasa).
64. Xodimlarning shikoyati bir oygacha bo'lgan muddatda hal etiladi, qo'shimcha tekshiruv talab etmaydiganlari esa zudlik bilan, biroq kelib tushgan kundan e'tiboran 15 kundan kechiktirmagan holda ko'rib chiqiladi.
65. Qasddan yolg'on shikoyat bilan murojaat etgan xodimlar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Text to speech